$
 12009.29
-4.23
 13699.00
49.24
 154.74
-5.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Banklar trillionlab mablag‘ yo‘qotmoqda: muammoli kreditlar hajmi bir oyda qariyb 8 foizga o‘sdi

kredit

Bir oy ichida muammoli kreditlar hajmi birdaniga 1,7 trillion so‘mga ko‘paydi. Umumiy qarzdorlikning qariyb 71 foizi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Muammoli kreditlar keskin ko‘paydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning may oyida O‘zbekiston bank tizimidagi muammoli kreditlar hajmi 1,7 trillion so‘mga yoki 7,7 foizga oshgan.

1-iyun holatiga ko‘ra, muddati o‘tgan va muammoli kreditlarning umumiy hajmi 23,6 trillion so‘mdan oshdi, vaholanki bir oy muqaddam bu ko‘rsatkich 21,9 trillion so‘mni tashkil etayotgan edi.

Asosiy zarba davlat banklariga to‘g‘ri keldi

Muammoli kreditlar umumiy summasining 16,7 trillion so‘mi davlat ishtirokidagi banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bir oy ichida ushbu ko‘rsatkich birdaniga 1,6 trillion so‘mga o‘sgan.

Xususiy banklarda esa muammoli kreditlar hajmi bor-yo‘g‘i 100 milliard so‘mga ko‘payib, 6,9 trillion so‘mga yetdi.

Qaysi banklar yetakchilik qilmoqda?

Davlat banklari orasida eng ko‘p muammoli kreditlar quyidagi moliya muassasalarida qayd etilgan:

  • O‘zbekiston Milliy banki (NBU) — 3,54 trillion so‘m;
  • Agrobank — 3,1 trillion so‘m;
  • O‘zsanoatqurilishbank — 2,1 trillion so‘m;
  • Asaka bank — 1,94 trillion so‘m;
  • Mikrokreditbank — 1,78 trillion so‘m;
  • Xalq banki — 1,75 trillion so‘m;
  • Biznesni rivojlantirish banki — 1,1 trillion so‘m.

Xususiy banklar o‘rtasida Kapitalbank 1,3 trillion so‘mlik muammoli kredit bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda esa muddati o‘tgan qarzdorlik hajmi 1 trillion so‘mdan oshgan Ipoteka-bank joy olgan.

O‘sish yil boshidan buyon davom etmoqda

2025-yil yakunlariga ko‘ra muammoli kreditlar hajmi 18,05 trillion so‘mgacha qisqargan bo‘lsa, 2026-yilga kelib vaziyat yana yomonlasha boshladi:

  • Yanvar — 19,3 trillion so‘m;
  • Fevral — 20,2 trillion so‘m;
  • Mart — 19,86 trillion so‘m;
  • Aprel — 21,9 trillion so‘m;
  • May — 23,6 trillion so‘m.

Besh yil ichida ko'rsatkich to‘rt baravardan ziyodroqqa o‘sdi

2021-yilning boshida O‘zbekistondagi muammoli kreditlar hajmi 5,8 trillion so‘mni tashkil etgan edi. Oradan bir yil o‘tib, bu raqam 17 trillion so‘mga yetdi. Shundan so‘ng ham ko‘rsatkich yuqoriligicha qoldi: 2023-yil boshida 14 trillion, 2024-yil boshida 16,6 trillion va 2025-yil boshida 21 trillion so‘mdan oshdi.

2026-yilning dastlabki besh oyi yakunlariga ko‘ra, muammoli kreditlar hajmi 23,6 trillion so‘mga yetdi. Bu esa banklarning kredit portfeli sifati yomonlashishda davom etayotganidan dalolat beradi.

Теги :
Jamiyat