$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktablardagi bepul tushlik nima beradi?

tushlik

Respublikaning ikki hududida sinovdan o‘tkizilayotgan maktablardagi bepul tushlik yuzasidan Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari ikkita so‘rovnoma o‘tkazdi.

Sinov va so‘rov

Ma‘lumot uchun, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida mamlakatimizdagi barcha maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgandi. Shu maqsadda 2022-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash sinov tariqasida joriy etilgan edi. Bu maqsad uchun har bir hududga davlat budjetidan 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgandi.

Qoniqarli natija

Aynan ushbu masala bo‘yicha MHTI ekspertlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi 40 ta maktabda 4 mingdan ortiq 1−4 sinf o‘quvchilari, ularning ota-onalari va o‘qituvchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Aniqlanishicha, 2022−2023-yillarda mazkur hududlarda maktablarda bepul ovqatlanish dasturining amalga oshirilishi “qoniqarli” deb topilgan.

8 foizlik o‘sish

Maktablarda bepul ovqatlanish boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining davomatiga qanday ta’sir qilishini baholash uchun “Propensity score matching” (PSM) modelidan foydalanilgan. Ushbu model tajriba tariqasida bepul tushlik dasturi qo‘llanilayotgan hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) va nazorat hududlarida (respublikaning boshqa 12 ta hududlari) taqqoslash uchun bir-biriga o‘xshash xususiyatlarga ega uy xo‘jaliklarini aniqlab bergan. Ushbu ikki guruhdagi maktablarda davomat darajasi t-test bo‘yicha taqqoslanganda bepul tushlik maktabga qatnash darajasini 8 foizga oshirishi aniqlandi.

“Uy sharoitida muntazam ravishda nonushta qilish va vitaminlar, makro va mikroelementlarga boy oziq-ovqatlar, sabzavot va mevalarni iste’mol qilish kabi sog‘lom ovqatlanish odati nafaqat bolalar salomatligini yaxshilashi, balki maktabda darslarni yaxshiroq o‘zlashtirish uchun ham xizmat qilishi ma’lum.”, – deydi ekspertlar.

MHTI tavfsiyasi

MHTI mutaxassislari boshqa mamlakatlar va O‘zbekistonning sinov hududlari tajribasini o‘rganib, quyidagilarni tavsiya qildi:

-        boshlang‘ich sinflar uchun maktablarda bepul ovqatlanish ratsionini har bir hududning turmush sharoitidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish lozim;

-        umumiy boshlang‘ich ta’lim maktablardagi bolalarni (1-4 sinf o‘quvchilarni) kuniga kamida bir marta bepul issiq ovqat bilan ta’minlash uchun har bir maktabda oshxona tashkil etilishi kerak;

-        taomlar kaloriyasi, tarkibi va og‘irligi bo‘yicha standartlarga javob berishi kerak. Ratsionda makro-mikroelementlar, vitaminlar, sellyulozaga boy va biologik faol moddalar bilan boyitilgan oziq-ovqatlar, shuningdek, cheklangan miqdordagi yog‘, shakar va tuz bo‘lgan ovqatlar bo‘lishi kerak;

-        sut va sut mahsulotlarini maktabda ovqatlanish ratsioniga kiritish natijasida kamida uch yil davomida har bir bolaning bo‘yi va vazni oshadi, kasallikka chalinish darajasi va moddlalar almashinuvi buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar kamayadi;

-        maktabda ovqatlanish dasturi bolalarga mikroelementlar va vitaminlar bilan boyitilgan ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etgan holda mahalliy qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishi lozim;

-        maktablarda bepul ovqatlanish sifatini baholashning (bolalar va ularning ota-onalaridan so‘rov o‘tkazish imkoniyatiga ega) onlayn elektron platformasini yaratish zarur, bu esa jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi va muntazam monitoring olib borish imkoniyatini beradi;

-        O‘zbekistonda maktablarda bepul ovqatlanish qamrovini kengaytirish va dasturni moliyalashtirish uchun donorlar, ham milliy xususiy sektor, ham xalqaro tashkilotlar jalb etilishi mumkin.

Sinov hududlarining iste’mol ko‘rsatkichlari qanday?

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, bolalarning 77 foizi har kuni yong‘oq, uzum, quritilgan o‘rik, sabzavot va mevalarni iste’mol qiladi (Respublikaning boshqa hududlarida 88 foiz). Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bolalarning 61 foizi har kuni go‘sht iste’mol qiladi, boshqa viloyatlarda esa bu ko‘rsatkich 73 foizga teng. Shuningdek, Xorazm viloyatidagi maktablarning 75 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarining 53 foizida maktab oshxonasi yoki bufeti bor.

