$
 11813.21
23.88
 13719.86
17.12
 136.71
0.23
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning “cho‘ntagi” 20 yilda 7 baravar kattalashdi

hamyon

O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda tez o‘smoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 20 yil oldin mamlakatda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 520 dollar edi. Hozir esa bu ko‘rsatkich 3,7 ming dollarga yetgan. Ayniqsa, oxirgi besh yilda O‘zbekistonning o‘sish sur’ati Qozog‘istondagidan yuqori bo‘ldi. Shunga qaramay Qozog‘istonda aholi jon boshiga daromad O‘zbekistondagidan qariyb 3,7 baravar yuqori.

Xo‘sh, O‘zbekiston shu tezlikda davom etsa, Qozog‘iston bilan farqni qisqartira oladimi?

O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromad 3,7 ming dollarga yetdi

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 3,7 ming dollarni tashkil qilgan. 20 yil oldingi raqam bilan solishtirganda bu katta o‘sish. 2005-yilda ko‘rsatkich atigi 520 dollar edi.

Bu yerda 3,7 ming dollarni har bir o‘zbekistonlik yiliga shuncha pul topadi, deb tushunmaslik kerak. Bu o‘rtacha ish haqi ham emas. Yalpi milliy daromad mamlakat aholisi va biznesi tomonidan yaratilgan daromadlarni hisobga olib, aholi soniga nisbatan chiqariladigan iqtisodiy ko‘rsatkich.

Jahon banki buni hisoblashda “Atlas” usulidan foydalanadi. Unda valyuta kursining bir kunlik yoki bir yillik keskin o‘zgarishi emas, oldingi yillardagi kurs va inflyatsiya ham hisobga olinadi. Shu tariqa turli davlatlarni bir-biri bilan solishtirish osonroq bo‘ladi.

O‘zbekiston hali o‘rtachadan past daromadli davlatlar qatorida

3,7 ming dollarlik ko‘rsatkich sezilarli o‘sish bo‘lsa-da, O‘zbekiston hali Jahon banki tasnifida o‘rtachadan past daromadli mamlakat hisoblanadi.

2025-yilgi mezon bo‘yicha aholi jon boshiga daromadi 1,2 ming dollargacha bo‘lgan davlatlar past daromadli hisoblangan. 1,2 mingdan 4,6 ming dollargacha bo‘lganlar o‘rtachadan past, 4,6 mingdan 14,4 ming dollargacha bo‘lganlar esa o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritilgan. 14,4 ming dollardan yuqori ko‘rsatkichga ega mamlakatlar yuqori daromadli guruhga kiradi.

O‘zbekiston 3,7 ming dollar bilan keyingi bosqichga yaqinlashmoqda. Markaziy Osiyoda Qirg‘iziston va Tojikiston ham O‘zbekiston bilan bir guruhda. Qozog‘iston va Turkmaniston esa bir pog‘ona yuqorida.

Markaziy Osiyoda Qozog‘iston hammadan oldinda

Markaziy Osiyodagi besh davlatni solishtirganda katta farq ko‘rinadi. Aholi jon boshiga yalpi milliy daromad bo‘yicha Qozog‘iston mintaqada birinchi o‘rinda. U yerda bu ko‘rsatkich 13,7 ming dollar.

Keyingi o‘rinda 6,3 ming dollar bilan Turkmaniston turibdi. O‘zbekiston 3,7 ming dollar bilan uchinchi, Qirg‘iziston 2,8 ming dollar bilan to‘rtinchi, Tojikiston esa 2,1 ming dollar bilan beshinchi o‘rinda.

Demak, Qozog‘istondagi ko‘rsatkich O‘zbekistondagidan qariyb 3,7 baravar katta. O‘zbekiston Turkmanistondan ham ortda, biroq Qirg‘iziston va Tojikistondan yuqorida turibdi.

20 yil oldin O‘zbekistondagi ko‘rsatkich atigi 520 dollar edi

2005-yilda O‘zbekistonning iqtisodiy holati hozirgidan ancha boshqacha edi. O‘sha paytda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 520 dollar bo‘lib, mamlakat Jahon bankining past daromadli davlatlar guruhiga kirardi.

Oradan 20 yil o‘tib, ko‘rsatkich 3,7 ming dollarga chiqdi. Ya’ni nominal hisobda yetti baravardan ko‘proq oshgan. O‘zbekiston ham past daromadli davlatlar guruhidan chiqib, o‘rtachadan past daromadli mamlakatlar qatoriga ko‘tarilgan.

Bu davrda Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarda ham o‘sish kuzatilgan. Mintaqadagi barcha besh mamlakat 20 yil ichida Jahon banki daromad tasnifida kamida bir pog‘ona yuqoriga chiqqan.

Oxirgi besh yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan tezroq o‘sdi

So‘nggi besh yillik raqamlar O‘zbekiston uchun yanada qiziq. 2020-yildan 2025-yilgacha Qozog‘istonda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 64 foizga oshgan. O‘zbekistonda esa o‘sish 75,6 foizni tashkil qilgan.

