$
 12168.98
40.96
 14588.17
169.17
 159.89
1.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Qonunda jinoyat, amalda esa “odat”: Nega Markaziy Osiyoda ko‘pxotinlik yo‘qolmayapti?

polygamy

Qonunlarda taqiqlangan bo‘lsa-da, ko‘pxotinlik Markaziy Osiyoda hanuz yashirincha davom etmoqda. Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istondagi misollar qonun bilan hayot o‘rtasida katta tafovut borligini ko‘rsatadi. Eng ko‘p zarar esa ayollar va bolalarga tegmoqda.

Xo‘sh, Markaziy Osiyoda ko‘pxotinlikka qanday qaraladi? Qonunlarda qanday jazolar belgilangan? Ko‘pxotinlikni oldini olish uchun nima qilish lozim?

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda ko‘pxotinlik atrofidagi bahslar so‘nggi yillarda yana jonlandi. Jinoyat kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, erkakka bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq ayol bilan bir uyda yashash taqiqlangan. Buning uchun jarima yoki jamoat ishlari belgilangan. Ammo amalda bu qonun deyarli ishlamaydi, chunki bunday holatlar kamdan-kam jazolanadi.

Qiziq tomoni, ayrim mashhur shaxslar ko‘pxotinlilikni yashirmay tan olgan. Masalan, 2017-yilda sobiq muftiy Chubak Jalilov ikkinchi xotin olganini ochiq aytgan. Mashhur tadbirkor Askarbek Salimbekov ham “ikkinchi nikoh” haqida gapirgan. Hatto sobiq ombudsman Tursunbay Bakir uulu bu amaliyotni oqlab, ayol farzand ko‘ra olmasa yoki og‘ir kasal bo‘lsa, buni “yechim” deb atagan.

Sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev ham rasman bir ayol bilan turmush qurgan bo‘lsa-da, boshqa ayoldan farzandli bo‘lgan. 2010-yildan keyin u aynan shu ayol bilan Belarusga ketgan.

Huquq faollari aytishicha, politsiya va sudlar bu masalaga ko‘pincha ko‘z yumadi. Birinchi xotinlar esa erini shikoyat qilishdan qo‘rqadi yoki uyat deb biladi. Ayollar huquqlari faoli Muxayo Abduraupova ko‘plab ayollar unga yashirincha dardini aytishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim erkaklar dinni bahona qilib, oxir-oqibat ikkala ayolni ham tashlab ketadi yoki birini ikkinchisidan ustun qo‘yadi. Shu sabab qonunda taqiq bo‘lsa ham, hayotda ko‘pxotinlilik hanuz uchrab turibdi.

O‘zbekistonda ko‘pxotinlik uchun qanday jazolar bor?

O‘zbekistonda ham Qirg‘iziston kabi ko‘pxotinlik qonun bilan taqiqlangan va u jinoyat hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, erkak bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq ayol bilan bir uyda yashasa unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Jazoning turi sud tomonidan holatning og‘irligiga qarab belgilanadi. Shuningdek, faqat yashash emas, ko‘pxotinlikni targ‘ib qilish ham jazolanadi. Ammo amaliyotda bu holat hanuz keng tarqalgan.

Bunga misol sifatida Farg‘ona viloyatida yashovchi 43 yoshli Baxodir Elibayevni keltirish mumkin. U 13 yildan beri ikki ayol bilan yashab keladi. Birinchi rafiqasi bilan rasmiy nikohdan o‘tgan, ikkinchi rafiqasi bilan esa faqat diniy nikoh o‘qitilgan. U bu holat hamma uchun qiyin ekanini, ikkala oilaga birdek g‘amxo‘rlik qilish oson emasligini aytadi. Uning ikki oilasida jami besh nafar farzandi bor.

Ayollar bu vaziyatni turlicha qabul qilgan. Birinchi rafiqasi boshida og‘ir bo‘lganini tan oladi, ammo oilani saqlab qolgan. Ikkinchi rafiqasi esa parvarishdan norozi emas, lekin nikohi qonuniy bo‘lishini xohlaydi. U ikkinchi xotinlar ham rasmiy nikohdan o‘ta olsa yaxshi bo‘lar edi deydi.

Urf-odatlar qonunlardan kuchliroq

O‘zbekiston hukumati ko‘pxotinlikka qarshi bir necha bor choralar ko‘rgan. 2017-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev davlat ro‘yxatidan o‘tmagan nikohlarni o‘qigan imomlar jarimaga tortilishini aytgandi. 2023-yilda esa ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilish va rasmiy nikohsiz diniy nikoh o‘qish uchun jazolarni kuchaytiruvchi qonun imzolandi.

