$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Mirziyoyeva: “Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrar”

Shahnoza Mirziyoyeva

Samarqandda 13 yashar bola Damas rusumli avtomashinada oyog‘i zanjir bilan kishanlangan holda aniqlangandi. Holatga Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva munosabat bildirdi.

Uning qayd etishicha, 15-mart kuni Samarqandda yuz bergan voqeaga ishonish qiyin bo‘lsada, har qanday muammoning yechimi uni qabul qilishdan boshlanishini tushunish kerak. Majburiy ravishda kishanband qilingan o‘smirga malakali psixologlar tomonidan zarur yordam ko‘rsatilmoqda, ayni paytda uning salomatligiga hech narsa tahdid solayotgani yo‘q.

Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat 

“Jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, bu qonunbuzarlik barchamiz uchun muborak ramazon oyida sodir etilgani kishini battar qayg‘uga soladi.

Yurtimizda birorta ham voyaga yetmagan shaxs bunday holatga tushib qolmasligi uchun jamiyatimizda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”, — deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

U, shuningdek, mazkur jinoyat fosh bo‘lishiga hissa qo‘shgan, o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan hushyor va g‘amxo‘r jamoatchilik vakillariga minnatdorchilik bildirdi. Ularning yordami bilan o‘smir uchun yanada ayanchliroq zo‘ravonliklarga duchor bo‘lishining oldi olinganini ta’kidlaydi.

"Samarqandda ro‘y bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan. Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sog‘lomlashtirilishi, ta’lim olishi va normal sharoitda yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishontirib qolaman", — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari.