$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda asosan 31—45 yoshdagilar eng ko‘p moliyaviy qiyinchilikka uchrayapti

Oylik Xabar

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 44 foizi so‘nggi 12 oy davomida daromadlari yashash xarajatlarini qoplamaganini bildirdi. Bu raqam Markaziy bank va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqot natijasidan kelib chiqqan. 

Moliyaviy qiyinchiliklar va yosh

Tahlil real daromad darajalaridan ko‘ra moliyaviy qiyinchilik yoki stress haqidagi subyektiv tasavvurlarni aks ettirishi keltirilgan. Masalan, Osiyo taraqqiyot banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilda aholining 8,9 foizi milliy qashshoqlik chegarasidan pastda yashagan.

O‘tgan yilgi so‘rovlarda moliyaviy qiyinchilik 31—45 yoshdagi respondentlar orasida eng ko‘p (48 foiz) uchrayotgani oydinlashgan. 60 yoshdan oshganlar orasida esa eng past (42 foiz) daraja qayd etilgan. Bu ehtimol pensiya asosidagi daromad barqarorligi bilan izohlanadi.

So‘rovnomada O‘zbekistondagi turli guruhlar daromad yetishmovchiligi bilan qanday kurashayotganini ham ochiqlagan. Xususan, 9 foiz ishtirokchi jamg‘armalaridan foydalanishini bildirgan. Yana 36 foiz inson xarajatlarni qisqartirishini, 13 foizi aktivlarini sotishini, 11 foizi hisob-kitoblarni kechiktirish yoki qarzini to‘lamasligini aytgan.

Yashash kayfiyati

Tadqiqotda aholi orasida bugun bilan yashash kayfiyati keng tarqalgani aniqlangan.

“Mamlakat bo‘yicha respondentlarning 73 foizi ‘men bugun bilan yashayman, ertaga nima bo‘lsa bo‘lar’ fikriga to‘liq qo‘shilgan. Biroq Toshkent (40 foiz) va shimoli-g‘arbiy hududda (47 foiz) bu ko‘rsatkich ancha past. Ish bilan bandlar (65 foiz) va oliy maʼlumotlilar (65 foiz) bunday fikrga kamroq qo‘shilgan. Ishsizlar (78 foiz) va o‘rta maxsus maʼlumotlilar (82 946) orasida shunday fikrlash darajasi yuqori. Yoshlar (18—30 yosh) orasida bu kayfiyat 65 foiz, 60 yoshdan oshganlarda esa 80 foizni tashkil etdi”, deyiladi tahlilda.

Qayd etilishicha, tejashdan ko‘ra xarajat qilishga bo‘lgan moyillik shaharliklar, erkaklar va o‘rta-katta yoshdagilar orasida yuqori. Mamlakat bo‘yicha respondentlarning 44 foizi “men pulni tejashdan ko‘ra sarflashni yoqtiraman” fikriga to‘liq qo‘shilgan. Bu shaharliklarda (50 foiz) qishloqliklarga (38 foiz) qaraganda, erkaklarda (47 foiz) ayollarga (42 foiz) qaraganda yuqori.

Respondentlardan “Qanday qilib 1,5 million so‘m topasiz”, deb so‘ralgan. Ularning 25 foizi buncha mablag‘ni o‘z jamg‘armalari hisobidan qoplashi mumkinligini bildirgan. Eng ko‘p berilgan javob esa oila yoki do‘stlardan yordam olish bo‘lib, 37 foiz respondent ushbu variantni ko‘rsatgan.

“Bu esa norasmiy xavfsizlik tarmoqlariga kuchli tayanishni anglatadi. Atigi 13 foiz qatnashchi mablag‘ni o‘z mehnatidan topishini aytgan. Yana 2 foizi kredit olishini bildirgan. Qolgan 10 foizi biror narsani sotish orqali mablag‘ yig‘ishini bildirgan. Muhimi, 6 foiz respondent umuman pul topa olmasligini taʼkidlagan. Bu eng zaif guruh orasida keskin moliyaviy qiyinchilik mavjudligini ko‘rsatadi (hatto 8,9 foizlik milliy qashshoqlik darajasidan biroz kam)”, deyiladi tadqiqot xulosasida.

Maʼlum qilinishicha, respondentlardan 1,5 million so‘mni keyingi 30 kun ichida topish qanchalik qiyin bo‘lishi so‘ralgan. Ularning 35 foizi bu juda qiyin bo‘lishini, 39 foizi esa biroz qiyinchilik tug‘dirishini bildirgan. Faqat 25 foiz respondent bu muammo bo‘lmasligini aytgan. Eng katta qiyinchilik janubiy (48 foiz) va shimoli-g‘arbiy hududlarda (49 foiz), qishloq aholisi (42 foiz), ayollar (40 foiz), ishsizlar (43 foiz), nafaqadagi shaxslar (39 foiz) hamda faqat 8-9 sinf maʼlumotiga ega respondentlar (43 foiz) orasida kuzatilgan. 

“Aksincha, oliy maʼlumotlilarning atigi 16 foizi va yuqori daromadli respondentlarning 20 foizi bu summani topishni juda qiyin deb hisoblagan. Bu esa taʼlim va daromadning moliyaviy barqarorlikka taʼsirini aniq ko‘rsatadi”, deyiladi tahlilda.

Daromaddan mahrum boʻlganda...

Daromaddan mahrum bo‘lganda (jamg‘armalardan foydalanish, qarz olish, o‘ziga tegishli narsalarni sotish va boshqalar orqali) odamlar qancha vaqt o‘z xarajatlarini qoplay olishi mumkinligi so‘ralgan. Bunda holat unchalik tashvishli emasligi aniqlangan. Yaʼni respondentlarning aksariyati (72 foizi) kamida bir oy davomida (shu jumladan 36 foizi ikki oy va undan ko‘proq) o‘zini taʼminlay olishini bildirgan. Bu esa asosiy chidamlilik va qisqa muddatli moslashuv qobiliyatini ko‘rsatadi. Faqat 15 foiz respondent ikki haftadan kam muddatga chidashini aytgan. Kichik qism (13 foiz) esa qancha vaqt o‘zini taʼminlay olishini bilmasligini yoki boshqa javoblarni bildirgan

Теги :
Jamiyat