$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Jarima maydonchasini "bosgan" aka-ukalarga hukm o'qildi

YHXB

G‘ijduvon tumani "Bumerang avto trans tex servis" MChJga qarashli jarima maydonchasidan avtomashinasini zo‘ravonlik bilan olib chiqqan va YHXB inspektorini qasddan urib, unga o‘rta og‘ir tan jarohati yetkazgan xorazmlik aka-ukalar ishi sudda ko‘rib chiqildi.

Avtomobil raqamni yechib "shumaxer"lik qilishning ortidan jarima maydonchasiga kirgan

Ma'lumotlarga ko‘ra, Xorazm viloyati, Gurlan tumanida tug‘ilgan 29 yoshli D.S. hamda 25 yoshli Urganch davlat universitet talabasi E.S. Toshkent shahriga borish uchun yo‘lga chiqishgan. D.S. o‘ziga tegishli bo‘lgan "Lacetti" rusumli avtomashinasi tezligini oshirgan va o‘rnatilgan radarlarga tushmaslik uchun avtomashina davlat raqamini yechib olib, harakatda davom etgan. Bir necha kilometr masofa yurgach, avtomashinasining davlat raqamini teskari o‘rnatib qo‘ygan va shu holatda Buxoro viloyati,"Sarmijon" YPX maskaniga yetib kelgan. Avtomashina YHXB xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Hujjatlarni taqdim qilishini so‘ragan xodimga turli vajlar bilan hujjatni ko‘rsatmagan va inspektorning harakatlaridan norozi bo‘lib, IIBning "102" qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. "102" tomonidan xodim qonun doirasidan chetga chiqmaslik va odamlar bilan samimiy munosabatda bo‘lishga chaqirilgan. YHXB xodimi esa fuqaro tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani, davlat raqami teskari o‘rnatilganini va shu yergacha bo‘lgan masofani bosib o‘tgan holatini ham radar va kameralar orqali ochiqlashini bildirgan. YHXB xodimi sayharakati bilan xorazmlik fuqarolarga tegishli avtomashina G‘ijduvon tumani "Bumerang avto trans tex servis" MChJga qarashli jarima maydonchasiga keltirilgan.

Jarima maydonchasini "bosgan" aka-uka

Oradan bir kun o‘tgach, tonggi sahar soat 04:55 da aka-ukalar jarima maydonchasiga kelishgan va nazoratchi-inspektor Odil Qodirov hamda YHXB inspektori Shahzod Jalilovdan avtomashinalarini qaytarishni so‘rashgan. Xizmat xodimlari ularga jarima to‘lanib, hujjatlar rasmiylashtirilgach, avtomashinani olib chiqib ketish mumkinligini tushuntirishgan. Biroq, aka-ukalar o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatib, avtomashinani jarima maydonidan ruxsatsiz va zo‘rlik bilan olib chiqishga urinishgan. E.S. jarima maydonida turgan, akasiga tegishli avtomashinani yoqib, harakatlantirgan, akasi D. esa qorovulni turtib-itarib, darvozani ochgan. Bu orada inspektor Shahzod Jalilov va Odil Qodirov harakatlanib kelayotgan avtomashina oldini to‘sib, fuqaroning xatti-harakatiga qarshilik ko‘rsatgan. Biroq, E.S. nazoratchi-qorovulning avtomashinaning oldiga chiqqanini ko‘rib turib, qasddan uni avtomashinasining old tomoni bilan urib yuborgan va unga o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazgan. Va avtomashinani jarima maydonchasidan zo‘ravonlik bilan olib chiqib ketgan. "Yetmaganiga, D.S. YPX xodimining bodi kamerasi yerda tushib yotganini ko‘rgan va kamerani olib, jarima maydonchasi devoridan oshib, chiqib qochgan. Ko‘chada ukasi bilan uchrashib, avtomashinaga minishgan va Xorazm tomonga qarab yo‘lga chiqishgan. O‘z xatti-harakatlari noqonuniy va zo‘ravonlik ekanini bilib turib, harakatdan to‘xtashmagan", - dedi sudya Asliddin Norbekov.

Ekspertiza xulosasi

Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, nazoratchi-inspektor Odil Qodirovga o‘ng oyoq uchinchi panja suyagi yopiq sinishi, tizza bo‘g‘imi lat yeyishi, teri shilinishi, yuqori lab ichki yuzasi yirtilgan jarohati, o‘ng qo‘l kafti, chap qo‘l ikkinchi barmoq, o‘ng tizza, boldir, o‘ng tovon shilinmalari, bosh ensa, o‘ng tomon qorin old devori yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, yuqori lab o‘rta ichki va tashqi, chap va o‘ng tizza bo‘g‘imi old, chap tizza bo‘g‘imi old yuzasi pastki, chap va o‘ng boldir sohasidagi shilinmalari kabi jarohatlar tashxisi qo‘yilgan. Og‘irlik darajasiga ko‘ra, o‘rta og‘irlikdagi tan jarohatlari toifasiga kirishi aniqlangan. Zo‘ravon aka-ukalarning manzili oxiriga yetmagan va ular Romitan tumani cho‘l hududini kesib o‘tuvchi Gazli shaharchasida ushlanib, yana G‘ijduvon tumaniga olib kelingan.

Sud xulosasi

Aka-ukalarning har ikkisi ham aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishlaridan pushaymonlik bildirishdi. Har biriga O‘zbekiston Respublikasi JK 105-moddasi 2-qismining "v,i" bandlari bilan uch yildan ortiq muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. "Aybdorlarga nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Xorazm viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik qattiq tayinlandi", - dedi sudya.