$
 11973.90
64.24
 13700.54
111.62
 154.82
2.54
weather
+26
Кечаси   +14°

Chabahar: Hindiston va O‘zbekiston manfaatlari qayerda to‘qnashmoqda?

Transport yo

Hindiston bilan Eron munosabatlari yaxshilanishi fonida Chabahar–Zahedan temir yo‘l koridorini tiklash va loyihani tezlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu yangilik Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega, chunki mamlakat janubiy yo‘nalishdagi transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va xalqaro savdoni kengaytirish imkoniyatlarini faol izlayapti. Shu bilan birga, bu loyiha iqtisodiy imkoniyatlar bilan bir qatorda geosiyosiy tavakkalchiliklarni ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli Toshkent ushbu yo‘nalishda muvozanatli siyosat yuritishga intilmoqda. Pokistonni chetlab o‘tgan holda Hindistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan yangi temir yo‘l yo‘lagi yaqin kelajakda ishga tushishi kutilyapti. Bu nafaqat yuk tashish xarajatlarini keskin kamaytiradi, balki butun mintaqaning transport xaritasini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Dengizga chiqish eshigi yopiq bo‘lgan O‘zbekiston uchun bunday loyiha yangi eshiklarni ochadi.

Chabahar portining strategik ahamiyati

Chabahar porti Eronning Ummon dengiziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadigan yagona suvli porti hisoblanadi. Hindiston rejasiga ko‘ra, qariyb 700 kilometrlik ushbu Chabahar–Zahedan temir yo‘li porti Eronning milliy temir yo‘l tarmog‘i hamda Xalqaro Shimol–Janub transport koridori (INSTC) bilan bog‘laydi. Hindiston bu orqali yuk tashish muddati va xarajatlari qisqartirishni, shuningdek, Pokiston hududidan foydalanmasdan Markaziy Osiyo bilan savdo qilishni osonlashtirishni maqsad qilgan. O‘zbekiston uchun bu koridor oddiy transport loyihasi emas. Bir tomondan, mamlakat Hindiston bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi, sanoat uskunalari, xomashyo va boshqa mahsulotlarni muqobil yo‘nalish orqali import qilishi mumkin.

Biroq Chabahar yo‘lagi iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda jiddiy geosiyosiy xatarlarni ham o‘z ichiga oladi. AQShning Eronga nisbatan o‘zgaruvchan siyosati, Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatlar hamda mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq noaniqliklar loyiha istiqboliga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois Toshkent mazkur tashabbusga qiziqish bildirayotgan bo‘lsa-da, amalda ehtiyotkor va muvozanatli siyosat yuritishni afzal ko‘rmoqda.

Toshkentning ehtiyotkor siyosati

Jamestown Foundation tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston 2020-yildan buyon Hindiston va Eron bilan maxsus ishchi guruhida Chabahar portida logistika markazi, terminallar va omborlar qurish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 2023-yilda kelishuvga erishilgan bo‘lsa-da, loyihalar hali amalga oshmagan. Bu Toshkentning ehtiyotkor yondashuvidan dalolat beradi.

2024-yilda O‘zbekiston-Hindiston savdo aylanmasi 1 milliard dollarga yaqinlashgan. Multimodal koridori O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–Hindiston orqali savdoni oshirish rejalashtirilgan. Biroq, AQShning Chabahar portiga nisbatan sanksiyalari va mintaqaviy beqarorlik investitsiyalarni kechiktirmoqda. 2025-yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi yuk tashish hajmining atigi 5,5 foizida ishtirok etdi. Asosiy ulush Qozog‘iston 61,1% va Turkmanistonga tegishli. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni xalqaro transport koridorlaridagi ishtiroki va salohiyatini hali to‘liq ishga solmaganidan darak. Shu bilan birga, Eron bilan savdo aloqalari ham bosqichma-bosqich kengaymoqda. So‘nggi yillarda polimer mahsulotlari, sanoat xomashyosi va boshqa tovarlar importining ortishi buning yaqqol misolidir. Biroq Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik va Yaqin Sharqdagi vaziyat ushbu yo‘nalishning uzoq muddatli barqarorligiga nisbatan savollarni ochiq qoldirmoqda.

Muqobil yo‘nalish — Trans-Afg‘on koridori

O‘zbekiston transport strategiyasini faqat Chabahar koridori bilan cheklab qo‘ymayapti. Aksincha, so‘nggi yillarda mamlakat janubga chiqadigan muqobil yo‘nalishlarni ham faol rivojlantirishga harakat qilmoqda. Shunday yirik infratuzilmaviy loyihalardan eng muhimi Trans-Afg‘on (Kobul) temir yo‘l koridori hisoblanadi. Toshkent 2022-yildan buyon O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li loyihasini faol ilgari surmoqda. Mazkur koridor Markaziy Osiyoni Pokiston portlari orqali Hind okeani bilan bog‘lashni maqsad qiladi. 2023-yilda esa Belorussiya–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston multimodal koridori ishga tushirildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu yo‘nalish orqali yuklarni Shimoliy Yevrosiyodan Janubiy Osiyoga qariyb 20 kun ichida yetkazish mumkin. Bu an’anaviy dengiz transportiga nisbatan qariyb uch baravar tezdir.

Taxminan 7 milliard dollarga baholanayotgan Trans-Afg‘on loyihasi Termiz–Naibobod–Maydanshahr–Logar–Xarlachi yo‘nalishini qamrab oladi. Prognozlarga ko‘ra, koridor to‘liq ishga tushgach, yuk tashish hajmi 2030-yilga borib 22 million tonnaga, 2040-yilga kelib esa 34 million tonnaga yetishi mumkin. O‘zbekiston ushbu loyiha orqali nafaqat Afg‘oniston va Pokiston bilan transport aloqalarini mustahkamlashni, balki Hindiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni ham kengaytirishni maqsad qilgan.

Hindistonning Chabahar–Zahedan temir yo‘lini qayta faollashtirish tashabbusi O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy va logistika imkoniyatlarini yaratmoqda. Bir tomondan, Chabahar orqali Hind okeaniga chiqish va Hindiston bozori bilan aloqalarni kengaytirish imkoniyati paydo bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Trans-Afg‘on koridori janubiy yo‘nalishda mutlaqo muqobil va monomodal transport yo‘lagini shakllantirish imkonini beradi. Bugungi geosiyosiy sharoitda Toshkent uchun eng maqbul strategiya bitta koridorga bog‘lanib qolish emas, balki bir nechta yo‘nalishni parallel ravishda rivojlantirishdir. Bu transport xavfsizligini oshiradi, tashqi savdoni diversifikatsiya qiladi va mamlakatning xalqaro logistika tizimidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Теги :
Jamiyat