$
 12940.11
21.75
 14055.55
103.72
 145.62
0.97
weather
+26
Кечаси   +14°

22 ta oʻgʻrilik, 16 ta talon-taroj, kamida bitta qotillik: Oʻzbekistonda bir kunda qancha jinoyat sodir etiladi?

jinoyat

Oliy sud 2024-yil davomida birinchi instansiya sudlari tomonidan jinoyat ishlarining ko‘rib chiqilishiga doir statistikani ochiqladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat sudlarida ko‘rilayotgan ishlar va qatnashchilar soni yildan yilga oshib bormoqda.

Xususan, 2020-yilda 30 282 ta jinoyat ishi ko‘rilgan va unda 38 mingdan ortiq shaxs qatnashgan. 2024-yil sudlarda ko‘rilgan jinoiy ishlar soni esa 61 mingdan oshgan, ularda qariyb 78 ming kishi qatnashgan.

Hududlar miqyosida vaziyat qanday?

2024-yilda hududlar miqyosida Toshkent shahri, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida eng ko‘p jinoyat ishlari ko‘rilgan. Bu 3 ta hudud jinoyatchilik ko‘lami bo‘yicha boshqalardan yaqqol ajralib turibdi, oldingi 5 yilda ham jinoyatchilik bo‘yicha “peshqadam” bo‘lgan. 

Shu turdagi eng kam ishlar esa Xorazm, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari JIB sudlarida ko‘rilgan (aholi soni eng kam hududlar).

Oqlanganlar dinamikasi pasaygan 

Shaxslarning sudlanganlik holati – jazo tayinlanib hukm chiqarilgan hamda shartli hukm qilingan shaxslar soni 2020-yildan buyon 2,2 barobarga – 28 ming kishidan 61 minggacha oshgan. Oqlanganlar dinamikasi esa 2023-yilgacha oshib borgan – 1 244 kishi. 2024-yilda esa kamaygan – 723 kishiga oqlov hukmi chiqarilgan.

Oʻta ogʻir jinoyatlar soni ortgan

2024-yilda JIB birinchi instansiya sudlarida ko‘rilgan ishlarning 5 foizi o‘ta og‘ir, 29 foizi og‘ir jinoyatlardir. Qolgan 66 foiz ishlar esa ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi.

Oliy sud keltirgan statistikaga ko‘ra, so‘nggi 5 yillikda o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshib bormoqda.

Masalan, odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2023-yilda 358 tadan 2024-yilda 402 taga oshgan. Nomusga tegish jinoyati 2023-yilda 234 tadan 2024-yilda 272 taga oshgan.

Bu raqamlar – O‘zbekiston bo‘ylab har kuni kamida bitta qotillik, har 2 kunda bir marta nomusga tegish jinoyatiga doir ish sodir qilinayotganini anglatadi.

Bundan tashqari, statistika 2020—2024-yillarda qasddan badanga tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, bezorilik, o‘g‘rilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ham 2-3 barobardan oshganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2020-yilda 3 941 tadan 2024-yilda 8 373 taga oshgan. Xuddi shu davrda o‘g‘rilik jinoyati 4 403 tadan 8 321 taga oshgan. Talon-toroj qilish jinoyati yuzasidan ishlarda esa eng katta o‘sish kuzatilgan – 1 528 tadan 6 046 taga oshgan.

Gender boʻyicha 

2024-yilda sudlangan shaxslarning – 54 370 nafarini erkaklar, 7 132 nafarini ayollar tashkil qilmoqda. Shu jumladan, mazkur muddatda 2 214 nafar voyaga yetmagan yoshlar sudlangan.

Qanday jazo choralari qoʻllanilmoqda?

Jinoyat qonunchiligiga asosan, 2024-yilda JIB birinchi instansiya sudlari tomonidan aybdor deb topilgan fuqarolarga 8 turdagi jazolar qo‘llangan – jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish, umrbod ozodlikdan mahrum qilish va shartli hukm. 

Eng ko‘p qo‘llangan jazolar – ozodlikdan mahrum qilish (20 655), axloq tuzatish ishlari (17 390) va ozodlikni cheklash (14 644).

Statistikaga e’tibor qilinsa, 2020-yildan buyon ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazolarni qo‘llash amaliyoti jinoyatlar soniga mos ravishda o‘sib kelmoqda. Xususan, 2020-yilda 7,1 ming kishi ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 20 ming kishidan oshgan. O‘tgan yilda ozodlikdan mahrum qilingan 20 655 kishidan 1 500 nafarini ayollar tashkil qiladi.

So‘nggi 5 yilda umrbod ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar soni 17 nafarni tashkil qilmoqda. Ushbu muddatda eng og‘ir jazo eng ko‘p qo‘llangan yil 2023-yil bo‘lgan: 5 kishi umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Теги :
Jamiyat