$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Kuniga 15 daqiqalik jismoniy mashqlar saratonga chalinish xavfini kamaytiradi

razminka

Ko‘pchilik sport va jismoniy faollik salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va umr ko‘rish davomiyligini oshirishi, shuningdek ko‘plab kasalliklardan himoya qilishi haqida eshitgan. Ammo bu davrimizning eng halokatli kasalliklaridan biri — saratonga tegishlimi?

Jismoniy faollik va saraton xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik

“Medicine and Science in Sports and Exercise” xalqaro tibbiyot jurnalida jismoniy faollik va saraton xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida keng ko‘lamli sharh nashr etilgandi. Unda olimlar 45 dan ortiq tadqiqot va ilmiy maqolalarni tahlil qilib, jismoniy faollik bir qancha turdagi saraton xavfini kamaytiradi, degan xulosaga kelishdi. 

20-25%ga kamroq

Muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadigan respondentlarda jismoniy mashqlar qilishga xushi yo‘q bo‘lganlarga qaraganda saratonning ayrim turlarining rivojlanish xavfi 20-25 foizga kamroq bo‘lgan. Shu bilan birga, sportning o‘zi ushbu kasallikdan himoya qiladi, deyish noto‘g‘ri. Jismoniy faollik o‘simta rivojlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan biologik faol moddalar darajasini pasaytiradi. Ular orasida ba’zi gormonlar (masalan, estrogenlar va insulin) ham, hujayra o‘sishini rag‘batlantiradigan fermentlar ham mavjud. Ularning yuqori konsentratsiyasi o‘simta o‘sishiga olib keladigan bir qator halokatli mutatsiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ortiqcha vazn

Sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi birgalikda ortiqcha vazn bilan kurashishning eng yaxshi usulidir. Semirib ketish saratonning bir necha turlari rivojlanish ehtimolini oshirishi ma’lum. Normal tana vaznini saqlab turish metabolizmni yaxshilaydi. Bu esa tananing o‘smaga qarshi himoya tizimlarini faollashtiradi. Jismoniy mashqlar immunitet tizimining ishiga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Bu bizni nafaqat bakteriyalar va viruslar kabi tashqi tahdidlardan, balki saraton rivojlanishiga olib keladigan ichki “buzilishlar”dan himoya qiladi. Yaxshi immunitet organizmga birinchi o‘sma hujayralarini o‘z vaqtida aniqlash va ularni yo‘q qilish imkonini beradi.

Kuniga 15-20 daqiqa

Shuningdek, o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lgan va faol hayot tarziga amal qiladigan insonlar chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish kabi yomon odatlarga moyil bo‘lmaydilar. Bu ham o‘sma paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi. Olimlar haftasiga kamida 150 daqiqa o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishni tavsiya qiladilar. Kuniga 15-20 daqiqa bunday mashg‘ulotlarni bajarish ham foydali. O‘rtacha intensivlikdagi mashqlarga tez yurish, raqs tushish, velosipedda sayr qilishni kiritish mumkin. Hatto, uy bekalari uchun xonadonni umumiy tozalash yoki tomorqada ishlash ham jismoniy faollikka misol bo‘la oladi.