$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 17-may voqealari

Qora 17-may

Noqonuniy qurollar savdosi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida poytaxt hududida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, Buxoro shahrida tug‘ilgan bir nechta shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ularning doimiy yashash manzillarida jangovar qurol va o‘q-dorilar borligi aniqlangan.

Jumladan, 1973 yilda tug‘ilgan shaxsning Buxoro shahridagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, uyning tom qismiga yashirib qo‘yilgan 3 dona Makarov pistoleti va 21 dona patroni, 1 dona TT pistoleti va 5 dona patroni hamda 1 dona tovushni pasaytiruvchi qurilma (glushitel) protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs jinoiy sheriklari bilan birgalikda, ushbu qurollarni va o‘q-dorilarni muqaddam Rossiya Federatsiyasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan. Sudga oid ballistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qurollar va o‘q-dorilar jangovar holatda bo‘lib, foydalanishga yaroqli hisoblanadi. Bundan tashqari, ulardan birining xonadonidan qirqma holatiga keltirilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2 dona ov miltig‘i hamda 6 dona o‘q-dori tegishli tartibda olingan.

“Boxo zavxoz” qo‘lga tushdi

“Boxo zavxoz” va “Terminator” laqablari bilan tanilgan Bahodir Sultonov hamda u bilan bir ish doirasida qamoqqa olingan Navoiydagi avtosalon direktori Niyoz Ibodovga 16-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sud hukmi o‘qildi.

Manbaga ko‘ra, Bahodir Sultonov hamda Niyoz Ibodov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) sodir etganlikda aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan Bahodir Sultonovga 10 yil, Niyoz Ibodovga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud hukmi bilan Bahodir Sultonov o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Toshkent viloyatida daraxtlarni kesganlar ozodlikdan mahrum etildi

Ma’lum qilinishicha, 4 nafar jinoiy sherik 2023 yilning 5 dekabr kuni yarim tunda O‘rta Chirchiq tumani Mash’al mahallasi hududidagi “Ma’rufxon” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydoniga borishgan. Ular o‘zlari bilan olib kelgan motorli arra va boshqa ish qurollari yordamida jami narxi 247 mln 180 ming so‘m bo‘lgan 5 tup ko‘p yillik sharq chinorini tag qismidan kesib olishadi.

So‘ngra chinorlarni bo‘laklarga bo‘lib, o‘zlari yollagan yuk mashinasiga ortishgan va sotish uchun Toshkent shahrida joylashgan taxta bozoriga yo‘l olishgan. Ammo mo‘may daromad topish ilinjidagi “ishbilarmon” yo‘lda IIB xodimlari tomonidan to‘xtatiladi. Tekshiruv jarayonida ular daraxtlarni noqonuniy kesib, tabiatga 247 mln. 180 ming so‘m zarar yetkazishgani aniqlanadi.

AQShda o‘zbekistonlik 39 yoshli erkak 19 yilga qamaldi

Floridada sud AQSh hududiga bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini olib kirgan O‘zbekiston fuqarosi Sulton Nuriyevga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. O‘zbekistonlik 39 yoshli Sulton Nuriyevning umrbod nazoratda bo‘lishi ham belgilandi.  

Qayd etilishicha, u 2022-yilning 13 yanvarida AQShning Orlando shahridan (Florida shtati) Toshkentga jo‘nab ketgan. O‘sha yilning 20 fevralida esa Toshkentdan Orlandoga qaytgan.

Nuriyev AQShga qaytganida Qo‘shma Shtatlar bojxona va chegara xizmati xodimi uning mobil telefonini tekshirgan. Tekshiruv natijasida Nuriyevning telefonidan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik aks etgan tasvirlar topilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvlari esa Nuriyev O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtida internetda o‘zini 12 yoshli bola sifatida tanishtirib, voyaga yetmagan qizlarni shahvoniy suratlar olishga va ularni o‘ziga yuborishga undab kelgan. Sud materiallariga ko‘ra, Nuriyev 2023 yilning 26 sentabrida aybiga iqror bo‘lgan.

Теги :
Jamiyat