$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Avval jarima, keyin mukofot: Qoidabuzar haydovchi taqdirlandi

mashina car svetofot traffic light

Kundan kunga poytaxtimiz yo‘llari serqatnov bo‘lib, avtotransport vositalari harakati ortib bormoqda. Tabiiyki, bu holat haydovchilardan atrofdagi jarayonlarga yanada e’tiborli bo‘lishni taqozo etadi.

Ayniqsa, ertalabki va kechki tig‘iz paytlarda shofyorlarning har qachongidan-da hushyor va sinchkov bo‘lishi juda muhim. Boisi ayni shu vaqtda “Tez yordam” mashinasi qaysidir yurtdoshimizning hayotini saqlab qolish, dardiga malham bo‘lish uchun shifoxonaga shoshayotgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik haydovchilar bilmaydigan qaror

Afsuski, ko‘p hollarda ba’zi haydovchilar “103” avtomashinasi chaqiruv signalini yoqib tursa-da, bunga parvo qilmaydi. Ayrim fuqarolar esa “Tez yordam”ga yo‘l bersa, jarima qog‘ozi kelishidan xavfsiraydi. Vaholanki, qonunchilikka ko‘ra, maxsus imtiyozli avtomashinalarga taqiqlangan belgida yo‘l bergan avtotransport egalari jarimaga tortilmaydi.

Jarima bekor qilindi, haydovchi esa taqdirlandi

Kuni kecha poytaxt ko‘chalarining birida ana shunday holat kuzatildi. Haydovchi Chilonzor tumani Katta Xirmontepa ko‘chasi 48-uy qarshisida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida o‘zining “Cobalt” rusumli avtomobilida to‘xtab turgan payt ortdan kelgan “Tez yordam” avtomashinasiga qoidani buzib bo‘lsa-da yo‘l bergan.

Oradan ikki kun o‘tgach, uning yashash manziliga jarima qog‘ozi borgan.

— Maxsus baza orqali tekshirilganda ushbu fuqaro o‘z avtotransport vositasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan vaqt “Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergani aniqlandi, — deydi Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov. — Shu sababli holat o‘rganilib, haydovchi qoidani buzgan bo‘lsa ham jarima jazosi o‘rnatilgan tartibda bekor qilindi. Shuningdek, o‘z fuqarolik burchini vijdonan bajargan ushbu fuqaro boshqarmamiz tomonidan taqdirlandi.