$
 12078.47
10.87
 14234.48
-5.29
 155.23
1.52
weather
+26
Кечаси   +14°

Prezident 2026-yil uchun O‘zbekiston xalqiga nimalarni va’da berdi?

Shavkat Mirziyoyev

Bugun Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini taqdim etadi. Murojaatnomada president 2025-yil sarhisobi hamda 2026-yilgi rejalar haqida gapirdi. Mirziyoyev o‘z nutqi davomida 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi.

Yangi yil uchun davlat dasturi

Unga ko‘ra, yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi.

“Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.

Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.

Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak.

Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”, – dedi prezident.

Ustuvor yo‘nalishlar

Shavkat Mirziyoyev 2026-yilda alohida e'tibor qaratiladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.

1. Mahallalarga e’tibor

Birinchi yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yaxshilash va Yangi O‘zbekiston qiyofasini joriy etishdir. Mahalladagi infratuzilma, shu jumladan yo‘l, suv, elektr, transport ta'minoti va ta'lim muassasalariga qarab odamlar islohotlarga baho beradi. Mahallalarga kompleks yondashuvni joriy etish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tizim yaratish maqsad qilingan. Mahallalarni rivojlantirish uchun 8,5 trillion so‘m ajratiladi va har bir deputatning tashabbusiga 330 million so‘m yo‘naltiriladi.

2026-yildan boshlab tuman budjetlariga qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi va viloyat, tuman hokimlariga samarali ishlash uchun ruxsat etiladi. Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m ajratiladi va bu mablag‘lar aniq loyihalarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, shaharlarni barqaror rivojlantirish, “Barqaror shahar” platformasini ishga tushirish, va “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha siyosat davom ettiriladi, 2026-yilda soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi va 10 trillion so‘m ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trillion so‘m resurs ajratiladi. Mahallalarda 100 ming yangi ish o‘rni yaratiladi va 360 ming aholini ish bilan ta'minlash maqsadida 7,5 trillion so‘m ajratiladi. Shuningdek, mahallalarda xotin-qizlarni sportga jalb etish va kutubxonalarni ta'minlash uchun zarur infratuzilma yaratish rejalashtirilgan.

2. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish masalasi

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish. Prezidentimizning ta'kidlashicha, raqobat kuchaygan sharoitda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlar bozor o‘rniga ega bo‘ladi. 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga oshirish uchun iqtisodiyotning barcha sohalarini texnologik o‘sishga o‘tkazish zarur. 2026-yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Investitsiyalar yuqori texnologiyalar transferi va mahalliy ishchilarni o‘qitish uchun sarflanadi.

Strategik investorlar uchun yerlar bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi va ular uchun kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi. Erkin iqtisodiy zonalarda xalqaro brendlar faoliyat ko‘rsatadi. Bularning barchasi 180 milliard dollar xorijiy investitsiya va 1 million yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. Sanoatni texnologik transformatsiya qilish uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi.

2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta sanoat loyihasi boshlanadi. Kimyo, tog‘-kon metallurgiya, avtomobilsozlik va boshqa tarmoqlarda yangi loyihalar amalga oshiriladi. 2030-yilda oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi. 2026-yilga kelib, eksport 40 milliard dollarga yetadi. Sanoatda unumdorlikni ikki baravar oshirish dasturi boshlanadi.

Mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini oshirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 200 million dollar jalb qilinadi. Yangi texnologiyalar sanoatga joriy etiladi, va “Industriya 4.0” yechimlari ishlab chiqarishga tatbiq qilinadi. O‘zbekiston sifat infrastrukturasi bo‘yicha 52-o‘ringa ko‘tarildi.

Texnologik mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar rag‘batlantiriladi, soliqdan ozod qilish tartib-qoidalari kiritiladi. Sanoatda mehnat unumdorligi 30 ming dollarga yetkaziladi. "Raqamli startaplar" dasturi kengaytiriladi, yoshlar uchun foizsiz ssudalar taqdim etiladi. Vençur fondlar va startaplar bozorini rivojlantirish uchun qonuniy kafolatlar yaratiladi.

