$
 12137.10
-50.58
 14307.21
-59.63
 158.53
-0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston kredit foizi yuqoriligi bo‘yicha dunyoda TOP-3likda

Kredit foizi

Har qanday davlatda kredit foizlarining shakllanishi, avvalo, o‘sha mamlakatdagi ichki inflyatsiya darajasi va Markaziy bank tomonidan belgilanadigan asosiy stavkaga bevosita bog‘liq. O‘zbekistondagi bugungi manzara shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimiz kredit qiymati bo‘yicha dunyodagi “yetakchi” davlatlar qatoridan joy olgan. Trading Economics tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistondan ko‘ra qimmatroq kreditlar faqat yillar davomida giperinflyatsiya girdobida qolayotgan Turkiya va Zimbabvedagina kuzatiladi.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2025-yilning dekabr oyida O‘zbekistonda (mikroqarzlar hisobga olinmaganda) kreditlarning o‘rtacha foizi 22,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning 1-yanvariga kelib bu ko‘rsatkich 23,4 foizga ko‘tarildi. Taqqoslash uchun, rivojlangan davlatlarda, masalan, AQSHda kredit stavkalari 6-7 foiz, Yevropada esa o‘rtacha 2,4 foiz atrofida tebranadi. Hatto qo‘shni Qozog‘istonda aholi 17-18 foizdan qarz olayotgan bir paytda, O‘zbekistonda uzoq muddatli kreditlar foizi qariyb 2 barobar qimmat — 23 foizdan past emas.

Real foiz stavkalarining o‘sishi va iste’mol kayfiyati

Moliya bozoridagi eng qiziqarli jihat shundaki, inflyatsiya pasayayotganiga qaramay, kreditlarning “real foiz stavkasi” so‘nggi yillarda ilk bor 10 foizdan oshdi. Real stavka — bu bank belgilagan nominal foizdan kutilayotgan inflyatsiya darajasi chiqarib tashlanganda qoladigan, bankning haqiqiy daromadliligi va mijoz uchun pulning chinakam yukini ifodalovchi ko‘rsatkichdir.

Kredit shartlari og‘irlashayotganiga qaramasdan, o‘zbekistonliklarning qarzga bo‘lgan ishtahasi hayratlanarli darajada yuqori. 2025-yil davomida aholi banklardan jami 156,9 trillion so‘m miqdorida mablag‘ olgan. Bu 2024-yildagi atigi 4,4 foizlik o‘sish bilan solishtirganda, deyarli 50 foizlik sakrashni anglatadi.

Mikroqarzlar barchasini hal qilmoqda

O‘tgan yili ajratilgan jami kreditlarning deyarli yarmi, ya’ni 45,8 foizi aynan mikroqarzlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Aholi tomonidan olingan 71,8 trillion so‘mlik mikroqarzlar hajmi bir yil ichida 56,7 foizga ko‘paydi. Qizig‘i shundaki, ushbu segmentda foizlar rekord darajada arzonlashib, 2026-yil 23-fevral holatiga ko‘ra o‘rtacha 29,3 foizni tashkil etmoqda.

Biroq, bu “arzonlashish” ortida o‘ziga xos muammolar yashiringan. Foizlar tushgani bilan, mikroqarz olish imkoniyati tobora qiyinlashmoqda. Markaziy bank bank tizimidagi risklarni jilovlash maqsadida yangi tartib joriy etmoqda: 2029-yilga borib banklarning umumiy kredit portfelida mikroqarzlar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerak. Hozirda portfeli asosan kichik qarzlar ustiga qurilgan ko‘plab banklar ushbu regulyator talabiga moslashish uchun limitlarni pasaytirmoqda yoki xizmatlarni vaqtincha to‘xtatmoqda.

2026-yildan nima kutish mumkin?

Mutaxassislarning fikricha, joriy yilda mikroqarzlar bozori 2025-yildagi kabi shiddatli o‘sishni ko‘rsatmasligi mumkin. Bunga sabab — yuqorida tilga olingan 25 foizlik chegara. Bunday tajriba avvalroq avtokreditlar bozorida ham kuzatilgan edi: 2023-yilda o‘rnatilgan cheklovlardan so‘ng banklarning ushbu yo‘nalishdagi faolligi keskin so‘ngan. Demak, 2026-yilda O‘zbekiston moliya bozorida aholi uchun qarz olish shartlari yanada qat’iylashishi va saralash jarayoni kuchayishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat