$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻtgan yilda qariyb 8 ming migrant yoʻllarda halok boʻldi

migrant

O‘tgan 2025-yil davomida dunyo bo‘ylab migratsiya yo‘nalishlarida kamida 7 667 nafar muhojir hayotdan ko‘z yumdi yoki dom-daraksiz ketdi. Bu haqda BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT)ga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi. (https://www.dw.com/en/almost-8000-migrants-died-or-vanished-on-routes-in-2025-un/a-76141637)

Asl raqamlar ancha yuqori

Bu ko‘rsatkich 2024-yilga (9 200 o‘lim — 2014-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich) nisbatan biroz pastroq bo‘lsa-da, XMT asl raqamlar ancha yuqori bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Buning sababi yordam tashkilotlarini moliyalashtirish keskin qisqargani tufayli ko‘plab fojialarni hujjatlashtirish imkoni bo‘lmayotganidir.

Shu bilan birga, 2026-yilning boshlanishi yanada daxshatli kechmoqda. Yil boshidan buyon O‘rta Yer dengizida 606 kishi halok bo‘ldi — bu yilning ushbu davri uchun rekord ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida 285 ta holat qayd etilgan edi. Shuningdek, yana yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.

Qaysi hududlarda oʻlim koʻp?

XMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda o‘lim holatlari quyidagi hududlarda kuzatilgan:

O‘rta Yer dengizida 2 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan yoki yo‘qolgan;

G‘arbiy Afrika – Kanar orollari yo‘nalishida taxminan 1 200 kishi qurbon bo‘lgan;

Shimoliy va Janubiy Amerikada esa 409 ta (2014-yildan buyon eng past ko‘rsatkich) o‘lim qayd etilgan.

Fojiali voqealardan biri sifatida Braziliya va Karib orollari qirg‘oqlarida ichida 42 nafar migrantning jasadi bo‘lgan uchta qayiq topilgani keltirildi. Taxminlarga ko‘ra, bu qayiqlar Afrikadan Kanar orollari sari yo‘l olgan, biroq oqim orqali Atlantika okeani bo‘ylab Braziliya qirg‘oqlarigacha borib qolgan.

Eng xavfli hudud

Uchinchi yil ketma-ket eng ko‘p o‘lim holatlari Osiyo hamda Afrika davlatlari – Yaman – Fors ko‘rfazi davlatlari yo‘nalishida qayd etildi. Bu yerda qariyb 4 000 kishi hayotdan ko‘z yumgan. BMT agentligi buni vatanini tark etayotgan afg‘onistonliklar soni ortib borayotgani bilan izohladi.

Nima qilish kerak?

XMT direktori Emi Poup migratsiya yo‘llaridagi o‘limlarni “qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb atadi.

“Bu o‘limlar muqarrar emas. Xavfsiz yo‘llar bo‘lmaganda, odamlar xavfli sayohatlarga va kontrabandachilar qo‘liga tushishga majbur bo‘lmoqda. Biz xavfsiz va tartibli migratsiya yo‘llarini kengaytirishimiz, muhtojlarga yordam yetib borishini ta’minlashimiz shart”, dedi Emi Poup.

Tashkilot xalqaro hamjamiyatni qidiruv-qutqaruv ishlarini kuchaytirishga, moliyaviy yordamni oshirishga va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy tarmoqlarni yo‘q qilishga chaqirmoqda.

Теги :
Jamiyat