$
 12128.02
29.9
 14419.00
65.79
 158.52
-0.12
weather
+26
Кечаси   +14°

1 200 soxta “prava”: Avariyalar soni ortishiga korrupsiya sababmi?

haydovchilik guvohnomasi prava

Bugun yo‘llarimiz tom ma’noda “jang maydoni”ga aylanib ulgurdi. Har kuni o‘nlab baxtsiz hodisalar haqidagi xabarlarga ko‘nikib qolgandekmiz. Biz ko‘pincha aybni nosoz yo‘llarga yoki texnik nosozlikka ag‘darishga usta bo‘lib qoldik. 

Biroq, so‘nggi dahshatli raqamlar fojianing ildizi ancha chuqurroq va kirligini ko‘rsatmoqda. Imtihondan o‘tishga bilimi, mashina boshqarishga layoqati yetmagan "haydovchilar"ning cho‘ntakka qarab berilgan soxta guvohnomalar bilan katta ko‘chalarga chiqishi o‘qlangan qurolni ko‘r-ko‘rona olomonga qaratish bilan barobar bo‘lib qoldi.

O‘zbekiston prokuratura organlari haydovchilik guvohnomalarini noqonuniy tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani chekladi. Davlat xizmatlari markazlari xodimlari aralashgan ushbu jinoyat ortida insonlar hayoti va ayanchli qurbonlar turibdi.

1 200 dan ortiq soxta “prava”

Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov hujjatlariga ko‘ra, haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish tarmog‘i respublikaning katta qismini qamrab olgan. Xususan, Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 1 200 dan ziyod fuqaroga hech qanday imtihonlarsiz qalbaki guvohnomalar yetkazib berilgani aniqlangan.

Raqamlar ortidagi fojia

Hujjatni pullab, cho‘ntak qappaytirganlarning mas’uliyatsizligi ayanchli oqibatlarga sabab bo‘ldi. Soxta guvohnoma bilan rulga o‘tirganlarning xatti-harakatlari tahlil qilinganda quyidagi dahshatli faktlar yuzaga chiqdi:

  • 1 305 marta yo‘l harakati qoidalari qo‘pol ravishda buzilgan;
  • 9 ta og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan;
  • Avariyalar oqibatida 6 kishi og‘ir jarohatlangan, 3 nafar fuqaro esa vafot etgan.

Maxsus guruh va tergov jarayoni

Vaziyatning o‘ta jiddiyligi va jinoyat ko‘lamining kengligi sababli Bosh prokuratura huzurida maxsus tergov-tezkor guruhi tuzildi. Hozirda nafaqat qalbaki plastik kartochkalar, balki ularni bazaga kiritishga asos bo‘lgan barcha arxiv hujjatlari sinchkovlik bilan inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.

Rasmiy ogohlantirish

Bosh prokuratura fuqarolarni haydovchilik guvohnomasini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda olishga chaqirib, soxta hujjatlardan foydalanish qonun bilan taqiqlangani va javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.

Теги :
Jamiyat