$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Suriya ustidagi qora bulutlar: Isroil yangi urush xavfi haqida gapirdi

suriya

Yaqin Sharqda vaziyat yana taranglashmoqda. Isroil hukumatidagi ayrim amaldorlar Suriya bilan urush bo‘lishi haqida ochiq gapirmoqda. Ayniqsa, Turkiya, Qatar va Pokiston atrofidagi bayonotlar mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirdi. Shu bilan birga, Isroil va Suriya vakillari o‘rtasida maxfiy muzokaralar ham o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Xo‘sh, mintaqa yangi mojaroga yaqinlashyaptimi?

Isroil nega Suriya va uning ittifoqchilaridan xavotirda?

Isroilning diaspora ishlari bo‘yicha vaziri Amichay Chikli so‘nggi intervyularida mintaqada yangi xavfli ittifoq shakllanayotganini aytdi. Uning fikricha, Yaqin Sharqda “radikal sunniy o‘q” paydo bo‘lmoqda va bu kelajakda Isroil uchun jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkin.

Vazir Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa hukumatini tanqid qilib, bunday kuchlar bilan Isroilning uzoq muddat tinch yashashi qiyinligini ta’kidladi. Chiklining aytishicha, bu yangi ittifoqqa Turkiya, Pokiston va Qatar kiradi. U hatto bu davlatlar Eron va AQSh o‘rtasidagi sulhdan ham ko‘proq xavotir uyg‘otayotganini aytdi.

Vazirning fikricha, Pokiston va Turkiya AQSh hamda Eron o‘rtasidagi muzokaralarda muhim rol o‘ynagan. Qatar esa uning nazarida ayrim radikal kuchlarning xalqaro maydondagi axborot tayanchlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli Chikli bu uch davlatning yaqinlashuvini Isroil uchun yangi geosiyosiy tahdid sifatida baholamoqda.

Turkiya va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat qayergacha borishi mumkin?

Chikli o‘z chiqishlarida eng ko‘p Turkiya masalasiga to‘xtaldi. U Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on siyosatini Isroil manfaatlariga zid deb hisoblaydi. Vazirning aytishicha, Turkiya Suriyadagi ta’sirini tobora kuchaytirib bormoqda va bu holat Isroilda xavotir uyg‘otmoqda.

U hatto Turkiya va Suriya Isroil uchun Erondan ham xavfliroq ekanini aytib, bu ikki davlatni asosiy tahdid sifatida ko‘rsatdi. Chikli Turkiya, Pokiston va Qatar hamkorligini ilgari kuzatilgan har qanday xavfdan ham jiddiyroq deb baholadi.

Bu fikrlar fonida Anqara va Tel-Aviv o‘rtasidagi keskinlik ham oshib bormoqda. Yaqinda Erdo‘g‘on Isroilning Suriya va Livandagi harbiy amaliyotlari Turkiya xavfsizligiga ham tahdid tug‘dirayotganini aytgan edi. U Isroilni to‘xtatish insoniyatning umumiy vazifasi ekanini ham ta’kidladi.

Turkiyaga nisbatan keskin bayonotlar faqat Chikli bilan cheklanib qolmadi. Likud partiyasi deputati Ariel Kellner Turkiyani “dushman davlat” deb atadi. Isroilning madaniyat va sport vaziri Miki Zohar esa mamlakat Turkiyaga dushman sifatida munosabatda bo‘lishni boshlashi kerakligini aytdi. Sobiq bosh vazir Naftali Bennet ham fevral oyida “Turkiya — bu yangi Eron” degan fikrni ilgari surgan edi.

Shu bilan birga, Chikli Isroilning Turkiya yoki Suriyaga qarshi urush boshlash niyati yo‘qligini bildirdi. U tinchlik bo‘lishini istashini aytdi, biroq bu tinchlik uzoq davom etishiga ishonmasligini ham yashirmadi.

Londondagi maxfiy muzokaralarda qanday takliflar muhokama qilingan?

Qizig‘i, keskin bayonotlar yangrayotgan bir paytda Isroil va Suriya vakillari o‘rtasida maxfiy muzokaralar ham bo‘lib o‘tgan. 2025-yil 17-sentyabr kuni Londonda yopiq eshiklar ortida tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar xavfsizlik masalalarini muhokama qilgan.

Muzokaralarda Tel-Aviv Damashqqa yangi xavfsizlik kelishuvini taklif qilgan. Taklifga ko‘ra, Jo‘lon tepaliklari yaqinidagi bufer hudud Suriya tomonga yana 2 kilometr kengaytirilishi kerak. Bundan tashqari, hudud A, B va C sektorlariga bo‘linib, har bir qismda qanday turdagi qurollar joylashtirilishi aniq belgilanishi rejalashtirilgan.

Taklifda yana bir muhim shart ham bor edi. Unga ko‘ra, bufer zona yaqinida Suriya armiyasi va og‘ir harbiy texnikalar joylashtirilmasligi kerak. Biroq politsiya va ichki xavfsizlik kuchlari faoliyat yuritishiga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.

Hozircha bu muzokaralar qanday yakunlangani noma’lum. Ammo bir tomonda urush haqidagi ogohlantirishlar, ikkinchi tomonda esa xavfsizlik bo‘yicha maxfiy uchrashuvlar davom etayotgani mintaqadagi vaziyat naqadar murakkab ekanini ko‘rsatmoqda.

Теги :
Jamiyat