$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘qituvchilarning oyligi oshishi kutilmoqda

pedagog

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-iyun kuni maktab ta’lim sifati va pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Toifa yuqori bo‘lsa, daromad naqd!

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, taqdimotda 2025-yil sentyabrdan dan oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.

Taqdimotda, attestatsiyadan o‘tolmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqib, malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu borada malaka oshirish markazlari hamda pedagogika kollejlari imkoniyatlaridan to‘la foydalanish zarur.

Shu maqsadda, Prezident maktabi tajribasi asosida, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida bog‘cha va maktablarning rahbar hamda pedagoglarini har 5 yilda malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

"Barkamol avlod" maktabi

Shuningdek, hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini Malaka oshirish markazlari tasarrufiga o‘tkazib, xorijdan trenerlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bog‘cha va maktablar, texnikumlar, "Barkamol avlod" maktabi tashkil qilinishi ta’kidlandi.

Sifatli baholash tizimi – samarali ta’lim garovi

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida 500 ta maktabda Prezident maktabi baholash tizimi joriy etilgan edi. Buning natijasida ulardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan. Yuqori natijaga erishgan maktablar rahbariyati va o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama belgilangan.

Shuning uchun ushbu baholash tizimi yangi o‘quv yilidan yana 1 mingta maktabda qo‘llana boshlaydi. Ularga 182 ta ixtisoslashgan hamda 500 ta tajribadan o‘tgan maktab biriktiriladi. 270 ta maktab interaktiv doska, 365 tasi kompyuter sinflari bilan jihozlanadi.

Yangi institut tashkil qilish taklifi

Taqdimotda Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham berib o‘tildi. 

Yangilangan institutga "mahalla - ota-ona - maktab" hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish, jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq qilish kabi bir qator vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, 5 ta ixtisoslik bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyati hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

Теги :
Жамият