$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Pandemiya sababli o‘rtacha va sog‘lom umr ko‘rish ko‘rsatkichlari pasaydi

Qariyalar

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti o‘zining “2024-yilgi Sog‘liqni saqlash bo‘yicha jahon statistikasi” hisobotining so‘nggi nashrini e’lon qildi. Unda COVID-19 pandemiyasi inson tug‘ilganda kutilayotgan umr davomiyligi va sog‘lom umr ko‘rish davomiyligining barqaror o‘sish tendensiyasini o‘zgartirib yuborganligi qayd etilgan.

Pandemiya 10 yillik yutuqlarni yo‘qqa chiqargan

Atigi ikki yil davomida pandemiya umr ko‘rish davomiyligini ko‘tarish bo‘yicha qariyb o‘n yillik yutuqlarni yo‘qqa chiqardi. 2019 – 2021-yillar davomida butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha umr ko‘rish 1,8 yilga qisqardi va 71,4 yoshni tashkil etdi (ya’ni 2012-yilgi natijaga qaytdi). Xuddi shunday, 2021-yilda global sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi 1,5 yilga qisqarib, 61,9 yoshni tashkil qildi (2012-yil darajasiga qaytdi).

O‘rtacha umr ko‘rish taxminan 3 yilga qisqargan

2024-yil hisobotida, shuningdek, pandemiyaning ta’siri butun dunyo bo‘ylab notekis sezilayotgani ta’kidlanadi. JSSTning Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari, ayniqsa, ko‘p jabr ko‘rdi. 2019 – 2021-yillar oralig‘ida o‘rtacha umr ko‘rish taxminan 3 yilga, sog‘lom umr ko‘rish esa 2,5 yilga qisqardi. Bundan farqli o‘laroq, G‘arbiy Tinch okeani mintaqasiga pandemiyaning dastlabki ikki yili eng kam ta’sir ko‘rsatdi, o‘rtacha umr ko‘rish 0,1 yildan kamroqqa, sog‘lom umr ko‘rish esa 0,2 yildan kam bo‘lgan ko‘rsatkichga qisqardi.

COVID-19 dan qariyb 13 million odam halok bo‘lgan

COVID-19 tez sur’atda o‘limning asosiy sababiga aylandi va 2020-yilda dunyoda o‘limning uchinchi, 2021-yilda esa o‘limning ikkinchi sababi bo‘ldi. Bu davr davomida u deyarli 13 million odamni dunyodan olib ketdi. Oxirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Afrika va G‘arbiy Tinch okeani mintaqalarini inobatga olmaganda, COVID-19 ushbu ikki yil ichida dunyodagi o‘limning asosiy beshta sabablaridan biri bo‘ldi va Amerika mintaqasida o‘limning yetakchi sababiga aylandi.

Pandemiyadan oldingi o‘lim sabablari

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida pandemiyadan oldin o‘limning asosiy sabablari yurak-qon tomir kasalliklari va insult, saraton, surunkali obstruktiv o‘pka xastaligi, Alsgeymer va boshqa turdagi demensiya, shuningdek, qandli diabet kabi noinfeksion kasalliklar bo‘lgani va 2019-yilda ular barcha o‘limlarning 74 foizini tashkil etgani ta’kidlangan.