$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Ustav kapitali talabini bajarmagan banklar mikromoliya bankiga aylanishi mumkin

mikromoliya banki

2025-yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ma’qullandi. Ushbu qonun mikromoliya tashkilotlari va banklar o‘rtasida yangi tartibni joriy etish hamda moliyaviy xizmatlarning qamrovini kengaytirishni nazarda tutadi.

Mikromoliya banki instituti nima?

Qonunga ko‘ra, mikromoliya banki — bu mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasidagi “ko‘prik” hisoblanadi. Mazkur yangi institut moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi, lekin ayrim cheklovlar bilan ishlaydi. Mikromoliya banklarining ustav kapitali kamida 50 milliard so‘m bo‘lishi belgilangan. Ular quyidagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin:

 • Aholidan omonatlar qabul qilish, lekin bu miqdor qonunchilikda belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan (200 million so‘m) oshmasligi kerak.

 • Kichik va o‘rta biznes, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ajratilgan kreditlarning umumiy kredit portfelidagi ulushi 70 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.

Shu bilan birga, mikromoliya banklari xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish, xalqaro kafolatlar berish yoki tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish kabi faoliyat turlaridan cheklangan.

Ustav kapitali talabiga javob bermagan banklar mikromoliya bankiga aylanadi

Tijorat banklari uchun minimal ustav kapitali 500 milliard so‘m etib belgilangan. Ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkaza olmagan banklar faoliyatini to‘xtatmaydi, balki mikromoliya bankiga aylanish imkoniga ega bo‘ladi.

Masalan, qaysidir bankka 2028-yilgacha yoki hatto bahorgacha ustav kapitalini to‘ldirishga vaqt berish shart emas. Agar bu talab bajarilmasa, bank mikromoliya banki sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari ham o‘z ustav kapitalini 50 milliard so‘mga yetkazsa, mikromoliya bankiga aylanish huquqiga ega bo‘ladi. Bu sohada mavjud tashkilotlar faoliyatining bosqichma-bosqich rivojlanishini ta’minlaydi.

Mikromoliya banklari uchun cheklovlar

Yangi qonunga ko‘ra, mikromoliya banklari quyidagi cheklovlar bilan ishlaydi:

 • Bir qarz oluvchi yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir riskning maksimal miqdori 5 milliard so‘m dan oshmasligi kerak.

 • Mikromoliya banklari qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalarni faqat Markaziy bank tomonidan yuqori likvidli deb topilgan qimmatli qog‘ozlarga (tez va osonlik bilan naqd pulga aylantirilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy aktivlar) yo‘naltirishi mumkin.

Ushbu talablar mikromoliya banklarining likvidligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Mikromoliya bankidan tijorat bankiga

Yangi qonun loyihasi mikromoliya banklarining tijorat banklariga aylanish tartibini ham belgilaydi. Bu jarayon ikki bosqichdan iborat:

 1. Mikromoliya bankining tijorat banki maqomini olish uchun dastlabki ruxsatnoma olish.

 2. Mikromoliya bankiga berilgan litsenziyani tijorat banki litsenziyasiga qayta rasmiylashtirish.

Bu jarayon mikromoliya banklari uchun moliyaviy xizmatlarning qamrovini kengaytirishga imkon beradi.

Maqsad — moliya bozorini kengaytirish

Mazkur qonun aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va kichik hamda o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, qonun mikromoliya tashkilotlariga qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb qilish imkonini beradi.

Avvalroq, 22-yanvar kuni 2024-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘rtta tijorat banki — Yangi bank, Yevroosiyo bank, Poytaxt bank va Eron Soderot banklari — qonunchilikda belgilangan minimal 500 milliard so‘m ustav kapital talabini bajarmagani haqida xabar bergan edik. Senat ma’qullagan ushbu qonun loyihasi ularga o‘z faoliyatini mikromoliya banki sifatida davom ettirish imkonini beradi, shuningdek, bu litsenziyaning bekor qilinishiga alternativ chora sifatida taklif etilmoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot