$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

So‘rovnoma: O‘zbekistonda eshitish qobiliyati buzilgan insonlarning 34,3 foizi doimiy qiyinchiliklarga duch keladi

kar odamlar deaf people

“Yuksalish” harakati O‘zbekistondagi eshitish qobiliyati buzilgan insonlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. https://yumh.uz/uz/news_detail/721 Unda O‘zbekistonda yashayotgan 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslardan 102 kishi ishtirok etdi. Jumladan, respondentlarning yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 53,9% ishlayotgan fuqarolar bo‘lib, shu qatorda savollarga javob bergan talabalar (19,8%), pensionerlar (11,8%) va ishsizlar (14,7%)ni tashkil etdi. Quyida so‘rovnoma natijalari va holatni yaxshilash bo‘yicha takliflar bilan tanishing.

2050-yilga kelib taxminan 2,5 mlrd. odam eshitish qobiliyatini u yoki bu darajada yo‘qotadi

Qulog‘i og‘irlik yengil, mo‘tadil, og‘ir va chuqur ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Eshitish qobiliyati shikastlanish, kasallik yoki tug‘ma kasalliklar natijasida yo‘qotiladi.

23-sentyabrdan 29-sentyabrgacha Xalqaro qulog‘i ogʼirlar haftaligida turli mamlakatlarda eshitish qobiliyati buzilgan insonlar har kuni duch keladigan muammolar haqida xalqaro hamjamiyat xabardorligini oshirishga qaratilgan mavzuga oid tadbirlar o‘tkazildi. JSST ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib taxminan 2,5 milliard odam u yoki bu darajada eshitish qobiliyatini yo‘qotishdan aziyat chekadi, 700 million inson esa eshitish qobiliyati buzilganligi tufayli reabilitatsiyaga muhtoj bo‘ladi.

O‘zbekistonda eshitish qobiliyati past insonlar qanchani tashkil etadi?

O‘zbekiston karlar jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda deyarli 60 mingta eshitish qobiliyati past insonlar mavjud. O‘zbekistonda qulog‘i og‘irligi sababli nogironligi bor insonlarga katta ahamiyat beriladi. Eshitish va nutq qobiliyatida buzilishlar bo‘lgan insonlarning savodini oshirish, ularga ko‘rsatilayotgan ta’lim sifatini takomillashtirish uchun 2022-yil 20-oktyabrda davlat rahbarining “O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan. 2023-yil 1-yanvardan boshlab o‘rta ta’lim muassasalari va “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etib kelinmoqda.

Qulog‘i og‘irligi sabab nogironligi bor insonlarga qanday imtiyozlar mavjud?

Ko‘rish, eshitish va nutq qobiliyati buzilgan insonlar, shuningdek, shu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari uchun mashg‘ulotlar bepul asosda o‘tkaziladi. Shuningdek, hujjatda eshitish va nutq qobiliyati buzilgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirishda majburiy tartibda surdotarjimon xizmatlari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida eshitish va nutq qobiliyatida muammolar bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy kuzatish bo‘yicha dispetcherlik xizmati tun-u kun faoliyat yuritadi. U kar va eshitishi past darajada bo‘lgan shaxslarning murojaatlarini video-chaqiruv va matnli ko‘rinishda qabul qiladi.

34,3 foiz respondentlar ushbu nuqson tufayli doimiy qiyinchilikka duch keladi

Yaratilgan qulay sharoitlar va imkoniyatlar bilan bir qatorda eshitish qobiliyati buzilgan shaxslar duch kelayotgan muammolar ham hamon mavjud. So‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning umumiy sonidan imo-ishora tilidan foydalanishdagi qiyinchiliklarga har doim duch kelganlar 34,3%ni, ko‘pincha – 21,6%ni, ba’zan 31,4%, kamdan-kam 6,9%ni va hech qachon duch kelmaganlar 5,9% ni tashkil etdi.

Respondentlarning 55,9% muloqot uchun texnologiyalardan foydalanishini aytgan. Respondentlarning 26,5% o‘quv materiallari ochiqligini, 39,2% esa ularni olish qiyinligi, 34,3% umuman bu materiallarni ololmasligini ta’kidlagan.

Eshitish qobiliyati buzilgan fuqarolar qanday muammolarga duch kelishadi?

Ixtisoslashgan maktablardagi o‘quvchilarning 52,9% sharoitlar o‘rtacha, 24,5% – yaxshi, 11,8% – a’lo, 10,8% esa yomon, deya baholagan.

Ishga joylashish jamiyatga integratsiyalashuvning yana bir muhim bosqichi hisoblanadi. Ishga joylashish shart-sharoitlari bo‘yicha 7,8% respondent a’lo, 18,6% – yaxshi, yarmidan ko‘pi – 51,5% esa ularda hamma imkoniyatlar ham berilmaganligini ta’kidlagan va 22,5% respondent ishga joylashishning imkoni yo‘qligini aytgan. 59,8% respondent tibbiy xizmatlar har doim ham ochiq emas, deb hisoblaydiki, bu sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni o‘rganishga alohida yondashishni talab etadi. Ijtimoiy faollik uchun imkoniyatlarni 49% respondent yaxshi, 39,2% – cheklangan deb baholagan va 11,8% imkoniyat yo‘qligini aytgan.

Respondentlarning javoblari asosida ishlab chiqilgan takliflar

So‘rovnoma eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar turmushning turli sohalarida hamon qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatadi. Asosiy muammolar aloqa, ta’lim, texnologiyalar, tibbiy xizmatlar ochiqligi va ishga joylashish imkoniyatlari bilan bog‘liq.

Texnologiyalar ochiqligining ta’minlanishi eshitish qobiliyati buzilgan shaxslarning turmushiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, ularning muloqot qilishini osonlashtiradi, ma’lumotlarga yo‘l ochilishini yaxshilaydi va ta’lim olish hamda ishlash uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi.

Tibbiy xizmatlar sohasida ham, ixtisoslashgan maktablarda ham eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmatlar taqdim etishning ochiqligini chuqur o‘rganish zarur.

Moslashtirilgan darsliklar, nogironligi bor shaxslarni ishga oluvchilarga imtiyozlar

Eshitish bo‘yicha muammosi bo‘lgan insonlarga moslashtirilgan darsliklar yaratish va imo-ishora tilida o‘qitish sifatini yaxshilashni davom ettirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish yoki ularni ishga oladigan ish beruvchilar uchun imtiyozlarni kengaytirish zarur. Eshitish qobiliyati buzilgan insonlar duch keladigan muammolar, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida jamiyatni xabardor qilish alohida ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda ko‘riladigan chora-tadbirlar nafaqat eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmushini yaxshilashga, balki ularning jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘mak beradi.