$
 12640.21
-49.76
 13559.15
1.19
 137.02
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

800 milliard so‘mlik ro‘yxatga olish: buning nima keragi bor?

population

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2025-2026-yillarga mo‘ljallanyapti. Statistika agentligi vakilining ma’lum qilishicha, bu boradagi kompleks tadbirlar uchun 800 mlrd so‘m kerak bo‘ladi. Bu haqda 27-mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Statistika agentligining aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov ma’lum qildi.

Pandemiya tuifayli tadbir qoldirilgan

“2019-yilda aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlangandi. 2021-yilda 4 ta hududda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazdik. Bunda aholini ro‘yxatga olishning 3 ta usulini testdan o‘tkazdik. Hozir respublika bo‘yicha aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. 2020-yilda pandemiya tufayli bu tadbir qoldirildi”, — dedi u.

800 mlrd. so‘m ko‘pmi yoki kam?

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirning juda katta mehnat talab qilishi tufayli uning moliyaviy va texnik tomonlari ko‘rib chiqilib, tizim takomillashtirgan holda jarayonni 2025−2026-yillarda o‘tkazish reja qilingan. Butun tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m (taxminan 63,4 mln dollar) mablag‘ talab etiladi, dedi Qobil Berdiqulov.

Taqqoslash uchun (aholisi O‘zbekiston bilan deyarli bir xil bo‘lgan davlatlar): Kanadada aholini ro‘yxatga olish 650 mln dollarga (aholi jon boshiga 47,53 dollar) baholangan, Polshada — 98 mln dollar, Ukrainada 270 mln dollar budjet ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda 34 yildan buyon aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi ilk aholini ro‘yxatga olishning zarurati haqida 2017-yildan beri gapirilmoqda. 2019-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev uni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqladi. Dastavval ushbu tadbirni 2022-yilda amalga oshirish rejalashtirilgan edi.

Biroq 2020-yil noyabr oyidayoq, koronavirus pandemiyasi sababli, muddatlar 2023-yilga ko‘chirildi. O‘shanda Davlat statistika qo‘mitasi (hozirgi prezident huzuridagi Statistika agentligi) muddatning kechiktirilishini karantin cheklovlarining tadbirga tayyorgarlik jarayonlariga ta’siri bilan izohlagan edi.

2023-yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmadi.Rasmiylar ta'kidlashicha, aholini ro‘yxatga olish esa 2025−2026-yillarda o‘tkazilishi, natijalari esa 2026−2027-yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?

Aholini ro‘yxatga olish aholi soni, jinsi va yosh tarkibi, yashash sharoiti va migratsiyasining to‘liq tasvirini shakllantiradi. BMT aholini kamida 10 yilda bir marta ro‘yxatga olishni tavsiya qiladi va aholini ro‘yxatga olish milliy siyosatni ishlab chiqish va rejalashtirish, shuningdek, mamlakat rivojlanishini kuzatish uchun asosiy axborotlarni taqdim etishini ta’kidlaydi.

Aholining turar joy, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmonlar, ijtimoiy xizmatlar, ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojiga doir O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan axborotni aholi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar asosidagina aniqlash mumkin.

Chet mamlakatlar bu borada…

Solishtirish uchun Amerika, Buyuk Britaniya, Hindiston har 10 yilda aholini to‘liq ro‘yxatdan o‘tkazadi. Kanadada bu jarayon har 5 yilda.

AQSH 2020-yili bu uchun 15,5 milliard dollar ajratgan. Britaniya va Hindiston 2021-yilda mos ravishda 1,1 mlrd dollar va 1,2 mlrd dollar sarflagan. Kanadada taxminan 530 mln. dollar, lekin ular har 5 yilda bu pulni sarflashadi.

Xarajatlar asosan texnologiyalar, data yig‘ish, ma’lumotlarni qayta ishlash, marketing xarajatlari va uzoq hududlarga yetib borish uchun logistika, oylik va boshqalar uchun sarflangan.

Теги :
Жамият