$
 12984.44
9.35
 13442.79
69.36
 129.90
2.27
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘tgan yili 4 ta bank ustav kapital talabini bajarmadi: Ularning litsenziyasi bekor qilinadimi?

Bank

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda to‘rtta tijorat banki — Yangi bank, Yevroosiyo banki, Poytaxt bank va Eron Soderot bank — o‘z ustav kapitalini qonunchilikda belgilangan minimal miqdor, ya’ni 500 milliard so‘m darajasiga yetkaza olmadi. Bu haqda Bankers.uz nashri xabar bermoqda.

Minimal talabni bajarmagan banklar

2025-yilning 1-yanvar holatiga O‘zbekistondagi to‘rtta tijorat bankining ustav kapitali 500 milliard so‘mga yetmagan. Bular Yangi Bank, Yevroosiyo banki, Poytaxt bank va Eron Soderot banklari hisoblanadi. Mazkur banklardan uchtasi — Yangi bank, Yevroosiyo banki va Eron Soderot bankida kapitalni oshirish bo‘yicha qilingan ishlar ma’lum emas.

To‘rtta bankning ustav kapitali miqdori quyidagicha:

Yangi bank — 200 milliard so‘m;

Yevroosiyo banki — 200 milliard so‘m;

Poytaxt bank — 100 milliard so‘m;

Eron Soderot bank — 64 milliard so‘m.

Ustav kapitali nima?

Ustav kapitali — bu bankning moliyaviy asosini tashkil etuvchi va uning faoliyatini boshlash hamda davom ettirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘dir. Ustav kapitali bankka ishonchni ta’minlaydi, uning mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarish qobiliyatini ko‘rsatadi va xavflarga qarshi kafolat sifatida xizmat qiladi.

Mazkur banklar orasida Yangi bank, Yevroosiyo banki va Eron Soderot banki tomonidan kapitalni oshirishga oid harakatlar haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Poytaxt bank xususiylashtirish jarayonida

O‘tgan yil iyun oyida Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investments limited LLC” kompaniyasi “Poytaxt bank” AJni 10 million AQSh dollariga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 2024-yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Bond Investments Limited LLC kompaniyasi Poytaxt bankni 10 million AQSh dollariga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bank vakillarining ta’kidlashicha, ustav kapitalini minimal talabga yetkazish masalasi ayni damda yangi investorga yuklangan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Xususiylashtirish jarayoni yakunlangach, ustav kapitalini oshirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklar norezidentlarga davlat ulushini to‘liq sotish orqali xususiylashtirilganda Markaziy bank boshqaruvi bank ustav kapitalini eng kam miqdorga muvofiqlashtirish bo‘yicha belgilangandan boshqa muddatlarni o‘rnatishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan.

Yevroosiyo banki faoliyatini to‘liq boshlamagan

2024-yilning yanvar oyida Markaziy bank Qozog‘istonning “Yevroosiyo banki”ga O‘zbekistonda bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya bergandi va ro‘yxatga olgandi. Keyinchalik “Untitled Bank” loyihasi Yevroosiyo bankiga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Bank vakillari O‘zbekistonda yangi raqamli bank qurishni boshlaganliklarini xabar qilgandi. Mazkur bank hozirga qadar faoliyatini boshlamagan.

Sanksiyalar ostida qolgan Eron Soderot banki

Eron Soderot banki Eronning davlat ulushi mavjud yirik banklaridan biri hisoblanadi. Bankning xalqaro moliyaviy tizimga integratsiyasi va faoliyati AQShning Eron moliya tizimiga nisbatan kiritgan sanksiyalari sabab cheklangan. Shu sababli, Eron Soderot Banki O‘zbekistondagi operatsiyalari uchun yetarlicha moliyaviy resurs va tashqi sarmoyani jalb qila olmayapti. Bankning ustav kapitalini oshirishga oid rejalari va bu boradagi chora-tadbirlari haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas. Eron banki uchun sanksiyalar va xalqaro moliyaviy bosim bu jarayonni qiyinlashtirgan.

