$
 12093.35
4.37
 13867.44
65.45
 155.22
0.75
weather
+26
Кечаси   +14°

Jaziramada ishchilarni quruq tavsiyalar bilan himoya qilib boʻlmaydi: Aniq majburiyat va qonunlar kerak

Jaziramada ishlash

Bugungi jaziramalarda ko‘pchilik imkon qadar ko‘chaga chiqmaslikka harakat qiladi. Kimdir konditsioner yoqadi, kimdir soyadan panoh izlaydi, yana kimdir ishini kechqurunga qoldiradi.

Ammo bunday tanlov hammada ham yoʻq. Minglab quruvchilar, yo‘l ta’mirlovchilar, obodonlashtirish xodinlari, dehqonlar, elektr tarmoqlari xodimlari, kuryerlar va boshqa kasb egalari jazirama qanchalik kuchaymasin, ochiq osmon ostida ishlashda devam etadi. Harorat 40 darajadan oshgan paytda ular uchun ish kuni odatdagidek davom etadi. Ana shu yerda oddiy, ammo muhim savol tug‘iladi: bunday sharoitda ishchining sog‘lig‘i va hayotini kim himoya qiladi?

Favqulodda vaziyatdan odatiy reallikka

Bugun bu savol har qachongidan ham dolzarb. Chunki iqlim o‘zgarishi tufayli yoz fasli tobora uzoqroq va issiqroq bo‘lib bormoqda. Bir necha yil oldin favqulodda hisoblangan haroratlar bugun odatiy holga aylanyapti. Jazirama endi bir necha kunlik noqulaylik emas, balki haftalab davom etadigan mehnat sharoitiga aylangan.

Shifokorlar yuqori harorat inson organizmiga salbiy ta’sir qilishini ko‘p bora ta’kidlagan. Issiqda tana tez suvsizlanadi, yurak-qon tomir tizimiga yuklama keskin ortadi, qon quyuqlashadi. Buning oqibatida issiq urishi, hushdan ketish, yurak xuruji yoki insult xavfi oshadi. Ayniqsa, kun bo‘yi quyosh ostida jismoniy mehnat qilayotgan ishchilar eng katta xavf ostida qoladi.

Tavsiya va majburiyat o‘rtasida

Aynan shu nuqtada qonunchilikdagi bo‘shliq ko‘zga tashlanadi. Amaldagi Mehnat kodeksida havo harorati ma’lum darajadan oshganda ish vaqtini qisqartirish, ishni vaqtincha to‘xtatish yoki ish beruvchining qo‘shimcha majburiyatlari haqida aniq normalar mavjud emas.

Sanitariya qoidalarida ochiq maydonda ishlash uchun tavsiya etilgan harorat chegaralari keltirilgan. Lekin tavsiya bilan majburiyat o‘rtasida katta farq bor. Tavsiya bajarilmasa, buning uchun hech qanday javobgarlik yoʻq.

Natijada ishchining hayoti va sog‘lig‘i qonun kafolatiga emas, ko‘proq ish beruvchining mas’uliyatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Vijdonli ish beruvchi ish vaqtini o‘zgartiradi, suv va dam olish sharoitini yaratadi. Boshqasi esa bunday qilmasligi ham mumkin. Bir xil harorat, bir xil xavf, ammo mutlaqo turlicha yondashuv. Inson hayoti esa bunday tafovutlarga bog‘liq bo‘lmasligi kerak.

Qog‘ozdagi huquq

Qonunchilikda xodim o‘z hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan ishni bajarishni rad etishga haqli ekani belgilangan. Biroq amaliyotda bu norma qanchalik ishlaydi? 40 daraja issiqda ishlayotgan oddiy ishchi “bu sharoitda ishlamayman”, deya oladimi? Bunday qarordan keyin uning ish o‘rni yoki ish haqi saqlanib qolishiga kim kafolat beradi? Aynan mana shu savollar amaldagi normalarning qog‘ozda va hayotda turlicha ishlayotganini ko‘rsatadi.

Muammo shundaki, iqlim o‘zgardi, ammo mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normalar bu o‘zgarishlarga yetib kelgani yo‘q. Jazirama bugun favqulodda holat emas, yoz faslining odatiy qismiga aylandi. Demak, unga nisbatan munosabat ham o‘zgarishi kerak.

Iqlim o‘zgardi, navbat qonunlarga

Qonunchilikda ochiq maydonda ishlash uchun maksimal harorat chegarasi aniq belgilanishi, harorat oshgani sari ish vaqtini qisqartirish mexanizmi joriy etilishi, ish beruvchilarning xodimlarni ichimlik suvi, soyali dam olish joyi va himoya vositalari bilan ta’minlash majburiyati qat’iy mustahkamlanishi zarur. Eng muhimi, bu talablarni bajarmaganlarga nisbatan javobgarlik mexanizmi ishlashi kerak.

Qonun insonni eng qulay sharoitda emas, aynan eng og‘ir vaziyatda himoya qilishi bilan qadrlidir. Agar jazirama ostida ishlayotgan odam o‘zini himoyalangan his qilmasa, demak, muammo faqat havoning isib ketganida emas. Bu — qonunchilikning ham bugungi iqlim sharoitiga moslasha olmayotganidan dalolat.


Shahruza Sattorova

Теги :
Jamiyat