$
 12055.81
36.54
 14008.85
24.43
 169.06
3.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi ko‘chmas mulk arzon sotilsa ham, bozor narxida soliq to‘lanadi

Uy sotish

O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitida teng raqobatni ta’minlash va soyadagi aylanmalarni qonuniy fozaga olib chiqish yo‘lidagi muhim islohot boshlandi. Hukumat tomonidan joriy yilning 18-may kuni qabul qilingan “Soliq bazasini tovarlarning bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi qaror mamlakat iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish yo‘lidagi navbatdagi qat’iy qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi doirasida yashirin iqtisodiyot ulushini keskin qisqartirish maqsadida hayotga tatbiq etilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda soliq to‘lovchilar o‘z mahsulotlari yoki ko‘chmas mulk obektlarini sun’iy ravishda arzonlashtirilgan narxlarda sotgan taqdirda, soliq bazasi bitimda ko‘rsatilgan raqamlardan emas, balki real bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.

Bu qoida qog‘ozdagi narx amaldagi bozor bahosidan 20 foiz va undan ortiq miqdorda farq qilgan holatlarda ishga tushadi. Soliq kodeksining 248-moddasiga tayanadigan ushbu mexanizm soliq idoralariga narxlar asossiz pasaytirilgan yoki oshirilgan taqdirda soliq bazasiga tuzatishlar kiritish huquqini beradi.

Narx qanday aniqlanadi?

Hukumat qarorida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalaridagi qat’iy nazorat tizimiga alohida e’tibor qaratilgan. Soliq organlari obektning real bozor bahosini aniqlashda mustaqil tomonlar o‘rtasida tuzilgan shunga o‘xshash bitimlar, yetkazib berish shartlari, shuningdek, obekt joylashgan aniq tuman, shahar yoki hududiy omillarni tahlil qiladi.

Buning uchun soliq tizimi keng qamrovli elektron ma’lumotlar bazasiga tayanadi. Axborot manbalari sifatida yagona avtomatlashtirilgan notarial tizim, bojxona va birja ma’lumotlari, elektron savdo va davlat xaridlari platformalari, onlayn-kassa mashinalari, raqamli markirovka hamda elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi xizmat qiladi. Shuningdek, OAV, internet resurslari va banklarning garov mulkini baholash ma’lumotlaridan ham keng foydalaniladi. Ko‘chmas mulkning yakuniy ommaviy bahosi esa sohadagi vakolatli organ xulosasiga ko‘ra belgilanib, agar ko‘rsatilgan narx past bo‘lsa, soliq bazasi o‘rtacha bozor qiymatidan kelib chiqib qayta hisoblab chiqiladi.

бозор қиймати, кўчмас мулк, солиқ қўмитаси

Hujjatda ushbu tizim qanday ishlashi aniq bir hayotiy misol orqali tushuntirilgan. Bir kompaniya Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi uchinchi qavatda joylashgan, maydoni 216,04 kvadrat metr bo‘lgan turar joyni hujjati bo‘yicha kvadrat metrini 1,07 million so‘mdan, ya’ni jami 231,2 million so‘mga sotganini ko‘rsatgan. Biroq soliq idoralari tahlilida ushbu hududdagi xuddi shunday uylarning o‘rtacha bozor narxi aslida kvadrat metriga 6,1 million so‘m ekani aniqlandi.

Bu yerda real va qog‘ozdagi narx o‘rtasidagi farq belgilangan 20 foizlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lgani sababli, soliq bazasi bozor narxi bo‘yicha qayta hisoblanadi va u 1,317 milliard so‘mni tashkil etadi. Natijada real qiymat va bitim narxi o‘rtasida 1,086 milliard so‘mlik (qo‘shilgan qiymat solig‘isiz 970,2 million so‘m) tafovut yuzaga keladi. Ushbu tafovut tufayli tadbirkorlik subyekti budjetga qo‘shimcha ravishda 116,4 million so‘m QQS va 128,1 million so‘m foyda solig‘i, ya’ni umumiy hisobda 244,5 million so‘m mablag‘ni to‘lab qo‘yishga majbur bo‘ladi.

Tadbirkorlarning huquqlari va yangi tartibdan mustasno holatlar

Yangi tizim faqat sanksiya yoki majburlovdan iborat emas. Unda tadbirkorlarning qonuniy huquqlari ham to‘liq hisobga olingan. Agar soliq to‘lovchi davlat idorasi tomonidan belgilangan bozor narxiga rozi bo‘lmasa, u o‘zining shaxsiy kabineti orqali asoslantirilgan e’tirozlarini yuborishi mumkin. Hatto zarurat tug‘ilganda, o‘z mablag‘lari hisobidan mustaqil baholovchi mutaxassisni jalb qilish huquqiga ham ega. Ammo soliq to‘lovchi belgilangan muddatda hech qanday asos keltirmasa va hisobotlariga tuzatish kiritmasa, soliq organlari bazani mustaqil ravishda o‘zgartirib, soliqlarni qo‘shimcha hisoblaydi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ushbu tartib faqatgina ko‘chmas mulk sohasi bilan cheklanib qolmaydi, balki ayrim tovar guruhlariga ham joriy etiladi. Dastlabki bosqichda ushbu ro‘yxatga yog‘och va undan tayyorlangan xomashyolar, jumladan, zarrachalar taxtasi, yelimlangan faner, siqilgan va xom yog‘ochlar hamda shpallar kiritildi. Ularning ham haqiqiy narxi bojxona, birja, onlayn-kassalar va raqamli markirovka ma’lumotlari asosida tekshiriladi.

Shu bilan birga, yangi tartib tatbiq etilmaydigan istisnoli holatlar ham mavjud. Davlat tomonidan narxi qat’iy tartibga solinadigan tovarlar, tabiiy monopoliya subyektlari ishlab chiqargan mahsulotlar va davlat xaridlari doirasida sotiladigan tovarlar ushbu nazoratdan mustasno. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari, shuningdek, xalqaro kelishuvlar hamda narxi qat’iy belgilangan shartnomalar asosida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan ham ushbu mexanizm qo‘llanilmaydi.

Теги :
Jamiyat