$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Tarixda ilk bor keksalar soni bolalar sonidan oshib ketdi: Bu nimani anglatadi?

keksa

Dunyo aholisi tarkibida tarixiy o‘zgarish yuz berdi. Insoniyat tarixida ilk bor 65 yoshdan oshganlar soni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan ko‘paydi. Buning sababi bir tomondan odamlar avvalgidan uzoqroq umr ko‘rayotgani bo‘lsa, ikkinchi tomondan oilalarda farzandlar soni kamayib borayotganidir.

Xo‘sh, dunyoning qarib borishi kelajak avlod hayotini qanday o‘zgartiradi?

Tug‘ilish kamaymoqda, odamlar esa uzoqroq yashamoqda

AQSh Aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda 65 yoshdan oshganlar soni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan o‘zib ketgan. Bunday holat ilgari kuzatilmagan. Bunga tug‘ilish kamayishi va odamlarning umr ko‘rish davomiyligi oshib borayotgani sabab bo‘lmoqda.

Raqamlar bu o‘zgarish qanchalik tez kechayotganini ko‘rsatadi. 2023-yilda dunyo aholisining 71 foizdan ortig‘i tug‘ilish darajasi bir ayolga o‘rtacha 2,1 nafar yoki undan kam bola to‘g‘ri keladigan mamlakatlarda yashagan. Atigi o‘n yil oldin bunday davlatlarda dunyo aholisining 45 foizi yashardi.

Eng qizig‘i, tug‘ilishning kamayishi endi faqat Yevropa yoki boshqa boy davlatlarga xos holat emas. Aholisi eng ko‘p bo‘lgan Xitoy va Hindistonda ham tug‘ilish darajasi pasaygan. Bangladesh, Meksika va Vyetnam kabi aholisi ko‘p davlatlarda ham so‘nggi yillarda shunday holat kuzatilmoqda. Ya’ni dunyoning turli hududlarida oilalar avvalgiga qaraganda kamroq farzandli bo‘lib bormoqda.

2060-yilda dunyoda qariyb 2 milliard keksa bo‘lishi mumkin

Bolalar soni kamayib borayotgan bir paytda keksalar soni aksincha juda tez oshmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda dunyoda 65 yoshdan oshgan qariyb 852 million kishi bo‘lgan. 2060-yilga kelib ularning soni qariyb 2 milliardga yetishi mumkin.

Bu degani, 2060-yilda dunyo aholisining deyarli 20 foizini 65 yoshdan oshganlar tashkil qilishi mumkin. Hozir esa bu ko‘rsatkich taxminan 10,5 foizni tashkil etadi. Oddiy qilib aytganda, bugun har o‘n kishidan bittasi keksa yoshda bo‘lsa, kelajakda deyarli har besh kishidan biri 65 yoshdan oshgan bo‘lishi mumkin.

Ayniqsa, Osiyoda katta o‘zgarish kutilmoqda. Bu qit’ada 65 yoshdan oshganlar soni 2025-yildagi 487 milliondan 2060-yilda 1,24 milliardga yetishi prognoz qilinmoqda. Afrika esa dunyoning eng yosh mintaqasi bo‘lib qoladi. Shunga qaramay, u yerda ham keksalar soni to‘rt baravardan ko‘proqqa oshishi kutilmoqda.

Yoshlar kamayishi iqtisodiyotga ham ta’sir qiladi

Dunyoda keksalar ko‘payib, yoshlar kamayishi shunchaki yosh bo‘yicha statistikaning o‘zgarishi emas. Bu kelajakdagi kundalik hayot va iqtisodiyotga ham jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki bugungi bolalar va yoshlar ertaga ishlaydigan, soliq to‘laydigan va iqtisodiyotni harakatga keltiradigan avlod hisoblanadi.

Agar yosh avlod soni kamayib borsa, kelajakda ayrim davlatlarda ishchi yetishmasligi mumkin. Shu bilan birga, pensiya oladigan va ko‘proq tibbiy yordamga muhtoj keksalar soni ortadi. Natijada kamroq ishlaydigan aholi kattaroq keksa avlodni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Keksalarga qaraydigan odamlar masalasi ham muhim bo‘lib boradi. Yoshi katta insonlar ko‘paygani sari shifokorlar, hamshiralar, parvarish xodimlari va qarindoshlarning yordami ko‘proq kerak bo‘ladi. Bu esa sog‘liqni saqlash, pensiya va uzoq muddatli parvarish tizimlariga qo‘shimcha bosim tushirishi mumkin.

Biroq bu jarayonning yaxshi tomoni ham bor. Odamlarning ko‘proq umr ko‘rayotgani tibbiyot rivojlangani, ko‘plab kasalliklarni davolash imkoniyati oshgani va yashash sharoitlari yaxshilanganini ham anglatadi. Asosiy masala odamlarning uzoq yashayotganida emas, balki jamiyatning yangi yosh tarkibiga qanday moslasha olishida.

Теги :
Jamiyat