$
 12001.71
-46.33
 13984.39
-78.08
 152.87
-0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Bu yil 186 million odam ishsiz qoladi. O‘zbekiston ishsizlikka qanday kurashyapti?

ishsizlik

Jahon mehnat bozori yaqin yillarda tashqi tomondan nisbatan barqaror ko‘rinsa-da, uning ichki muammolari tobora chuqurlashib bormoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining so‘nggi baholashlariga ko‘ra, 2026-yilda global ishsizlik darajasi 4,9 foiz atrofida saqlanib qoladi. Bu qariyb 186 million kishi ish bilan ta’minlanmaganini anglatadi. Raqamlar keskin sakrashni ko‘rsatmayotgan bo‘lsa-da, sifat jihatidan muammolar keskinlashmoqda.

Qashshoqlik va norasmiy bandlik: yashirin inqiroz

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab qariyb 300 million nafar ishchi o‘ta qashshoqlik sharoitida yashab, kuniga 3 dollardan kam daromad topmoqda. Ayniqsa, norasmiy bandlikning kengayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilga borib 2,1 milliard kishi ijtimoiy himoya, mehnat huquqlari va ish joyidagi xavfsizlik kafolatlarisiz ishlashda davom etadi. Bu holat mehnat bozoridagi tengsizlikni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Kam daromadli mamlakatlar

Eng og‘ir mehnat sharoitlari asosan kam daromadli davlatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Bu hududlarda iqtisodiyotning yuqori texnologiyalar va zamonaviy xizmatlar sektoriga o‘tishi sust kechayotgani unumdorlik va ish sifatini oshirish yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida qayd etilmoqda. Natijada, mehnat bozori modernizatsiyasi kutilgan sur’atlarda amalga oshmayapti.

Yoshlar mehnat bozorisiz qolmoqda

Yoshlar orasidagi vaziyat alohida xavotir uyg‘otadi. 2025-yilga kelib yoshlar ishsizligi 12,4 foizga yetgani qayd etilgan. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 260 millionga yaqin yoshlar na o‘qiydi, na ishlaydi va na kasbiy malaka oshiradi. Kam daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich deyarli 28 foizga yetmoqda. Mutaxassislar sun’iy intellekt va avtomatlashtirish jarayonlari ayniqsa yuqori daromadli mamlakatlardagi bilimli yoshlar uchun yangi xavflarni yuzaga keltirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Ayollar mehnati: to‘xtab qolgan ijobiy siljishlar

Ayollar bandligi masalasida ham tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Ijtimoiy stereotiplar va an’anaviy qarashlar ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini cheklashda davom etmoqda. Hozirda ayollar global bandlikning atigi 40 foizini tashkil etadi va erkaklarga nisbatan mehnat bozorida 24 foizga kamroq qatnashmoqda. So‘nggi yillarda ayollarning ishchi kuchiga jalb etilishi borasidagi yutuqlar deyarli to‘xtab qolgan.

Demografiya va bandlik

Rivojlangan davlatlarda aholining qarishi ishchi kuchi o‘sishini sekinlashtirayotgan bo‘lsa, past daromadli mamlakatlarda aholining tez ko‘payishi yetarli va samarali ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlarini cheklamoqda. 2026-yil uchun bandlik o‘sishi yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlarda 0,5 foiz, o‘rtacha daromadli mamlakatlarda 1,8 foiz, kam daromadli mamlakatlarda esa 3,1 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

O‘zbekiston tajribasi

Global murakkabliklar fonida O‘zbekistonda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish borasida muayyan ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. Noyabr oyida mamlakatda 2025-yil boshidan buyon ishsizlik darajasi 4,9 foizgacha pasaygani, ayrim hududlar esa “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgani qayd etilgan. Shu davrda 302 ming oila kambag‘allikdan chiqib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan.

Bir qator tumanlarda kambag‘al oilalar soni bir necha barobarga qisqargan, minglab mahallalar esa ilk bor kambag‘allikdan xoli hudud sifatida e’tirof etilgan. Og‘ir ahvolda bo‘lgan 100 mingdan ortiq oila daromad ola boshlagan, ularning o‘rtacha daromadi ikki baravarga oshgan.

2026-yil rejasi: bandlikni kengaytirish va daromadni oshirish

Mamlakat oldiga qo‘yilgan yangi maqsadlarga ko‘ra, 2026-yilda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha tushirish rejalashtirilmoqda. Asosiy e’tibor mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan aholini ish bilan ta’minlashga qaratiladi. Kelgusi yilda bir million fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanishi, to‘rt million kishining daromadi oshirilishi, norasmiy ishlayotgan qariyb bir million fuqaroning faoliyati legallashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Amaliy loyihalar

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun bir qator loyihalar ishga tushiriladi. Xususan, “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori” loyihasi doirasida 30 mingdan ortiq ish beruvchi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 150 ming kishi ishga joylashtiriladi. “Mehnatsevar ayol” loyihasi orqali 40 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan fuqarolarni band qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hududlarda “Mahalliy brendlar tarmogʻi”ni kengaytirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish va kamida 30 ming yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda. Qishloq xoʻjaligida esa oʻquv-tajriba maydonlari tashkil etilib, yuqori daromadli ekinlar yetishtirish orqali 250 ming kishining daromadini ikki barobar oshirish reja qilingan.

Теги :
Jamiyat