Faqat 2025-yilning o‘zini olsak ham, O‘zbekistonning o‘sish sur’ati yuqori. Qozog‘istonda ko‘rsatkich bir yil ichida 13,6 foizga, O‘zbekistonda esa 15,8 foizga ko‘tarilgan.

Tezroq o‘sayotgan bo‘lsa ham, farq nega kattalashmoqda?

Bir qarashda g‘alati holat: O‘zbekiston Qozog‘istondan tezroq o‘smoqda, lekin ular o‘rtasidagi pul hisobidagi farq kamayish o‘rniga kattalashgan. 2024-yilda farq 8,9 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 10,1 ming dollarga yetgan.

Buning sababi Qozog‘iston ancha yuqori ko‘rsatkichdan o‘sayotganida. Oddiy misol: 100 dollar 20 foizga oshsa, 120 dollar bo‘ladi. 1 000 dollar atigi 10 foizga oshsa ham, 1 100 dollarga yetadi. Birinchi holatda foiz yuqori, ammo ikkinchisida qo‘shilgan pul ko‘proq.

O‘zbekistonda aholi sonining tez o‘sishi ham aholi jon boshiga ko‘rsatkichga ta’sir qiladi. Iqtisodiyot o‘sgan sari bu o‘sish ko‘payib borayotgan aholiga ham taqsimlanadi. Shu sabab O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan farqni qisqartirishi uchun shunchaki tezroq emas, ancha uzoq vaqt davomida yuqori sur’atda o‘sishi kerak bo‘ladi.

Qozog‘iston iqtisodiyoti O‘zbekistondagidan ikki baravardan katta

Mamlakatlarning umumiy iqtisodiy hajmini solishtirganda ham Qozog‘iston yetakchilik qiladi. Uning yalpi ichki mahsuloti 306,2 milliard dollarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 147 milliard dollar.

Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston 49,8 milliard, Qirg‘iziston 22,6 milliard va Tojikiston 17,7 milliard dollar bilan turibdi.

Markaziy Osiyodagi besh davlat iqtisodiyotini qo‘shganda qariyb 543,4 milliard dollar chiqadi. Shuning 56 foizdan ortig‘i Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Qozog‘iston va O‘zbekistonni birga olsak, ular butun Markaziy Osiyo iqtisodiyotining 83 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

O‘zbekistonga keyingi bosqich uchun yana qariyb 900 dollar kerak

O‘zbekiston uchun yaqin maqsadlardan biri o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirish. 2025-yilgi chegaraga qaralsa, buning uchun aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 4,6 ming dollardan yuqori bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonning hozirgi ko‘rsatkichi 3,7 ming dollar. Oddiy hisobda keyingi guruhga chiqish uchun qariyb yana 900 dollar kerak.

Lekin bu chegara bir joyda turmaydi. Jahon banki davlatlarni guruhlarga ajratishda foydalanadigan daromad chegaralarini har yili yangilab boradi. Shu sabab O‘zbekiston 4,6 ming dollarga yetgan paytda talab qilinadigan ko‘rsatkich ham yuqorilab ketgan bo‘lishi mumkin.

Dunyoda Shveysariya 110 ming dollardan oshgan

O‘zbekistonning 3,7 ming dollarlik natijasini dunyoning eng boy mamlakatlari bilan solishtirganda farq juda katta. 2025-yilda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad bo‘yicha Shveysariya 110,3 ming dollar bilan eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.

Norvegiyada bu raqam 97,3 ming, Lyuksemburgda 95,7 ming, Islandiyada 89,2 ming, AQSHda esa 88,8 ming dollarni tashkil qilgan. Irlandiya, Singapur, Daniya, Qatar va Niderlandiya ham yuqori o‘rinlarda. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 14,2 ming dollar atrofida.

Markaziy Osiyo 20 yil ichida bir pog‘ona yuqoriladi

20 yil oldin mintaqadagi vaziyat bugungidan ancha boshqacha edi. 2005-yilda Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtachadan past daromadli davlatlar hisoblangan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa past daromadli mamlakatlar qatorida edi.

2025-yilga kelib Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtachadan yuqori daromadli davlatlar guruhiga ko‘tarildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa past daromadli guruhdan chiqib, o‘rtachadan past daromadli mamlakatlar qatoriga o‘tdi.

O‘zbekistonning so‘nggi besh yildagi o‘sish sur’ati mintaqadagi eng qiziq ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib turibdi. Ammo endi asosiy masala faqat iqtisodiyotning qancha o‘sishida emas. Bu o‘sish odamlarning daromadi, ish o‘rinlari va turmush darajasida qanchalik sezilishida ham. O‘zbekiston yuqori o‘sish sur’atini uzoq vaqt saqlab qola olsa, keyingi daromad guruhiga chiqish va mintaqadagi yetakchilar bilan farqni asta-sekin qisqartirish imkoniyati oshadi.


Теги :
Jamiyat