$
 12957.14
29.97
 14702.47
-15.11
 156.56
0.83
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

“Qizlar ham ITda yetakchi bo‘lishi mumkin” – Shahnoza Rahimboyeva bilan suhbat

Shahnoza

Bugun texnologiyalar, IT yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar safi kundan kunga kengayib bormoqda. Ular orasida o‘zbek qizlarining ham ko‘pligi quvonarli. Ana shunday o‘zbekistonliklardan biri — Shahnoza Rahimboyeva hozirda San Fransiskodagi (AQSh) Linkoln universitetida biznes boshqaruvi va axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olmoqda. U o‘qishdan tashqari, universitetdagi ilmiy jarayonlarda ham faol. Qator ilmiy nashrlarda o‘z maqolalari bilan muntazam chiqish qilib turadi.

Shahnoza IT olamida o‘zbek qizlarining yuqori salohiyatini munosib ko‘rsatib kelayotgan yoshlardan. Uning hayotiy tajribasi, bugungacha bosib o‘tgan yo‘li ko‘plab qizlarimiz uchun ishonch va ilhom manbai bo‘lishi shubhasiz.

— Shahnoza, nega aynan ITni tanlagansiz? Sizda bu yo‘nalishga qiziqish qanday paydo bo‘lgan?

— Bu sohaga qiziqishim maktab o‘quvchisi paytimdayoq boshlangan  boshlangan. Ayniqsa, matematika va informatika fanlariga qiziqishim yuqori edi. 8-sinfdaligimda informatika fani bo‘yicha olimpiadada 1-o‘rinni egalladim. Shundan keyin aniq fanlar bilan jiddiy shug‘ullana boshladim.

Maktabni bitirgach, 2015-yilda Urganch ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirdim. Bu davr mobaynida mental arifmetika bo‘yicha olimpiadalarda g‘olib bo‘lganim va o‘quv markazida o‘qituvchi sifatida ishlaganim katta tajriba bo‘ldi. Jumladan, “O‘zbekiston IT Forumi”, “Yoshlar va axborot texnologiyalari”, “Raqamli texnologiyalar” kabi ko‘plab konferensiya va musobaqalarda ishtirok etdim.

Biroq kollejdagi mutaxassisligim ITni chuqur o‘rganish uchun yetarli emasdi. Shu maqsadda bakalavr bosqichini Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetida davom ettirishga qaror qildim. Uzoq tayyorgarliklardan so‘ng universitetning telekommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga davlat granti asosida qabul qilindim.

— Talabalik davrida egallagan bilim va ko‘nikmalaringiz haqida gapirib bersangiz.

— O‘qishning birinchi yilidayoq IT sohasining keng imkoniyatlarini yanada chuqurroq tushuna boshladim. Oliygohda o‘tgan yillarim kelgusi faoliyatimda poydevor vazifasini o‘tadi, desam yanglishmagan bo‘laman. O‘qish davomida nafaqat nazariy bilimlarni egalladim, balki bir nechta onlayn va offlayn kurslarni muvaffaqiyatli tamomladim.

Darslardan tashqari tadbirlarda ham tez-tez ishtirok etib turardim. Bu menga tajriba almashish va olgan bilimlarimni yanada mustahkamlab borish imkonini berardi. Jumladan, 2020-yilda kompyuter grafikasi bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadada 1-o‘rinni egalladim.

Bundan tashqari, “Women’s Online Safety Hackathon”, Axborot xavfsizligi bo‘yicha xalqaro olimpiada, “Digital Hackathon”, “Cambridge Coding Festival”, “Perspektywy Women in Tech Summit” kabi yirik loyihalarda munosib ishtirok etish nasib qildi. Shuningdek, “Journal of Engineering Research and Reports” va “International Journal of Computers and Applications” kabi jurnallarda sohaga oid maqolalarim nashr qilindi.

Umuman, TATUdagi davrim juda sermahsul, yutuqlarga boy o‘tdi. Yuqorida aytganimdek, bu yerda to‘plagan tajribam kelgusida menga asqatdi, mutaxassis sifatida shakllanib borayotganimni his qila boshladim. IT faqat erkaklar uchun degan stereotiplarga qaramay, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortib boraverdi.

Ilk amaliyotimni “Uzmobile” kompaniyasida boshlaganman. So‘ngra Urganchdagi IT Park markazida faoliyatimni davom ettirdim. Bu yerda asosan web-dasturlash, kiberxavfsizlik, va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida tajriba to‘pladim.

— Akademik faoliyatingizning keyingi bosqichi qanday davom etdi? Nega magistratura uchun xorijni tanladingiz?

— Bakalavrda o‘qib yurgan vaqtimda chet davlatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya va tadbirlarga qatnashib turardim. Olmaota shahridagi “ICPC Northern Eurasia Finals”, Sankt-Peterburgdagi “ICPC Training Camp and Finals” tadbirlari shular jumlasidan. Ulardagi ishtirokim xalqaro tajribani o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqimni yanada kuchaytirdi. Kuchli mutaxassis bo‘lib yetishish uchun yangi bosqichga chiqishim kerakligini tushunib yetdim. Shu maqsadda, magistraturani xorijda o‘qishga qaror qildim.

Dastlab, turmush o‘rtog‘im bilan ta’limni davom ettirish uchun Kanada davlatini tanlaganmiz. 2024-yilda bu yerdagi “University of Canada West” universitetiga yuz foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilinganman. Bu yerda 1 semestr o‘qidim ham. Keyinchalik, texnologiya va innovatsiyalar markazi – Kremniy vodiysiga yaqinroq bo‘lish istagi ortidan o‘qishni San-Fransiskodagi Linkoln Universitetiga ko‘chirdik.

Bu yerda o‘qishdan tashqari, professor yordamchisi sifatida faoliyat yuritaman. Bu menga qo‘shimcha tajriba to‘plash, oliygohdagi ilmiy jarayonlarga yanada yaqinroq bo‘lish imkonini beradi. Shu kungacha “International Journal of Science and Research Archive” ilmiy jurnalida bir qator ilmiy maqolalarim chop etildi.

— Sizningcha bugun IT-da ayollar yetarlimi?

— Ayni paytda safimiz keng, deb ayta olmayman (kuladi). Lekin harakat bor, zarur shart-sharoitlar yaratilyapti. Jumladan, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva yaqinda Xalqaro IT sohasidagi qizlar kuni munosabati bilan tabrik yo‘llab, axborot texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan bir paytda, qizlarning bu sohadagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. O‘zbek qizlariga qarata: “Texnologiyalar dunyosida o‘z o‘rningizni toping, yangilik yarating, ilmiy izlanishlar bilan yurt sha’nini yuksaltiring”, deya xitob qildi.

Uning bu fikrlariga to‘liq qo‘shilaman. Chunki ko‘pchilikda haligacha “bu kasb erkaklarniki”, degan qarash mavjud. Aslida, kim zo‘r mutaxassis bo‘lsa, o‘shaniki. Ya’ni, qizlar ham ITda yetakchi bo‘lishi mumkin.

Bu chaqiriq, o‘z navbatida, menga ham katta motivatsiya berdi. IT yo‘nalishini tanlab to‘g‘ri qaror qilganimga yana bir bor amin bo‘ldim. Endigi vazifa – yutuqlarga erishib, bizdan keyingi singillarimizga motivatsiya berish, ularni ortimizdan ergashtirish.