$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Tyan-Shan siri: O‘rta Osiyo tog‘larini yaratgan “sharpa okean” fosh bo‘ldi

rasm

Qizilqum saratoni, qadimiy qoyalar va qotib qolgan tarix... Mintaqamiz relyefi haqidagi 100 yillik ilmiy qarashlar bitta tadqiqot bilan yo‘qqa chiqdi. Ma'lum bo'lishicha, bizning tog'larimizni materiklar emas, minglab kilometr uzoqlikdagi g'oyib bo'lgan okean bunyod etgan.

Odatda geografiya darsliklarida “Oʻrta Osiyodagi baland togʻlar, xususan Tyan-Shan va Pomir Hindiston plitasining Yevrosiyo materigiga kelib urilishi oqibatida shakllangan” deb oʻrgatiladi. Bu butun dunyo geologlari ishongan, shubha qilinmaydigan aksioma edi.

Biroq, nufuzli Communications Earth & Environment jurnalida e'lon qilingan yangi tadqiqot barchasini ost-ust qilib yubordi. Avstraliyaning Adelaida universiteti olimlari kutilmagan, hatto mantiqqa zid bo'lib tuyulgan xulosani e'lon qilishdi: bizning mintaqadagi tog'lar Hindiston to'qnashishidan ancha oldin, qadimiy Bo'r davrida ham mavjud bo'lgan. Eng qizig'i, ularni materiklar emas, uzoq-uzoqlarda shovullab yotgan qadimiy Tetis okeani yaratgan!

Okean qanday qilib quruqlik o'rtasida tog' yarata oldi?

Tetis — hozirgi O‘rta Yer, Qora va Kaspiy dengizlarining "ajdodi" hisoblangan, o'z vaqtida sayyorani ikkiga ajratib turgan ulkan va qudratli okean edi. Lekin u mintaqamizdan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan bo'lsa, qanday qilib quruqlik ichkarisida relyefni o'zgartirishi mumkin?

Tadqiqotchilar buni geologik "uzoq masofali zarba" bilan izohlashmoqda. Tasavvur qiling, gilamning bir chetidan qattiq itarsangiz, uning o'rtasida burmalar paydo bo'ladi. Tetis okeani tubidagi ulkan plitalarning yer qa'riga cho'kishi (subduksiya) natijasida shunchalik mudhish tektonik kuchlanish hosil bo'lganki, u quruqlik ostidan ko'rinmas to'lqin bo'lib O'rta Osiyogacha yetib kelgan. Natijada O'zbekiston, Qozog'iston va G'arbiy Xitoy hududlaridagi tinch yotgan yer qobig'i siqilib, osmonga qarab bo'y cho'zgan va ulkan tog'larga aylangan.

Dinozavrlar ko'rgan manzara

Olimlar bu kashfiyotni shunchaki taxmin qilishmayapti. Ular yer ostidagi tog‘ jinslarining "xotirasi"ni o‘qiydigan termoxronologiya usulidan foydalanishdi. Bu usul millionlab yillar avval toshlarning qanday haroratda va qachon yuzaga qarab ko'tarilganini aniq ko'rsatib beradi.

"Haqiqatan ham hozirgi relyef qisman Hindiston to‘qnashuvi mahsuli," — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Stijn Glorie. "Lekin bizning tahlillarimiz isbotladiki, hatto Hindiston materikka kelib urilishidan millionlab yillar oldin ham, bu yerda yashagan dinozavrlar xuddi hozirgiga o‘xshash baland tog‘li manzaralarni tomosha qilishgan".

Tabiatning ko'rinmas iplari

Avstraliyalik olimlarning bu ilmiy yangiligi shunchaki qadimiy tarix yoki quruq geologik fakt emas. Bu – tabiatdagi barcha narsa qanday qilib bir-biri bilan ko'rinmas va mustahkam iplar orqali bog'langanining chiroyli isbotidir.

Bugun Tyan-Shan yoki Zarafshon tog'lari yonbag'rida sayr qilar ekansiz, oyog'ingiz ostidagi qoyalar aslida begona hamda allachaqon g'oyib bo'lgan okeanning nafasidan yaralganini his qilish — ilm-fanning asl go'zalligidir.

Теги :
Jamiyat