$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Xomanaiysiz Eron: Fors–AQSh urushi O’zbekiston iqtisodiyoti uchun nimalarni anglatadi?

xomanaiysiz eron

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat shiddat bilan o‘zgarib, AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar urush bosqichiga o‘tdi. Qishning so‘nggi kunida esa Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi, oyatulloh Xomanaiy vafoti ortidan holat yanada taranglashdi.

Ushbu qarama-qarshiliklar global iqtisodiyotga, xususan, energiya resurslari va yuk tashish yo‘laklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday murakkab sharoitda O‘zbekistonning Eron Islom Respublikasi bilan iqtisodiy aloqalari mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

So‘nggi yillarda AQShning Eronga nisbatan sanksiyalari kuchayishi fonida, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘ziga xos tarzda rivojlanmoqda. Mavjud iqtisodiy bosimga qaramay, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi import hajmi barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Erondan import hajmi 2021-yildagi 254.2 mln dollardan 2025-yilga kelib 421.5 mln dollargacha oshgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi besh yilda savdo aylanmasi sezilarli darajada kengayganidan dalolat beradi. Savdo dinamikasidagi eng keskin burilish o‘tgan yil, ya’ni 2025-yilga to‘g‘ri keldi. Yil boshida import hajmi nisbatan past bo‘lsa-da, keyingi oylarda jadal sur’atda o‘sdi: fevral oyida 49.4 mln dollar qiymatidagi mahsulot import qilingan bo‘lsa, yil yakuniga kelib – dekabr oyida bu ko‘rsatkich 421.5 mln dollargacha ko‘tarildi. Bu tendensiya geosiyosiy taranglik kuchayishiga qaramay, O‘zbekiston Eron orqali o‘tadigan tranzit va mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshirganini anglatadi.

Importning salmoqli qismi sanoat ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘lgan xomashyo va boshqa turli mahsulotlardan iborat bo‘lib, bu O‘zbekistonning Eron bozoriga strategik bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonning Erondan importi tarkibi 2024-yil hisobida polimer mahsulotlari, ya’ni plastmassalar ustunlik qilmoqda ($116.57M). Bu xomashyo O‘zbekistondagi ishlab chiqarish tarmoqlari, xususan, qadoqlash, qurilish materiallari va maishiy buyumlar ishlab chiqarish uchun korxonalar tannarxini raqobatbardosh darajada ushlab turishga imkon beradi. Ushbu xomashyo manbasining to‘xtashi yoki narxining oshishi ichki bozorda tayyor mahsulotlar tannarxiga ham ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi besh yillik tendensiyalarni hisobga olsak, 2026-yilda ham O‘zbekistonning Erondan import hajmi mahsulotlar kesimida sezilarli darajada o‘sgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Tovar tarkibi bo‘yicha so‘nggi mavjud ma’lumotlar esa 2024-yilga oiddir.

So‘nggi kunlarda AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bandar-Abbos porti orqali dengiz tranziti to‘xtashi plastmassa va boshqa sanoat xomashyolari narxlarining keskin oshishiga olib keladi, chunki yuklar Afg‘oniston orqali quruqlikdan, uzoq va qimmatroq yo‘nalishlarda olib kelinishiga majbur bo‘ladi. Bu esa O‘zbekiston sanoat korxonalari uchun xomashyo tannarxini oshiradi. Hormuz bo‘g‘ozidagi risklar fonida Eronning Chobahor porti O‘zbekiston uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Chobahor to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ummon dengiziga chiqadi va Fors ko‘rfazidagi to‘qnashuvlardan xoli hududda joylashgan, bu esa uni xavfsizroq tranzit yo‘lagiga aylantiradi. Port Bandar-Abbosdan keyin Eronning eng yirik porti bo‘lib, “Shimol-Janub” xalqaro tranzit koridorining asosiy elementi hisoblanadi. Bu port O‘zbekistonning Hind okeani orqali xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini diversifikatsiya qiladi va to‘qnashuvlar ta’sirini kamaytiradi.

AQSh sanksiyalari va Yaqin Sharqdagi siyosiy to‘qnashuvlarga qaramay, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo aloqalari hozircha to‘xtagani yo‘q, aksincha, jadallashmoqda. Biroq, hozirgi urush xavfida ayniqsa Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi logistikani qiyinlashtirishi mumkin. Shuning uchun O‘zbekiston uchun Fors ko‘rfazidan tashqarida bo‘lgan Chobahor porti orqali yuk tashishni ko‘paytirish zaruratga aylanmoqda. Bu yo‘nalish sanksiyalar ta’sirini kamaytirib, savdo xavfsizligini ham ta’minlaydi.

 

Zebuniso Abdusalimzoda,

UZ24.uz uchun tayyorlandi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Siyosat