Yangi bankning ustav kapitalni oshirish bo‘yicha rejalari ochiqlanmagan

Yangi Bank O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar uchun zamonaviy bank xizmatlarini taklif etuvchi raqamli bank hisoblanadi. 2023-yil 4-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 92-sonli litsenziyasi asosida tashkil etilgan. Bankning 100% aksiyalari “Yangi-Group” MCHJ XK kompaniyasiga tegishli. Yangi bankning ustav kapitalni oshirish bo‘yicha qo‘llayotgan chora-tadbirlari haqida axborot mavjud emas.

Minimal talablarning bajarilmasligi: muammo qanchalik chuqur?

1-apreldan kuchga kirgan qonunchilikka ko‘ra, tijorat banklarining ustav kapitali kamida 350 milliard so‘m bo‘lishi kerak edi. Ammo bu talab ham yuqorida tilga olingan banklar tomonidan bajarilmagan. 2025-yilning 1-yanvariga kelib, minimal talab 500 milliard so‘mni tashkil etdi. Markaziy bank sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov 2023-yilda minimal talablarni bajarmagan beshta bankning operatsiyalari cheklanganini ta’kidlagandi. Shuningdek, 2024-yilning may oyida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan edi, o‘shanda bir nechta bankning operatsiyalari cheklangan edi. (“reputatsiyasi bilan bog‘liq risklar” tufayli hech qaysisining nomlari oshkor qilinmagan)

2023-yilda ustav kapitalini bajara olmagan banklarga qanday chora ko‘rilgan?

2023-yil 1-may holatiga ko‘ra, sakkizta bank ushbu talablarga javob bermagan:

      •     Madad Invest Bank;

      •     Poytaxt Bank (149 mlrd. so‘m);

      •     Ravnaq-Bank (127 mlrd. so‘m);

      •     Uzum Bank (108 mlrd. so‘m);

      •     Apex Bank (100 mlrd. so‘m);

      •     Smart Bank (99 mlrd. so‘m);

      •     Hayot Bank (-0,2 mlrd. so‘m);

      •     O‘zagroeksportbank (32 mlrd. so‘m).

O‘shanda Markaziy bank banklarga ustav kapitalini ko‘rsatilgan miqdorlarga yetkazish va yangi talablarga javob berish bo‘yicha tavsiyalar berganini ma’lum qildi. Regulyator yangi talablarni bajarish uchun ustav kapitali yetarli bo‘lmagan banklarga boshqa banklar bilan qo‘shilishni tavsiya qilgan, aks holda, bank faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha litsenziya bekor qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan cheklangan.

Kelgusida nima bo‘ladi?

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, bu banklarga nisbatan:

      •     Aktiv yoki passiv operatsiyalarni cheklash;

      •     Litsenziyani bekor qilish chorasi ko‘rilishi mumkin.

Mazkur banklar 2024-yil 1-aprelidan kuchga kirgan 350 mlrd. so‘mlik minimal talablarni ham bajarishmagan. Ya’ni, ular ustav kapitalini oshirish bo‘yicha lozim darajada va jiddiy harakat ham qilishayotgani yo‘q.

Omonatchilari va kreditorlar manfaatlarini himoyalash uchun 2025-yil 1-yanvardan keyin ham ustav kapitalini minimal talabga yetkazmagan banklarga nisbatan jazo choralari qo‘llanilgani yoki aktiv yo passiv operatsiyalariga nisbatan biron-bir yangi cheklovlar kiritilgani haqida ochiq ma’lumotlar mavjud emas, deb yozmoqda Bakirov.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 54-moddasiga ko‘ra, bank ustav kapitali miqdori bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan belgilangan talabga muvofiq emasligi qo‘pol qoidabuzarlik sifatida malakalanadi va buning uchun bank litsenziyasi chaqirib olinishi kerak.

Теги :
Iqtisodiyot