$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda Fast Track pulli tezkor chegara nazorati joriy etiladi

fast track

O‘zbekistonning chegara punktlaridan tez va navbatsiz o‘tish imkoniyatini beruvchi Fast Track xizmati joriy etilmoqda. Ushbu xizmat doirasida alohida bojxona va pasport nazorati yo‘laklari, VIP zal va boshqa qulayliklar yaratiladi. Xizmat narxi bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizini tashkil etadi va 1-maydan boshlab 12 ta nazorat-o‘tkazish punktida ishga tushiriladi.

Fast Track qanday ishlaydi?

29-yanvar kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Fast Track tizimi jismoniy shaxslarning harakatini avtomatlashtirish maqsadida joriy qilinmoqda.

Xizmatdan foydalanish uchun yo‘lovchilar Bojxona qo‘mitasining rasmiy sayti yoki elektron to‘lov tizimlari orqali oldindan to‘lov qilishi yoki bevosita chegara punktida og‘zaki ariza berishi mumkin. To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng, yo‘lovchi QR kodga ega elektron talon oladi, bu talon bir yil davomida amal qiladi. Agar xizmatga chegara punktida ariza berilsa, to‘lov bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi. To‘lov qilinmagan taqdirda, fuqaro umumiy navbat orqali o‘tkaziladi.

Fast Track foydalanuvchilari maxsus ajratilgan yo‘laklardan navbatsiz o‘tish imkoniga ega bo‘ladi, qolgan yo‘lovchilar esa umumiy navbat tartibida bojxona nazoratidan o‘tadilar.

Xizmat narxi va to‘lov tartibi

Fast Track xizmati uchun har bir yo‘lovchi 15 foiz BHM (hozirda 56 250 so‘m) to‘laydi. To‘lov mobil ilovalar yoki chegara punktlaridagi bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.

Xizmat 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun bepul taqdim etiladi.

Fast Track tizimidan tushgan mablag‘ qanday taqsimlanadi?

To‘langan mablag‘larning 80 foizi Bojxona organlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maxsus jamg‘armasiga, 20 foizi esa Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hisobiga yo‘naltiriladi.

Fast Track xizmatining qulayliklari

Yo‘lovchilar uchun Fast Track xizmati doirasida bir qator qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi. Tezkor pasport va bojxona nazorati uchun alohida yo‘lak ajratiladi, bu esa navbat kutish vaqtini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shuningdek, chegara punktlarida bank bo‘limi, yo‘lovchilar uchun kafe, oziq-ovqat va ichimliklar sotib olish joyi tashkil etiladi. Ona va bola xonalari, shuningdek, ayollar va erkaklar uchun alohida sanitariya uzellari yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘lovchilarga VIP zal ham taqdim etiladi, u erda yumshoq o‘rindiqlar, stollar, televizor va Wi-Fi mavjud bo‘lib, chegarani o‘tish jarayonini yanada qulay qiladi. Shuningdek, xizmat doirasida namozxona ham barpo etilishi rejalashtirilgan.

Arizani bekor qilish va mablag‘ni qaytarish

Yo‘lovchilar chegarani kesib o‘tish vaqtidan oldin Fast Track arizasini bekor qilishlari mumkin. Agar ariza bekor qilinsa, to‘langan summa avtomatik ravishda yo‘lovchining bank hisobiga yoki kartasiga qaytariladi.

Xizmat birinchi bosqichda 1-maydan boshlab O‘zbekistonning 7 ta hududidagi 12 ta nazorat-o‘tkazish punktida ishga tushiriladi.

Теги :
Jamiyat