$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Mirziyoyev va Putin Kremlda uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbarlari strategik sheriklikni rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlik va xalqaro maydondagi vaziyatni muhokama qildilar.

Putinning “tahdidlar” haqidagi bayonoti

Muzokaralar chog‘ida Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlardagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirib, buni ikki davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos birodarlik munosabatlarining belgisi deb atadi.

“Tashqi signallar va tahdidlarga qaramay, O‘zbekiston Prezidenti shu yerda va ertaga biz bilan birga Qizil maydondagi harbiy paradda ishtirok etadi”, — dedi Rossiya yetakchisi.

“Bu — umumiy G‘alabamiz”

Shavkat Mirziyoyev tarixiy xotirani e’zozlash va uni yosh avlodga yetkazish muhimligini alohida ta’kidladi.

“Ushbu G‘alaba — umumiy tariximiz, umumiy yutug‘imizdir va biz buni aslo unutmasligimiz kerak”, — deya qayd etdi O‘zbekiston Prezidenti. Shuningdek, u urush qatnashchilarining ko‘rsatgan jasorati yoshlarni tarbiyalash va avlodlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini bildirdi.

Rahbarlar nimalarni muhokama qilishdi?

Uchrashuv davomida tomonlar avval erishilgan kelishuvlarning ijrosini ko‘rib chiqdilar. O‘zaro savdo aylanmasi o‘sayotgani, shuningdek, sanoat, energetika, metallurgiya va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Prezidentlar quyidagi yo‘nalishlarga ham alohida e’tibor qaratdilar:

  • Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish;
  • Hududlararo aloqalarni kengaytirish;
  • Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish.

Suhbat yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar.

Теги :
Jamiyat