$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Aslida nima bo‘lgandi?: Nukus voqealarida 21 nafar odam vafot etgan

Nukus voqealari

O‘zA Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti Oliy Majlisga taqdim etilganini ma’lum qildi. Keling, maxsus komissiyaning eng so‘nggi xulosasi bayooni bilan tanishishdan avval voqealarning qisqacha xronologiyasi bilan tanishib chiqamiz.

Dastlabki noroziliklar

2022-yilning 26-iyunida O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaning yangi tahriri jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Ushbu o‘zgarishlardan ikkitasi — respublika suvereniteti hamda O‘zbekiston tarkibidan chiqish huquqi bekor qilinishi qoraqalpoqlar orasida noroziliklarga sabab bo‘ladi. Keyinchalik Telegram-kanallarda ommaviy namoyishlar videolari tarqaldi. Tasvirlarda ko‘chalarga katta sondagi odam chiqqani, ayrimlar Qoraqalpog‘iston bayrog‘ini ko‘tarib olgani aks etdi. 5 iyul kuni tinch mitingga chiqishga chaqirgan mahalliy yurist va faol Dauletmurat Tajimuratov hibs etilganidan so‘ng norozilik ommaviy tus oladi. Ba’zi manbalarda nukusliklar shaharda mobil internet cheklab qo‘yilganini ham ta’kidlashgan. 

O‘zbekiston rasmiylarining munosabati

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 1-iyul kuni Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Bu O‘zbekiston hukumatining Qoraqalpog‘istondagi vaziyat bo‘yicha birinchi rasmiy bayonoti bo‘ladi. IIV ma’lumotiga ko‘ra, “jamoat tartibi buzilishining oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan”. 

Picture background

Konstitutsiyadagi o‘zgarish

Dastlab, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 170 ga yaqin o‘zgartish kiritish rejalashtirilgan. Noroziliklarga sabab bo‘lgan moddalar esa quyidagilar edi:

O‘zbekiston Konstitutsiyasining o‘sha vaqt amalda bo‘lgan tahririda 70-modda quyidagicha bayon qilingan:

“Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi.”

26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi loyihada mazkur modda quyidagicha o‘zgartirilgan edi:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi”.

Ajralib chiqish huquqi

Bundan tashqari, o‘sha vaqt amalda bo‘lgan Konstitutsiyaning 74-moddasida:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega” deyilgan.

Yangi loyihada esa ushbu modda quyidagicha mazmunda taklif qilinadi:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir.”

Prezident aralashuvi

Keyinchalik norozilik namoyishlari ortidan prezident Mirziyoyev Konstitutsiyaning 70,71,72, 74 va 75-moddalari o‘zgarishsiz qolishini e’lon qiladi. Shuningdek, konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar tashabbuskorlaridan bo‘lgan “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov "Qoraqalpog‘istondagi vaziyat tashqaridan turib manipulyatsiya qilinayotgan bo‘lishi mumkin"ligini iddao qiladi. Prezident Nukusdagi chiqishida "yangilanayotgan Konstitutsiyani takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etishi"ni aytadi.

413 nafar odam jarohatlangan

Endi asosiy mavzuga qaytamiz. Bugun, 26-dekabr kuni O‘zA Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti Oliy Majlisga taqdim etilganini ma’lum qildi. Unda ma’lum qilinishicha, Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan, 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan (shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari). Shuningdek, Voqealarning ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan, 6 135 nafariga ma’muriy jarima, 2 639 nafariga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyat sodir etgani aniqlangani qayd etiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tartibsizlikni bostirishda nimalardan foydalangandi?

Bundan tashqari, tartibsizliklar natijasida fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining og‘ir tan jarohati olishi va halok bo‘lishi, shuningdek, fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda (6,8 mlrd. so‘m) moddiy zarar yetgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish, ma’muriy bino va strategik obyektlarni egallashga urinishlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan vositalar (suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalar)dan foydalanilgan.

Теги :
Jamiyat