$
 12967.00
11.74
 13352.12
25.04
 126.49
0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oliy ta’lim, transport va qishloq xo‘jaligida oshgan

korrupsiya

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oliy ta’lim, transport va qishloq xo‘jaligida oshgan. AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiya qarshi kurashish agentligi axborot xizmati sohaga oid ishlar, rejalar va o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘tgan yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan

Manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xaridlari, davlat organlarining ochiqligi hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha hududlar va sohalar kesimida o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan qonunbuzilishilarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 408 ta taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnomalar natijasida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 85 nafar shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanildi, 234 ta holatda jami 263,9 mlrd. so‘mlik xaridlar bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridlari o‘tkazilishining oldi olindi.

Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga huquqiy baho berish uchun 293 ta materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, ular asosida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan umumiy 28 ta jinoyat ishi va 104 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 222,7 mlrd. so‘mlik moddiy zararning davlat byudjetiga qaytarilishi yuzasidan qarorlar qabul qilingan.

309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan

Ommaviy axborot vositalarida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi yuzasidan e’lon qilingan 55 ta xabarlar o‘rganilib, ularning 25 tasi bo‘yicha davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlarining mavjudligi hamda 5 tasida davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi va qonunbuzilishi holatlari bartaraf etildi.

Davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmalari faoliyati takomillashtirilib, 74 ta davlat idorasi Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi bo‘yicha ISO xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi.

Korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda 852 nafar ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining malakasi oshirildi.

23 ta davlat organlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari ochiq tanlov asosida ishga qabul qilindi.

123 ta davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya haqida xabar berishga mo‘ljallangan aloqa kanallari tashkil etildi.

Davlat idoralarining funksiyalaridagi korrupsiya xavf-xatarlar darajasi baholashdan o‘tkazilib, 101 ta davlat organlari va tashkilotlarining 7 525 ta funksiyalaridan 495 tasi korrupsiya xavf-xatar darajasi “yuqori”.

Davlat idoralari faoliyati ochiqligi darajasini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi shakllantirilib, uning doirasida 103 ta davlat organlarining 31 tasi “yashil”, 43 tasi “sariq” va 29 tasi “qizil” baholandi hamda bu tizim orqali barcha darajadagi rahbar xodimlarning ochiqlikni ta’minlash sohasidagi mas’uliyati oshirildi.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.

“E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushirildi.

Xususan, 2024-yilda Respublika bo‘yicha jami 6 898 nafar shaxs tomonidan 5 716 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, 2023-yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgazta’minot” AJ, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Biroq oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligida oshgan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida 2024-yilda 309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan.

Sohada 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Agentlikka 2024-yil davomida jami 4 176 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat maxalliy hokimliklarga 55 ta so‘rovnoma yuborilgan, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 7 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, shundan 1 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 19 ta qabul qilingan qarorlar bekor qilingan, 6 ta jinoyat ishi, 10 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Aholini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha islohotlar haqida xabardor qilish maqsadida mahalliy va xorijiy OAV, ijtimoiy tarmoqlarda 1 600 dan ortiq materiallar e’lon qilindi, matbuot anjumani va brifinglar o‘tkazildi.

Agentlik tomonidan 327 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra 327 ta loyihaning 71 foizida yoki 233 tasida  676 ta korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.