$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Kimlarga kontrakt pulini to‘lash bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi?

Kontrakt

Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan talabalarga kontrakt pulining bir qismini qoplab berish tartibi mavjud. Ushbu imtiyozdan foydalanish tartibi qanday?

Imtiyoz kimlarga beriladi?

Quyidagilarga kontraktni to‘lash uchun yordam ko‘rsatiladi:

O‘zbekistondagi har qanday OTMlarda o‘qiyotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar yoki ularning o‘qiyotgan 2 va undan ortiq farzandlarining biriga;

kollej, texnikum va (davlat, nodavlat, O‘zbekiston xorijiy) OTMlarida bakalavrning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida o‘qiyotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga hamda “Temir daftar”ga kiritilganlarning farzandlariga.

Kontraktning qancha qismi qoplab beriladi?

Yoshlar daftariga kiritilganlar uchun kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda moddiy yordam ko‘rsatiladi.

“Ayollar daftari”ga kiritilganlar uchun esa BHMning 15 baravaridan oshmagan miqdorgacha mablag‘ ajratiladi.

Ma’lumot uchun, super kontraktda yoki ikkinchi mutaxassislikda o‘qiyotganlarga ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi.

Kimga murojaat qilish kerak?

Imtiyozdan foydalanish uchun mahalladagi xotin-qizlar faoli hamda yoshlar yetakchisiga murojaat qilish lozim. Sababi ariza berilgandan so‘ng 3 ish kunida ariza da’vogar yashayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Yoshlar yetakchisi 5 ish kunida kontraktni qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma yuboradi. Agar tavsiyanoma rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart.

Yoshlar yetakchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin.

Arizani ko‘rib chiqish

Vasiylik kengashi kontraktni qoplash haqida qaror qabul qilingandan so‘ng 3 ish kunida uni OTM hisob raqamiga o‘tkazib beradi. Shunda jami 11 ish kunida ariza ko‘rib chiqilishi kerak.

Arizani ko‘rib chiqish natijasidan yoki qaysidir mansabdor, yoshlar yetakchisining harakatidan norozi bo‘lgan talabalar hech ikkilanmay sudga, prokuratura, adliya organlariga murojaat qilishlari mumkin.