$
 12634.34
-18.98
 14821.34
-0.76
 162.37
0.48
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

O‘zbekistonda 40 ming xonadonni isitishga qodir Knauf zavodi ochildi

2025-yil 4-iyul kuni poytaxtda Germaniyaning mashhur Knauf kompaniyasiga qarashli “Knauf Insulation” zavodi ishga tushirildi. Yevropa standartlariga mos texnologiyalar asosida barpo etilgan korxona issiqlik va shovqin izolyatsiyasi mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Ochilish marosimi

Tadbirda Knauf Group boshqaruvchi hamkori Aleksandr Knauf, kompaniya vakillari, Germaniya elchixonasi missiyasi va O‘zbekiston hukumati vakillari, jumladan Bosh vazir ishtirok etdi.

Knauf boshqaruvchisi Aleksandr Knauf O‘zbekiston hukumatining energiya samaradorlik borasidagi strategik yondashuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, kompaniya bundan buyon ham barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Knauf haqida

33 ming kvadrat metrlik hududni egallagan zavod yiliga 30 ming tonna bazaltli mineral paxta ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu mahsulot 40 ming xonadonni issiqlik izolyatsiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Korxona 110 dan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri va 400 ga yaqin bilvosita ish o‘rni yaratadi.

Mahsulot A1 toifadagi yonmaydigan material bo‘lib, ayniqsa qish oylarida energiyani tejashda, issiqlikni saqlashda va ekologik barqarorlikda muhim rol o‘ynaydi.

Zavod O‘zbekistonga nima beradi?

Qurilish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda issiqlik izolyatsiyasi mahsulotlariga yillik ehtiyoj 50 ming tonnadan oshadi. Yangi zavod esa ichki bozorning kamida 60 foizini mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplash imkonini beradi. Bu import hajmini kamaytirish bilan birga narxlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, zavodning strategik joylashuvi (Toshkent–Farg‘ona yo‘nalishida) Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bozorlariga eksport salohiyatini kengaytiradi.

Ekologik va iqtisodiy ahamiyati

Turar-joy sektori O‘zbekistonda umumiy energiya iste’molining 40 foizini tashkil etadi. Sifatli izolyatsiya mahsulotlari esa nafaqat issiqlik yo‘qotilishini kamaytiradi, balki havoni toza saqlash, aholining energiya xarajatlarini kamaytirish va uglerod chiqindilarini 30 foizgacha qisqartirishga hissa qo‘shadi. Aytish mumkinki, bu O‘zbekistonning Parij kelishuvi bo‘yicha 2030-yilgacha belgilangan ekologik maqsadlariga yaqinlashishida muhim ahamiyat kasb etadi.