$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Mirziyoyev bir qator arab hamda turkiy davlatlarining tashqi ishlar vazirlarini qabul qildi

p 4 15

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi vazirlar strategik muloqotida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud, Quvayt Davlati tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo, O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy va Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy, Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayaniylar boshchiligidagi delegatsiyalarni qabul qildi.

O‘zbekiston yetakchisining qabulida tomonlar bilan mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qatar TIV rahbari

Jumladan, Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bilan ham uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, sarmoya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Qatar delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Bahrayn delegatsiyasi

Bahrayn TIV rahbari Abdullatif bin Rashid al-Zayaniy bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Unda siyosiy muloqotni faollashtirish hamda siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini tez fursatda ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Saudiya Arabistoni TIV rahbari bilan Falastin masalasi

Shuningdek, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri bilan mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat va Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.

O‘mon Sultonligi delegatsiyasi

O‘mon Sultonligi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qo‘shma sarmoya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Unda bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilindi.

Abdulla al-Yahyo bilan

Bundan tashqari, Quvayt Davlati tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan yaqin fursatda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar, qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish borasida fikr almashildi.