$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

3 oygacha qamoq, ota-onalik huquqidan mahrum etish: xorijda farzandi maktabga bormagani uchun ota-onalarga qanday jazolar qoʻllaniladi?

Sinfxona

So‘ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktablardagi davomat masalasi jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ota-onalarga jazo qo‘llanilishi qonunchilikda belgilab qo‘yilganiga qaramay, yangilikdek tuyilmoqda. Masalan, 2023 yilda O‘zbekistonda 6 million o‘quvchining 14 mingdan ziyodi maktabga muntazam bormayotgani aniqlangan. Hamda farzandi tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan.

Joriy yilning birgina yanvar oyida ham 52 nafar shaxs farzandi maktabga sababsiz kelmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga jarima jazosi qo‘llanilgan.

Xorij tajribasi qanday?

Xo‘sh, savol tug‘iladi. Dunyoning boshqa davlatlarida ham farzandi darsga bormaganligi uchun ota-onalarga nisbatan jazo choralari qo‘llaniladimi?

Yuridik fanlar doktori, professor Mirg‘olib Nurmatov UzAga bergan intervyusida bir qancha jahon tajribasidan misollar keltirilgan.

Maktabga bormagan har bir kun uchun jarima oshirib boriladi

Masalan, Irlandiyada 2000-yilda qabul qilingan "Ta’lim (farovonlik) to‘g‘risida"gi qonunga binoan agar farzand maktabga bormaydigan bo‘lsa, (kasalligi va boshqa sabablar) ota-onalar bu haqida maktab ma’muriyatiga xabar berishi (imkon qadar yozma tarzda) lozimligi belgilangan. Ushbu qonunga ko‘ra ota-onalar yoki qonuniy vakillar o‘z farzandining maktabga borishini va ta’lim olishini ta’minlashi uchun qonuniy majburiyatlarga ega. Farzandlari maktabga bormaydigan bo‘lsa, ota-onalarga avvalo ogohlantirish yuboriladi. Unda farzandlari maktabga kelmayotganligi va bu holat yana davom etadigan bo‘lsa, qonuniy choralar ko‘rilishi ko‘rsatib o‘tiladi. Agar ota-onalar ogohlantirishga rioya qilmasa, ularga nisbatan jazo choralari, jumladan, jarima jazosi yoki bir oygacha qamoq (ma’muriy) jazosi qo‘llanilishi mumkin. Jarima miqdori farzandi maktabga kelmagan har bir kun uchun oshirib boriladi.

3 oygacha qamoq

Buyuk Britaniyada 1996-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonunga binoan agar bolalar sababsiz maktabga kelmagan bo‘lsa, ota-ona huquqbuzarlikda aybdor, deb topiladi va darsga muntazam qatnashmaslik holati bo‘yicha jarimaga (ming funt sterling) tortiladi. Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan bu kabi huquqbuzarlik yana qayta sodir qilinsa, 2500 funt sterlinggacha jarima yoki 3 oygacha qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilangan.

Majburiy tarbiyalash kurslari

Kanadada ham farzandlari maktabga bormagan ota-onalarga nisbatan jarima jazosi mavjud. Xususan, jazo tariqasida ota-onalar majburiy tarbiyalash kurslari va oilaviy maslahat kurslariga jalb qilinishlari mumkin.

Majburiy ta’lim kengashiga chaqirtiriladi

Ta’lim tizimi bilan dunyoga o‘rnak bo‘layotgan Singapur davlatida esa ota-onalar o‘z farzandlarining maktabga borishiga e’tiborsizlik qiladigan bo‘lsa, ular farzandlari bilan birgalikda Majburiy ta’lim kengashiga chaqirtiriladi. Bundan keyin ham salbiy holat davom etsa, ularga nisbatan qonuniy tartibda jarima jazosi qo‘llaniladi.  

Ota-onalik huquqidan mahrum etish

Rivojlangan davlatlardan biri – Germaniyada farzandlari maktabga kelmagan ota-onalar ogohlantiriladi. Agar ushbu holat yana davom etsa, ularga nisbatan jarima jazosi (1250 yevrogacha) qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ota-ona farzandini maktabga yuborishdan bosh tortsa yoki bolasini nazorat qila olmasa, mahalliy bolalar xizmatlari yoki ijtimoiy xizmat xodimlari polisiyadan ularni maktabga kuzatib borishlarini talab qilishi yoki og‘ir oqibatlarda ota-onalik huquqidan mahrum etish (qisman yoki to‘liq) uchun sudga murojaat qilishlari mumkin. Bundan tashqari, 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan ham dars qoldirganliklari uchun qamoq tarzidagi jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Jarima yoki ma’muriy qamoq

Qo‘shni Qozog‘istonda farzandlari maktabga bormaganligi uchun aybdor bo‘lgan ota-onalarga nisbatan Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash va (yoki) o‘qitish, huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik)ga binoan hamda 409-moddasi (Qozog‘iston Respublikasining ta’lim, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi qonunchiligini buzish)ga asosan jarima yoki ma’muriy qamoq (10 sutkagacha) jazosi qo‘llaniladi.