$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda

nogiron

Nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda. Hukumatning tegishli qarori bilan, 2025-yil 1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimi doirasida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli va uning mobil ilovasi yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bir qator hududlarda kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Yangi tizimga muvofiq, 2025-yil 1-martdan boshlab, tajriba-sinov tariqasida, bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025-yil 1-oktyabrga qadar respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

Kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan xususiy tadbirkorlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan boshlab, Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kunduzgi parvarish xizmati faoliyatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga:

Bolalar uchun subsidiyalar

3-7 yoshli bolalar uchun – har bir kunlik tashrifga bazaviy hisoblash miqdorining 25%;

7-18 yoshli bolalar uchun – har bir kunlik tashrifga bazaviy hisoblash miqdorining 27% subsidiya ajratiladi. 

Bunda, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida subsidiya miqdori 1,1 baravar ko‘paytiriladi. 

Kambag‘al oilalar bolalari uchun subsidiya yana 30% oshiriladi. 

Kompensatsiya xarajatlari

Agar bola kunduzgi parvarish markazidan 3 km uzoqda yashasa va xususiy sherik transport tashkil qilsa, har bir qatnash kuniga qarab, bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining 75% gacha kompensatsiya to‘lanadi. 

Tadbirkorlar uchun imtiyozli kreditlar

2027-yil 1-iyulga qadar kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bankning asosiy stavkasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha mebel va jihozlar xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Bunda, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarida ishtirok etayotgan banklarga imtiyozli kredit ajratish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt past stavkada 30 milliard so‘mgacha miqdorda resurs ajratiladi.

Ushbu yo‘nalishda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni tashkil etish jarayonlarini raqamlashtiriladi.

Yangi modul va ilova yaratiladi

Shuningdek, 2025-yil 1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimi doirasida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli va uning mobil ilovasi yaratiladi. 

Ushbu tizim: 

Davomatni biometrik identifikatsiya orqali yuritadi; 

Subsidiyalarni avtomatik hisoblab chiqadi. 

2025-yil 1-sentyabrga qadar “Bolalar salomatligi” axborot tizimi joriy etiladi. 

Ushbu tizim esa: 

Bolalarning rivojlanishidagi muammolarni erta aniqlaydi.

Tibbiy, reabilitatsiya, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni birlashtiradi. 

Shuningdek, 2025-yil 1-iyulga qadar Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib quyidagi imtiyozlar beriladi:

Kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha barcha soliqlardan (ijtimoiy soliq mustasno) ozod qilinadi. 

Ota-onalar tomonidan kunduzgi parvarish xizmatiga to‘langan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ soliq solinmaydigan daromad sifatida tan olinadi.