$
 11985.10
12.75
 13923.09
71.08
 148.86
1.34
weather
+26
Кечаси   +14°

Toʻp oʻynamaydigan bolalar: Nega hozirgi avlodning tabiiy doʻsti yoʻq?

Common Sense Media tadqiqotiga ko‘ra, o‘smirlarning 70 foizidan ortig‘i sun’iy intellekt-kompanyonlar — hissiy aloqa o‘rnatuvchi va suhbat quruvchi virtual “do‘st”lardan foydalanib ko‘rgan. So‘rovnomada qatnashganlarning yarmi buni muntazam ravishda amalga oshiradi. Maxsus ilovalar — masalan, Character yoki Replika — bilan bir qatorda, ChatGPT kabi mashhur chat-botlar ham aynan suhbat va ruhiy ko‘mak uchun keng qo‘llanmoqda.

Sun’iy intellektning jozibasi — doimo yoningda bo‘lishi va nazorat qilmasligi

Arkanzaslik 18 yoshli Ganesh Nair SIni mashhurlashtirgan omillarni shunday izohlaydi: “U har doim mavjud, charchamaydi, tanqid qilmaydi”. O‘smirlar SIning yonida o‘zlarini har doim haq va qiziqarli his qilishlarini aytadi. Biroq Ganeshning o‘zi SIdan foydalanishni kamaytirishni rejalashtirgan — u virtual dasturlar haqiqiy insoniy munosabatlarni siqib chiqarishi mumkinligidan xavotirda.

Mutaxassislar bildirayotgan xavotirlar

O‘smirlarning 31 foizi ba’zan SIning suhbatini real do‘stlar bilan muloqotdan ko‘ra qoniqarliroq deb topganini tan olgan. Uchdan bir qismi hatto jiddiy mavzularni ham shu botlar bilan muhokama qilgan. Shu bilan birga, respondentlarning yarmi sun’iy intellekt bergan maslahatga ishonmasligini bildirgan. Mutaxassislar fikricha, tanqid va tabiiy “ijtimoiy saboqlar” bo‘lmaydigan bunday muloqot real hayotdagi kommunikativ ko‘nikmalarning shakllanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Zamonaviy SI-kompanyonlarning kamchiliklari

Tadqiqot natijalari yosh chegarasi ustidan nazorat pastligini, shuningdek zararli tavsiyalar yoki nomaqbul — jumladan, jinsiy kontentga duch kelish xavfini ko‘rsatdi. Umuman olganda voyaga yetmaganlarga bunday platformalardan foydalanishni cheklash yoki butunlay chetga olish tavsiya etilmoqda.

Sun’iy intellekt o‘smirlarning ruhiy salomatligiga qanday ta’sir qiladi?

Psixologlar SIdan ortiqcha foydalanish yoshlarning ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini susaytirishi mumkinligini aytmoqda. Bunday holatlar ayrim og‘ir oqibatlarga ham olib kelgani ma’lum — masalan, Character chat-botiga haddan tashqari bog‘lanib qolgan 14 yoshli bolaning o‘z joniga qasd qilgani.

O‘smirlarning SIga munosabati: qulaylik va qaramlik

Ko‘pchilik SI’dan o‘qish, xat yozish yoki oddiy maishiy vazifalarda yordam sifatida foydalanadi. 17 yoshli Bryus Perri fikricha, SI fikrni tezroq shakllantirishga ko‘mak beradi. Biroq u shuni ham ta’kidlaydi: yoshlar virtual olamga haddan tashqari kirib qolsa, tirik muloqotni izlashdan to‘xtashi mumkin.

Sun’iy intellekt — yangi turdagi qaramlik

O‘smirlar ham, mutaxassislar ham SIni yangi ko‘rinishdagi qaramlik bilan taqqoslashmoqda — u insonning eng chuqur ehtiyojlariga, ya’ni yaqinlikka va hissiyotga ta’sir qiladi. Ijtimoiy tarmoqlar o‘zini “chetda qolmayotgandek” his qilishga imkon bergan bo‘lsa, sun’iy intellekt odamlar hayotidagi hissiy bo‘shliqni to‘ldirishga urinmoqda.

Теги :
Jamiyat