$
 12051.71
88.93
 14008.91
121.32
 154.69
0.75
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon bozoridagi poyga: Nima sababdan oltin narxi rekordlarni yangilamoqda?

oltin

So‘nggi paytlarda oltin narxi tez sur’atda oshib, dunyo bozorida va O‘zbekistonda ham rekordlarni yangilab bormoqda. Bu holat nafaqat yirik investorlarni, balki oddiy fuqarolarni ham qiziqtiryapti. Xo‘sh, narxlar ko‘tarilishiga nima sabab bo‘lmoqda? O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Narxlar tarixiy cho‘qqiga chiqdi

Jahon bozorlarida oltin narxi yana rekord darajaga yetdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil  20-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 11:05 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $4 715 mingni tashkil etib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu holat global iqtisodiy noaniqlik kuchaygan bir paytda investorlar ishonchli va xavfsiz aktiv izlayotganini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda oltin juda tez qimmatlashdi. 2025-yil davomida u 50 martadan ortiq yangi rekord o‘rnatdi va yil yakunida 60 foizdan ko‘proq daromad keltirdi. Oxirgi ikki yil ichida esa oltin narxi deyarli ikki baravar oshdi. Shu sabab u inflyatsiya va geopolitik xatarlar fonida eng ishonchli jamg‘arma vositalaridan biri sifatida yana oldinga chiqdi.

Investorlar nega oltinga “yopishyapti?”

Oltin narxining oshishiga bir nechta omil sabab bo‘lmoqda. Eng asosiysi bu — pul-kredit siyosatiga oid kutilmalardir. Ko‘plab investorlar AQSH Federal rezervi 2026-yilda foiz stavkalarini pasaytiradi deb hisoblamoqda. Shuningdek, AQSH dollari vaqti-vaqti bilan zaiflashmoqda. Bu oltinni boshqa valyutalarga nisbatan arzonroq qilib, global talabni oshiryapti. Bozorlar notinchlashgan davrda esa oltin an’anaviy ravishda “xavfsiz panoh” sifatida tanlanadi.

Markaziy banklar ham katta rol o‘ynayapti

Oltin narxining ko‘tarilishida markaziy banklar xaridlari muhim omil bo‘ldi. Jahon Oltin Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda markaziy banklar 1 044,6 tonna oltin sotib oldi. Bu ketma-ket uchinchi yil 1 000 tonnadan oshgan xarid hisoblanadi. 2025-yilning uchinchi choragida investorlar va markaziy banklarning umumiy sof talabi 980 tonnaga yetdi, bu qariyb 109 mlrd dollar demak.

Yirik xaridorlar qatorida Polsha, Xitoy, Hindiston va Turkiya mavjud. Ular oltin zaxiralarini ko‘paytirib, xorijiy valyutalarga qaramlikni kamaytirmoqda. Markaziy banklar uzoq muddatga xarid qilgani uchun bozordagi taklif qisqaradi va bu narxlarning yuqori darajada ushlab turilishiga yordam beradi.

gold reserves by country q3 2025

Taklif cheklangani narxlarni qimmat qilib turibdi

Oltin bozorida talab tez o‘sayotgan bir paytda, taklif unga yetib bormayapti. 2024-yilda konlardan qazib olish 3 661 tonnaga yetib, atigi 0,6% ga oshdi. O‘sish Meksika, Kanada va Ganada kuzatildi, biroq ishlab chiqarish xarajatlari qimmatlashgani bu o‘sishni qisman “yeb qo‘ydi”. Oltin ishlab chiqarishning umumiy tannarxi 2024-yilda bir unsiya uchun taxminan 1 399 dollar bo‘lib, bir yil ichida 8% ga oshdi.

Qayta ishlash va ikkilamchi manbalar bozorni biroz qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ularning imkoniyati cheklangan. Shu sabab taklif kamligi va kuchli talab narxlarni yuqori bosimda ushlab turibdi.

Global ta’sirlar: markaziy banklardan tortib qidiruv ishlarigacha

Oltin narxining o‘sishi real iqtisodiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, Filippin markaziy banki 2025-yilda oltin zaxiralari qiymati 70% ga oshib, 18,6 mlrd dollarga yetganini ma’lum qildi. Hozir oltin ularning valyuta zaxiralarining 17% ini tashkil etadi.