Rossiya tajribasi

Rossiyada umumiy boshlang‘ich ta’lim (1-4-sinflar) maktab dasturlari bo‘yicha ta’lim olayotgan barcha o‘quvchilarga kuniga kamida bir marta bepul issiq yegulik: issiq ovqat va issiq ichimlik beriladi. Shu bilan birga, maktab oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari assortimenti xilma-xil bo‘lib, don va tvorogdan tayyorlangan ovqatlar, go‘sht yoki baliq, sut mahsulotlari (shu jumladan pishloq, sariyog‘), tuxumli oziq-ovqatlar, sabzavotlar (yangi, qovurilgan, qaynatilgan), makaron kabi mahsulotlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, makro-mikroelementlar, vitaminlar, sellyulozaga boy va biologik faol moddalar bilan boyitilgan mahsulotlar, shuningdek, cheklangan miqdordagi yog‘, shakar va tuz bo‘lgan ovqatlardan (har bir taom uchun ovqatga qo‘shiladigan tuz miqdori har bolaga 1 grammdan oshmasligi lozim) foydalanish ko‘zda tutilgan.

Sut mahsulotlari tajribasi

Xitoyda bolalarning bo‘yi “Maktab suti” dasturi tufayli tez o‘sa boshladi. Xitoyda bu dastur 2000-yilda boshlangan va 13 yil ichida aholi jon boshiga sut mahsulotlari iste’moli yiliga 6,7 kg dan 23,9 kg gacha oshgan. Uch yil davomida maktab sutini olgan har bir bolaning bo‘yi o‘rtacha 1,2 sm va vazni 0,6 kg ga oshgan.

Rossiyada esa “Maktab suti” tufayli bolalar kamroq kasal bo‘la boshladi. Bolalarda tayanch-harakat tizimi, endokrin tizim va metabolik kasalliklar bilan kasallanish holatlari kamaydi.

Qozog‘istonda investorlar jalb etilmoqda

Qozog‘istonda maktablarda bepul issiq ovqat dasturi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlariga katta investitsiyalar jalb etilayapti, fermerlik, qayta ishlash sanoati, logistika va boshqa sohalar rivojlanayapti, yuz minglab ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Shvertsiyada baholash platformasi

Shvetsiyada mahalliy hokimiyat organlari, jamoatchilik va maktab ma’muriyati bepul ovqatlanish sifatini baholash uchun “SkolmatSverig” deb nomlangan onlayn platformadan foydalanadi. Platformada ovqatlanish sifatini baholash ko‘rsatkichlari mavjud bo‘lib, har qanday fuqaro yoki tashkilot maktabdagi tushlik sifatining tavsiya etilgan me’yorlarga muvofiqligini tekshirish, uning sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish, bolalar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rov tashkil etish imkoniyatiga ega.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP)ning vazifasi barcha bolalarning maktabda ovqatlanishi va sog‘lom turmush tarziga ega bo‘lishini ta’minlash va ularning o‘qishga qiziqishini oshirish uchun butun dunyo hukumatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat”, – deydi MHTI.

Maktabda ovqatlanish dasturi ko‘rsatkichlari

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2022 yillarda maktabda ovqatlanadigan bolalar soni dunyo miqyosida 7 foizga, daromadi o‘rtachadan past bo‘lgan mamlakatlarda esa 12 foizga oshgan. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab boshlang‘ich maktabga qatnaydigan bolalarning taxminan 41 foizi maktabda ovqatlanish dasturlaridan foydalanmoqda: ushbu ko‘rsatkich daromadi past mamlakatlarda 18 foizni, daromadi o‘rtachadan past bo‘lgan mamlakatlarda 39 foizni va daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda 61 foizni tashkil etadi.

O‘zbekistonda dastur taklifi

Ilk bor maktab o‘quvchilariga bepul ovqat berish taklifi 2021-yil sentabr oyida prezidentlik saylovlari arafasida O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul nonushta berish XDP nomzodi Maqsuda Varisova tomonidan ham taklif etilgan.

Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi saylovoldi tashviqoti chiqishlarida ushbu hududlardagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlashga va’da bergan edi. U Bo‘zatov tumanida saylovchilar bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda 1−4 sinf o‘quvchilarining bepul tushligi uchun yiliga 100 mlrd. so‘m ajratilishini ma’lum qilgan.

Теги :
Jamiyat