$
 12141.94
26.97
 14289.85
29.32
 162.63
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Doimiy bosim, xavotir, bezovtalik: Kreditlar bizga qanday ta’sir qiladi?

kredit

Moliyaviy majburiyatlar — bu shunchaki bank ko‘chirmasidagi raqamlar emas. Ular sizning kayfiyatingizga, o‘z-o‘zingizga bo‘lgan bahoyingizga va hatto jismoniy sog‘ligingizga ta’sir qiluvchi ko‘rinmas hamrohlarga aylanadi. To‘lov muddati o‘tishi sababli tinimsiz davom etadigan stress, yaqinlar oldidagi aybdorlik hissi, qarzlar haqidagi o‘y-fikrlar — bular shunchaki “vaqtinchalik qiyinchiliklar” emas, balki real psixologik bosimdir.

Nima uchun bankka ariza berishdan oldin yana bir bor o‘ylab ko‘rish kerak? Bu savolga psixolog-konsultant Yuliya Sinyutina javob beradi.

Nima uchun kredit olamiz?

Qarzlar ruhiy salomatligimizga zararli ta’sir ko‘rsatishini ko‘pchilik biladi. Shunga qaramay, banklar tomonidan berilayotgan kreditlar hajmi kamaymayapti, aksincha, o‘sib bormoqda. Buni tushuntirish oson: odamlar iste’molchilikka o‘rganib qolgan va bu odatdan voz kechishni istashmaydi. Yangi narsalar sotib olish va lazzat olish (masalan, kurortlarga borish, qimmat kurslarda o‘qish yoki dabdabali to‘ylar o‘tkazish) kayfiyatni sezilarli darajada ko‘taradi.

Biroq, ko‘pincha bunday yoqimli lahzalar uchun mablag‘ yetarli bo‘lmaydi. Bu vaziyatda esa ipoteka, kredit va overdraftlarni faol taklif qilayotgan banklar har doim shay turibdi. Vasvasa katta, qarz olish jarayoni esa maksimal darajada soddalashtirilgan — natijada odamlar bankdan pul olib, tezroq qutulish umidida qarzga botadilar. Amalda esa buning aksi sodir bo‘ladi. Ba’zilar nafaqat kreditni muddatidan oldin yopa olmaydi, balki oylik majburiy to‘lovlarni ham o‘z vaqtida amalga oshirishga qiynaladi. Banklar esa darhol qarzdorlikni barcha usullar bilan eslatishni boshlaydi: qo‘ng‘iroqlar, SMS-xabarlar, messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali tinimsiz bog‘lanishadi.

Bu asab tizimiga jiddiy zarba beradi. Banklarning bunday "g‘amxo‘rligi" muntazam takrorlansa, qarzdorlarda bezovtalik va xavotir hissi kuchayadi. To‘g‘ri, ular bu yo‘lni o‘zlari tanlashgan, ammo bu haqiqatni anglash ruhiy bosimni kamaytirmaydi.

Kreditning ruhiy salomatlik uchun xavfi nimada?

1. Qarzning ezuvchi hissi

Eng asosiy salbiy oqibat — qarzning og‘irlik hissi. Bu tuyg‘u ongsiz ravishda odamni kemiradi, qiynaydi va bir daqiqa bo‘lsa-da bo‘shashishga (dam olishga) qo‘ymaydi. Inson hissiy jihatdan erkinligini yo‘qotadi. Bu subyektiv, ammo juda kuchli hissiyotdir. Doimiy qarz va qaramlik hissi organizmga psixosomatik ta’sir ko‘rsatadi, bu esa vaqt o‘tishi bilan jismoniy kasalliklarga aylanadi.

Ko‘pincha bu holat odamlarni asabiy toliqish, nevrozlar, uzoq davom etadigan chuqur depressiya va jiddiy sog‘liq muammolariga olib keladi. Ba’zida inson, hayotida hamma narsa joyida bo‘lsa ham, o‘zini yomon his qilishining asl sababini tushunolmaydi. Sabab esa yuzada — yopilmagan qarz.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, aksariyat kasalliklarning ildizi asabiylashishga borib taqaladi. Ha, biz faqat kreditlar tufayli siqilmaymiz — hayotda tashvishlanish uchun sabablar talaygina. Biroq, to‘lanmagan qarzlar xavotir darajasini oshiruvchi eng muhim omillardan biridir.

2. Muammoning doimiy bosimi

Qarzlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular bizga vaqti-vaqti bilan emas, balki hal qilinmagan muammo sifatida doimiy ravishda bosim o‘tkazadi. Bizning miyamiz qarzni "mahsulot sotib olish" yoki "uyni tartibga keltirish" kabi neytral vazifa emas, balki aynan muammo sifatida qabul qiladi.

Agar biz qarzdorlikka xotirjamroq munosabatda bo‘la olganimizda, hayotimiz ancha yengillashgan bo‘lardi. Biroq bu oson emas — o‘z ruhiyatini aldash kamdan-kam odamga nasib qiladi. Bejizga: "Birovning pulini olib, o‘zingnikini qaytarasan", degan maqol yo‘q. Bu haqiqat vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Bir tomondan, kreditlar istaklarimizga kutmasdan, hoziroq erishishga imkon beradi. Ikkinchi tomondan, keyinchalik biz nafaqat pul, balki asablarimiz va sog‘ligimiz bilan ham haq to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, navbatdagi arizani topshirishdan oldin, barcha "ijobiy" va "salbiy" tomonlarini yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Shundagina siz o‘zingiz uchun eng to‘g‘ri qarorni qabul qila olasiz.

Теги :
Jamiyat