Boshqa mamlakatlarda ham markaziy banklar foydasi oshdi. Shveysariya Milliy banki 2025-yilda tarixidagi eng yuqori foydalardan birini qayd etdi. Bunda oltin narxining ko‘tarilishi muhim rol o‘ynadi. Qimmat narxlar qidiruv ishlarini ham jonlantirdi. Masalan, Avstraliyada 2025-yilning ikkinchi choragida oltin qidiruviga sarf 34% ga oshdi.

O‘zbekistonda ham oltin rekord darajada qimmatlashdi

Jahon bozorlaridagi o‘sish O‘zbekiston bozorida ham yaqqol sezildi. Markaziy bank 20-yanvar kuni oltin quymalarining yangi narxlarini e’lon qildi va ular tarixiy rekordni qayd etdi.

Bugungi kunda oltin quymalari quyidagi narxlarda sotilmoqda:

 • 5 gramm — 9 mln 244 ming so‘m

 • 10 gramm — 18 mln 488 ming so‘m

 • 20 gramm — 36 mln 975 ming so‘m

 • 50 gramm — 92 mln 439 ming so‘m

 • 100 gramm — 184 mln 877 ming so‘m

Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda ham oltin eng ommabop jamg‘arma vositalaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Ko‘plab fuqarolar inflyatsiya va iqtisodiy noaniqlik sharoitida mablag‘larini bank omonatlaridan ko‘ra oltin quymalarida saqlashni afzal ko‘rmoqda.

Investorlar va bozorlar uchun nimani anglatadi?

Hozirgi o‘sish iqtisodiy xatarlar, pul-kredit siyosati kutilmalari va rasmiy sektor talabining birlashgan ta’sirini ko‘rsatadi. Oltin daromad bermasa-da, barqarorlik va diversifikatsiya izlayotganlar uchun hanuz jozibali.

Markaziy banklar xaridlari, kuchli investor talabi va cheklangan taklif narxlarni yuqoriga tortmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat davom etsa, oltin 2026-yilgacha bir unsiya uchun o‘rtacha 4 753 dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Agar global iqtisodiy bosim kuchaysa, 2027-yilda narxlar yanada oshishi ehtimoli bor.

Oltinning o‘sishi qisqa muddatli sakrash emas. Bu investorlar, banklar va hukumatlarning xatar va noaniqlikka munosabati o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, soha atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va iqlim maqsadlariga moslashish bosimi ostida ham qolmoqda.

Oltin “yashillashmoqda”

Oltin qazib olish jarayoni ko‘p energiya talab qiladi va asosan yoqilg‘i hamda elektr sabab issiqxona gazlari chiqadi. 2023-yilda dunyo bo‘yicha oltin konlari 46,6 mln tonna CO₂ ekvivalenti chiqardi. Bu konchilikning qanchalik energiya talabchan ekanini ko‘rsatadi.

Shu bois yirik oltin kompaniyalari chiqindilarni kamaytirish uchun aniq iqlim maqsadlarini qo‘ymoqda. Masalan, Barrick Gold 2030-yilgacha chiqindilarni kamida 30% ga qisqartirishni, 2050-yilga borib esa nol-chiqarindiga o‘tishni rejalashtirgan. Buning uchun kompaniya quyosh elektr stansiyalariga sarmoya kiritmoqda, jumladan Nevada konlari uchun 200 MVtlik quyosh fermasi qurilmoqda.

Yana bir yirik ishlab chiqaruvchi Newmont ham 2030-yilgacha chiqindilarni 30% ga kamaytirib, 2050-yilda nol uglerod darajasiga chiqishni maqsad qilgan. Gold Fields esa qayta tiklanuvchi energiya, energiya tejamkorligi va kam uglerodli texnika hisobiga chiqindilarni bosqichma-bosqich kamaytirmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya konlarda kengaymoqda

Ba’zi konlarda allaqachon quyosh va shamol energiyasi, akkumulyatorli yuk mashinalari va mikrotarmoqlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu dizel sarfini kamaytirib, uglerod chiqindisini pasaytiradi.

Jahon Oltin Kengashi 2050-yilgacha nol-chiqindi dasturi orqali konlarni qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishga undamoqda. Ma’lumpot uchun, 2024-yilda oltin qazib olishda ishlatilgan elektrning 35% i qayta tiklanuvchi manbalardan bo‘ldi. 2019-yilda bu atigi 15% edi.

Теги :
Jamiyat