$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Qonun kuchga kirdi: Rossiyada soxta nikoh qurgan migrantlarga chora ko‘riladi

nikoh

Rossiyada soxta nikoh qurgan migrantlarga chora ko‘riladi. Rossiya Davlat dumasi deputatlari muhojirlarning soxta nikohi, otalik va onaligiga qarshi kurashga qaratilgan qonunni yakuniy o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Duma spikeri Vyacheslav Volodinga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Endilikda yashash uchun guvohnoma kamida 3 yildan keyin “qo‘lga yetib keladi”

Endilikda kvotadan tashqari vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma yoki yashash guvohnomasini nikohdan o‘tgan yoki farzandlikka olgan paytdan kamida uch yil o‘tgach olish mumkin bo‘ladi. Majlisda ishtirok etgan barcha deputatlar qonunni yoqlab ovoz bergan.

Shuningdek, “Rossiya federatsiyasidan chiqish va Rossiya federatsiyasiga kirish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Rossiya federatsiyasida chet el fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bunda agar nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilsa, berilgan ruxsatnoma bekor qilinadi. Agar muhojir sud qaroriga ko‘ra ota-onalik huquqidan cheklansa yoki mahrum qilinsa yoxud farzandlikka olish bekor qilinsa, xuddi shunday tartib qo‘llaniladi.

Yana 6 ta qonun loyiha ko‘rib chiqilmoqda

Shuning bilan birga, migratsiya siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Avval (Davlat dumasida) muhokama qilingan yana oltita qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda, dedi Volodin.

Volodin  2021-yildan buyon Rossiyada yashash guvohnomasini olish maqsadida 4,3 mingdan ortiq soxta nikoh qayd etilganini aytgandi. Qonunning qabul qilinishi firibgarlik yo‘li bilan yashash guvohnomasi va fuqarolik olishning oldini olishi kutilmoqda.

Mamlakatda muhojirlar soni sezilarli ko‘paygan

Rossiya Ichki ishlar vazirligi 18-sentyabr kuni qariyb 6,2 million chet el fuqarosi migratsiya hisobida turganini ma’lum qilgandi. Iyun oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin mamlakatdagi muhojirlar soni 13-14 million atrofida ekanini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada soxta nikohlarning oldini olish uchun yangi qonun loyihasi Davlat Dumasi tomonidan ma’qullanganligi haqida xabar bergan edik.