Shunga qaramay, huquq faollari bu amaliyot jamiyatda tobora “odatiy” holga aylanayotganini aytadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ayollar o‘zlari ikkinchi xotin bo‘lishga rozi bo‘ladi. Bunga ko‘pincha moddiy barqarorlik sabab bo‘ladi. Ammo rasmiy nikoh bo‘lmagani uchun bunday oilalarda tug‘ilgan bolalar qonuniy himoyadan mahrum qoladi. Agar erkak oilani tashlab ketsa, bunday ayollar aliment yoki meros talab qila olmaydi. Natijada ko‘pxotinlilik nafaqat axloqiy, balki jiddiy huquqiy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.

Tojikiston

Tojikistonda ko‘pxotinlik qonun bilan qat’iyan taqiqlangan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bir erkak ikki yoki undan ortiq ayol bilan birga yashasa, jarima, majburiy mehnat yoki hatto 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Ammo amalda ko‘plab ayollar faqat diniy nikoh bilan yashab, huquqiy himoyasiz qolmoqda. Ular mulk, aliment yoki davlat yordamiga da’vo qila olmaydi.

27 yoshli Mehrangezning hikoyasi bunga yaqqol misol. U birinchi eri bilan ajrashgach oilali bir erkakka ishonib, nikoh o‘qitgan va undan farzand ko‘rgan. Dastlab hammasi yaxshi bo‘lgan, ammo vaqt o‘tib erkak zo‘ravonlik qila boshlagan. Mehrangezning aytishicha, u doim haqorat qiladi, bo‘ysunmasa uyidan haydash yoki bolasini olib qo‘yish bilan qo‘rqitadi.

 

Tojikistonning BMT Ayollarga nisbatan kamsitishni tugatish qo‘mitasiga taqdim etgan hisobotida 2019–2022 yillarda sudlarda 375 ga yaqin ko‘pxotinlilik ishi ko‘rilgani aytilgan. Mutaxassislar bu faqat ko‘rinib turgan qismi ekanini ta’kidlaydi. Chunki ko‘p holatlar uyat va jazodan qo‘rqqani sabab fosh bo‘lmaydi.

Migratsiya muammoni yanada kuchaytirmoqda

Mehnat migratsiyasi bu holatni yanada og‘irlashtiryapti. Ko‘plab erkaklar vatanda oila qurib, keyin chet elga ketadi va u yerda yana boshqa ayol bilan yashay boshlaydi. Natijada birinchi oila yordam va e’tiborsiz qoladi. Gender faollarining aytishicha, bunday holatlar ayollar va bolalar hayotini yanada og‘irlashtiryapti.

Mutaxassislar jamiyatda patriarxat qarashlar kuchayib borayotganini ta’kidlaydi. Shu sabab ayrim ayollar hatto norasmiy nikohga ham rozi bo‘lishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa himoyasiz bolalar, buzilgan oilalar va ba’zan fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qozog‘iston

Qozog‘istonda ko‘pxotinlik masalasi ancha noaniq holatda. Mamlakatda 1991-yildayoq ko‘pxotinlilik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilingan, ammo FHDYO idoralari bir erkak allaqachon uylangan bo‘lsa, ikkinchi nikohni rasman ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. Ya’ni, qonuniy jihatdan monogamiya tan olinadi, amalda esa norasmiy nikohlarga davlat aralashmaydi.

Mutaxassislar buni “kulrang holat” deb ataydi. Ekspertning aytishicha, rasmiy taqiq bo‘lmasa ham, bunday oilalarda yashayotgan ayollar va bolalar qonun oldida himoyasiz qoladi. Taraz shahridan 30 yoshli Arujan bunga yorqin misol. U bolaligida otasi yillar davomida ikki oilani bilan yashaganini bilib qolgan. Ota ikkala uyga ham qaragan, ammo bu holat onasi uchun juda og‘ir kechgan. Arujan shuning uchun ko‘pxotinlilikka qarshi bo‘lib ulg‘aygan, biroq ukalari bu holatni oqlab, “otamiz qilgan, demak mumkin”, deya qaraydi.

Mutaxassislar islohotga chaqirmoqda

Mutaxassislar Markaziy Osiyoda ko‘pxotinlilik qonuniy taqiqlarga yoki noaniq nazoratga qaramay saqlanib qolayotganini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, muammoni faqat jazoni kuchaytirish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Asosiy e’tibor ayollar va bolalarni himoya qiladigan tizimli islohotlarga qaratilishi kerak.

Shu sabab ular otalikni aniqlashni osonlashtirish, norasmiy nikohda tug‘ilgan bolalarning huquqlarini tan olish va aliment hamda ijtimoiy yordam masalalarini kafolatlashni taklif qilmoqda. Jinoiy javobgarlik esa majburlash, zo‘ravonlik va tashlab ketish kabi haqiqiy zararli holatlarga qaratilishi lozim.

Теги :
Jamiyat