$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish tizimi joriy qilinadi

tizim

3-fevral kuni “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bolalarning sifatli parvarish va ijtimoiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironlikning oldini olish va ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish kabi muhim maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

Kunduzgi parvarish xizmatidan kimlar foydalanishi mumkin?

Nogironligi bo‘lgan bolalar ushbu xizmatdan Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga asoslangan holda va ota-onalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan tuzgan ijtimoiy shartnoma asosida foydalana oladi. Ular kunduzgi parvarish markazlarida o‘qituvchilar, psixologlar va tibbiyot xodimlari nazorati ostida kunni o‘tkazadi.

Tadbirkorlar uchun subsidiya va qo‘llab-quvvatlash tizimi

2025-yil 1-martdan boshlab, nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etgan tadbirkorlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun har bir bola uchun subsidiya ajratiladi. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun har kunlik parvarish xarajatlarining 25 foizi, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 27 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlarida subsidiya miqdori 1,1 koeffitsiyent orqali oshiriladi. Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan bolalar uchun esa subsidiya yana 30 foizga oshiriladi.

Nogironlikning oldini olish tizimi va raqamli monitoring

Nogironlikning oldini olish va ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish maqsadida yangi tizimlar joriy etiladi. 2025-yil 1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” moduli va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-sentyabrgacha bolalarning rivojlanishidagi nuqsonlarni erta aniqlash va ularga kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan “Bolalar salomatligi” axborot tizimi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-iyulgacha ushbu xizmatni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar Markaziy bank asosiy stavkasida imtiyozli kredit olish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu kredit mablag‘lari mebel va jihozlar xarid qilish uchun ajratiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari

Davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish maqsadida Soliq kodeksiga muhim o‘zgarishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda.

2030-yil 1-yanvargacha ushbu xizmatni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar barcha turdagi soliqlardan ozod etiladi, faqat ijtimoiy soliq bundan mustasno.

Shu bilan birga, ota-onalar tomonidan kunduzgi parvarish xizmatlari uchun to‘lanadigan 3 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.