$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

2025-yil 15-fevralning eng muhim voqealari dayjesti

15-fevral dayjesti

Pokistonda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida 500 mln dollarlik shartnomalar imzolandi

11-13 fevral kunlari Lahorda o‘tkazilgan Made in Uzbekistan ko‘rgazmasida O‘zbekistonning to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalardagi mahsulotlari namoyish etildi. Tadbirda 80 mingdan ortiq tashrif buyuruvchi ishtirok etdi, O‘zbekiston va Pokiston tadbirkorlari o‘rtasida 500 dan ortiq B2B uchrashuvlar tashkil qilindi.

Natijada, umumiy qiymati 500 million dollarlik 181 ta shartnoma imzolandi, shundan 263 million dollari eksport, 236 million dollari import kelishuvlari bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish va O‘zbekiston savdo uylarini Pokistonda tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekistonda “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi yangi qonun kuchga kirdi

O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabariga ko‘ra, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi yangi qonun rasman kuchga kirdi. Ushbu hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 27-avgustda qabul qilinib, 20-sentyabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Qonunni ishlab chiqishda Avstraliya, Kanada, AQSh, Rossiya, Turkiya, Janubiy Afrika, Indoneziya, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi davlatlarning tajribasi o‘rganildi. Xususan, xorijiy investorlar va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Hujjatni ishlab chiqishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mutaxassislari, shuningdek, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Ekologiya vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, Fanlar akademiyasi va Strategik islohotlar agentligi mutaxassislari ham ishtirok etgan.

O‘zbekiston TIV rahbarining maslahatchisi UNICEF vakili bilan uchrashdi

13-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining maslahatchisi Munira Aminova BMTning Bolalar jamg‘armasi vakili Rehina Kastijio bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston va UNICEF o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos kelishi ta’kidlandi. UNICEF sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya hamda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Endi fuqarolar avtomobiliga gaz ballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani onlayn olishi mumkin

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da avtomobilga gaz uskunasini o‘rnatish uchun ruxsatnoma olish xizmati paydo bo‘ldi. Xizmatdan foydalanish uchun onlayn ariza to‘ldirish kerak. Vakolatli organ ariza beruvchiga arizaning ma’qullanganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida elektron shaklda ma’lumotnoma taqdim etadi.

Agar avtomobil yangi bo‘lsa, hisob-fakturani ilova qilish kerak. Avtotransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsat olish uchun arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im 0,3 BHM (112 500 so‘m) ni tashkil qiladi. Xizmat ko‘rsatish muddati — 10 kun.

Теги :
Jamiyat