$
 11853.55
6.39
 13869.84
26.43
 141.86
0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston ko‘chib o‘tish uchun Markaziy Osiyodagi ikkinchi qulay mamlakat

Oila Foto: Kun.uz

Rumavi konsalting kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan Global Relocation Index 2026 reytingi dunyo mamlakatlaridagi migrantlar sonini emas, balki aynan ko‘chib o‘tish hamda munosib yashash uchun yaratilgan sharoitlarni baholaydi. Ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 192 ta davlat va hudud orasida 59,9 ball jamg‘argan holda 110-pog‘onani band etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimizga Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallash imkonini berdi.

Baholash mezonlari

Kompaniya mutaxassislari davlatlarni o‘zaro solishtirishda jami 24 ta alohida mezonni asos qilib olgan. Bular doirasida moliya va soliq tizimi, xavfsizlik hamda barqarorlik darajasi, hayot sifati va salomatlik ko‘rsatkichlari, shuningdek, yangi muhitga moslashish va rivojlanish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqilgan. Hisob-kitoblarni shakllantirishda yashash xarajatlari, soliq stavkalari, tibbiy xizmatlar sifati, xavfsizlik holati, iqlim sharoiti, raqamli infratuzilma rivojlanishi, ta’lim tizimi, viza talablari hamda doimiy yashash maqomini (RVP/JShSh) olish imkoniyatlari kabi muhim omillar inobatga olingan.

Mintaqaviy va jahon miqyosidagi yetakchilar

Jahonda ko‘chib o‘tish uchun eng maqbul sharoitlarga ega mamlakat sifatida Estoniya e’tirof etildi. Ushbu davlat 72,8 ball bilan Global Relocation Index ro‘yxatining eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Yetakchilar uchligini Singapur va Malayziya to‘ldirdi. Kuchli o‘ntallik ro‘yxatiga esa Portugaliya, Tayvan, Litva, Gonkong, Sent-Kits va Nevis, Chexiya hamda Malta kabi davlatlar kirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Qozog‘istonga tegishli bo‘lib, ushbu mamlakat 62,9 ball toplagan holda umumiy ro‘yxatning 77-o‘rnidan joy olgan. Mintaqamizda O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarni 59,3 ball bilan 118-pog‘onada qayd etilgan Qirg‘iziston hamda 52,3 ball bilan 155-o‘rinni egallagan Turkmaniston band etgan.

Теги :
Jamiyat