Toshkent, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida data-markazlar va sun'iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Kosmik sohada birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejalashtirilgan. Kapital bozorni rivojlantirish uchun yangi qonunlar qabul qilinadi, xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

2026-yilda barcha davlat xizmatlari naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkaziladi, shaffoflikni oshirish uchun tadbirkorlar bepul o‘qitiladi. Xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda, fuqarolarga daromad va aktivlarni rasmiylashtirish imkoniyati yaratish rejalashtirilgan.

3. Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish

Prezidentimiz uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirishga to‘xtaldi. Bozorlarimizdagi to‘kinlik, narx-navo barqarorligi va aholi iste’mol talabi ortishi turmush sifati yaxshilanganini ko‘rsatadi. Inflyatsiya darajasining pastligi va kam daromadli oilalarga beriladigan arzon kreditlar aholining xarid qobiliyatini ikki karra oshirdi.

2026-yilda uy-joy ipotekasiga 23 trillion so‘m ajratiladi, boshlang‘ich to‘lov va foizlarni qoplash uchun 2,7 trillion so‘m subsidiya beriladi. 140 mingta kvartirali ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Iste’mol krediti 125 trillion so‘mga yetkaziladi va qurilish hajmi 11 foizga ko‘paytiriladi.

Xizmatlar sektoriga 85 trillion so‘m kredit, 9 trillion so‘m subsidiya ajratiladi, ta’lim xizmatlari uchun 7 trillion so‘m ajratiladi. 5 yil ichida xorijiy turistlar sonini ikki baravar oshirish, turizm xizmatlari hajmini 20 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinadi. Samarqandda turistik infrastrukturani rivojlantirish, Xivada immersiv muzey yaratish va boshqa hududlarda yangi turizm zonalari tashkil etiladi.

2026-yilda aviatsiya va temir yo‘l yo‘lovchi tashish quvvatlari ikki baravar oshiriladi. Yangi samolyotlar va temir yo‘llar qurilishi, shaharlararo yuqori tezlikdagi poyezdlar yo‘llarini kengaytirish rejalashtirilgan. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri inobatga olinadi.

2026-yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yo‘llarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi. Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq, Pung‘on – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan 800 kilometr yo‘llar qurilishi boshlanadi.

Oziq-ovqat talabining oshishi bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 60 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Oziq-ovqat jamg‘armalariga ajratiladigan resurs 500 milliard so‘mga yetkaziladi. Meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta ombor quriladi. Bularning barchasi inflyatsiyani 6-6,5 foizga tushirishga xizmat qiladi.

4. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish

Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishdir. Yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi avtomatlashtiriladi, 50 foizi esa yangi malakalar talab qiladi.

Prezidentimizning so‘zlariga ko‘ra, mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan mexanizm asosida ishlashi kerak. 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy kasblarga mos ravishda jihozlanadi. Germaniya, Shveytsariya, Xitoy kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etiladi. 2026-yilda 7 ta viloyatda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Texnikumlar va ish beruvchilar o‘rtasida “dual ta’lim” tizimi joriy etiladi, samarali tashkil etilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. 2026-yildan boshlab “dual ta’lim” asosida ta’lim olayotgan 100 ming o‘quvchiga stipendiya to‘lanadi. Oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashda yuqori intellektual salohiyatga e’tibor qaratiladi, aniq fanlar va texnika yo‘nalishida yangi oliygohlar tashkil qilinadi.

Mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadrlar kirib kelmoqda. Bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida raqamli ekotizim yaratiladi, bu tizim o‘quvchilar va ish beruvchilarga mos ish topish imkonini beradi. Tibbiyot tizimida ham kasbiy ta’limni rivojlantirish uchun xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi. Germaniya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning ta’lim dasturlari joriy etiladi.

