$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 11-dekabr voqealari

Qora 11-dekabr

Toshkentda 12 tup daraxt tanasiga nomaʼlum suyuqlik quyib ketildi

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi Mirzo Ulugʻbek tumanida 10 tupdan ortiq daraxtning tana qismiga nomaʼlum suyuqlik yuborilgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, boshqarma ixtiyoriga Mirzo Ulugʻbek tumani, Nur MFYdagi 31-uyning orqa tomonida ekilgan 12 tup pavloniya daraxtining tana qismiga nomaʼlum shaxslar tomonidan suyuqlik yuborilgani tasvirlangan videolavha kelib tushgan.

Ushbu murojaat poytaxt Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining tuman inspektori tomonidan joyiga chiqib oʻrganilgan.

“Daraxtining tana qismi qurilish dreli yordamida teshilib, nomaʼlum suyuqlik yuborilgan”, deyiladi xabarda.

Chirchiq daryosidan qum-shagʻal xom ashyosini noqonuniy qazib olish holatlari aniqlandi

Chirchiq daryosidan qum-shagʻal aralashmasi qazib olinishi oqibatida tabiatga 65 mlrd. soʻm zarar yetkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari tomonidan Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi hududida reyd tadbirlari oʻtkazilgan.

Reyd davomida qum-shagʻal aralashmalari davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida yuk transport vositasiga yuklab berilayotganligi aniqlangan.

Mazkur yuk mashinasi haydovchisi inspektorlar tomonidan soʻroqqa tutilganida u qum-shagʻal aralashmalarini shu hududda joylashgan “M.G.F.” MChJga qarashli tosh maydalash sexiga olib borib toʻkayotganini bildirgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, holat natijasida tabiatga 65 mlrd. 323 mln. 200 ming soʻm zarar yetkazilgan.

Metalni qayta ishlash zavodi 26,9 mlrd. so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Yashnobod tumanida joylashgan zavod hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, elektrdan noqonuniy foydalanib kelingan.

Oqibatda davlat manfaatlariga 26 mlrd. 945 mln. so‘mlik zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan, deb xabar berdi “O‘zenergoinspeksiya”.

Subsidiya asosida uy-joy olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida subsidiya asosida uy-joy olib berishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bildirilishicha, Departamentning Gʻuzor tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Tadbir davomida fuqaro A.I. (muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan) fuqarolar M.H. va uning singlisi M.H.ga goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida subsidiya asosida uy-joy olib berishini aytib, ularning ishonchiga kirgani aniqlangan.

Bu ishi evaziga u jami 1,6 ming AQSh dollari va 3,8 mln soʻm pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan. Hozirda ushbu pullarning 6 mln. soʻmi qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Теги :
Jamiyat