Tibbiyot tizimi raqamlashtiriladi, infarkt, insult, onkologik va boshqa kasalliklar uchun 3,5 trillion so‘m ajratiladi.

5. Ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish

Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish. Yirik korxonalarga zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi. Toshkent shahri va viloyatidagi ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxonalar filtrsiz qozonxonalardan voz kechib, markazlashgan qozonxonalarga o‘tkaziladi. 200 gektardan kam bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etiladi, issiqxonalarga subsidiya beriladi.

Avtomobillarga ekologik stikerlar joriy etiladi, katta zararli moddalar chiqaradigan avtomobillarning shaharlarga kirishi cheklanadi, eski mashinalarni yangisiga almashtirish yoki filtr o‘rnatish uchun qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Poytaxt va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish, avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Intellektual svetoforlar tizimi joriy etiladi.

Elektromobillarga 12 foizli mahalliy, 16 foizli xorijiy avtokreditlar ajratiladi. Elektromobillarga quvvatlash stansiyalari uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar va arzon narxda yer auksionlari tashkil etiladi. Taksi xizmati ko‘rsatuvchi elektromobillarga imtiyozlar beriladi.

Surxondaryoda 10 ming gektar, Sirdaryoda esa 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar yerga daraxt va butalar ekiladi. Botanika va dendrologiya bog‘lari hamda soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil etiladi.

Ekostandartlarni joriy qilish uchun ekologiya menejerlari tayyorlanadi. 2026-yilda "yashil" texnikumlar tashkil etilib, yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlanadi. Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyati kengaytiriladi, havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan laboratoriyalar tashkil etiladi.

Suvni tejash uchun 3 trillion 300 milliard so‘m ajratiladi. 1,300 kilometr magistral kanallar beton bilan qoplanadi, bu yiliga 500 million kub metr suvni tejash imkonini beradi. Ochiq drenaj va kollektorlar yopiq tizimga o‘tkaziladi. Toshkentda 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektor ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinadi. Bu shaharda salqin mikroiqlim yaratadi.

6. Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi islohotlari

Oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi islohotlari davom ettiriladi. 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi yangilanadi, barcha davlat idoralarining xizmatlari, funksiyalari va ma’lumot tizimlari yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi. Murojaatlar, ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini sun’iy intellekt nazorat qiladi, korrupsiyadan xoli ekotizim yaratiladi.

Oliy Majlis tashqi qarz miqdorini belgilaydi, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish qonun bilan belgilangan hollarda amalga oshiriladi. 2026-yildan viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari ajratiladi. Deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinadi va prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi.

Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash siyosati davom etadi, ijtimoiy buyurtmalar raqamlashtiriladi va moliyalashtirish ikki baravar oshiriladi. Xayriya tashkilotlarini tuzish soddalashtiriladi, hisobdorlik va shaffoflik mexanizmlari takomillashtiriladi. So‘z va matbuot erkinligi ustuvor bo‘lib qoladi.

Sud-huquq tizimi xalqqa yaqinlashtiriladi, “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tergov jarayonlari raqamlashtiriladi. Sun’iy intellekt texnologiyalari jinoyat arizalaridan sudgacha bo‘lgan jarayonlarga joriy etiladi. 2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish vakolati beriladi.

Jamoatchilik ishtiroki oshiriladi, og‘ir jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Sud qarorlari ijrosini ta’minlashga samarali mexanizmlar kiritiladi. Narkotik savdosi va narkojinoyatlarga qarshi kurashish uchun Milliy dastur qabul qilinadi, bu jamiyatda narkotiklarga murosasiz muhit yaratadi. Giyohvandlikni yo‘qotish va yoshlarni ma’naviy-ruhiy immunitet bilan ta’minlash uchun barcha kuchlar safarbar qilinadi.

Теги :
Jamiyat