$
 12137.86
-53.44
 14379.72
-85.26
 158.13
-0.38
weather
+26
Кечаси   +14°

308 nafar milliarder 118 ta davlatdan ko‘ra ko‘proq tabiatni zaharlayapti

Iqlim

Dunyo bo‘ylab oddiy odamlarga har doim bir xil chaqiriq yangraydi – kamroq uching, kamroq iste’mol qiling, chiroqni o‘chiring. Ammo o‘tgan yili e’lon qilingan yirik ilmiy hisobot shuni ko‘rsatadiki, iqlim inqirozi faqat kundalik odatlar bilan izohlanmaydi. Masala ancha chuqurroq, u boylik, mulk va sarmoya bilan bog‘liq. World Inequality Lab tomonidan “Climate Inequality Report 2025” nomli hisobotida iqlim o‘zgarishi va global boylik tengsizligi o‘rtasidagi bog‘liqlik ilk bor bu darajada tizimli tahlil qilindi.

Iste’mol emas, egalik asosiy omil

Hisobotning eng muhim xulosasi shundan iboratki, iqlim siyosati faqat odamlarning shaxsiy iste’moliga qarab baholansa, real manzara to‘liq ko‘rinmaydi. Chunki katta emissiyalar ko‘pincha boy qatlam egalik qiladigan kapital va aktivlar orqali yuzaga keladi.

Tadqiqotga ko‘ra, dunyoning eng boy 1 foiz aholisi iste’molga asoslangan hisob-kitobda global chiqindilarning taxminan 15 foiziga javobgar. Ammo emissiyalar kapital egaligi — ya’ni kompaniyalar, sanoat va investitsiyalar orqali hisoblanganda bu ulush 41 foizga yetadi. Bu degani, boy qatlamning haqiqiy ta’siri iste’mol statistikalarida ko‘ringanidan ikki-uch baravar yuqori.

Shu bilan birga, hisobotda dunyodagi eng boy 10 foiz aholining barcha aktivlarning qariyb to‘rtdan uch qismini egallagani qayd etiladi. Bu esa emissiyalarni keltirib chiqaradigan asosiy iqtisodiy qarorlar juda kichik guruh qo‘lida ekanini anglatadi.

Parij kelishuvi va davom etayotgan qazib olish loyihalari

Hisobotda alohida urg‘u berilgan yana bir jihat — Parij kelishuvi yangi qazib olish loyihalarini to‘xtatish zarurligini bildirsa-da, amalda kapital oqimi davom etmoqda. 2025-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 200 dan ortiq yangi yoki kengaytirilayotgan neft va gaz loyihalari hamda 850 dan ortiq ko‘mir konlari ishlab chiqish yoki tasdiqlash bosqichida.

Bu loyihalar ortida yirik investorlar turadi. Demak, iqlim inqirozini kuchaytirayotgan jarayon faqat energiya iste’moli emas, balki kapitalning qayerga yo‘naltirilayotganidir.

Yashil o‘tish ham tengsizlikni kuchaytirishi mumkin

Hisobot mualliflari yana bir muhim ogohlantirishni ilgari suradi. Agar kelajakdagi past-uglerodli iqtisodiyotga o‘tish jarayoni asosan boy qatlam egaligidagi investitsiyalar orqali moliyalashtirilsa, 2050 yilga borib eng boy 1 foizning global boylikdagi ulushi 38,4 foizdan 46 foizgacha oshishi mumkin. Aksincha, agar o‘tish jarayoni progressiv soliqlar va ommaviy egalik mexanizmlari orqali moliyalashtirilsa, bu ulush 26 foizgacha tushishi mumkin. Ya’ni “yashil iqtisodiyot” ham adolatli qurilmasa, yangi boylik konsentratsiyasiga olib kelishi mumkin.

Raqamlarning real ta’siri

2025-yilda Oxfam tomonidan e’lon qilingan “Climate Plunder” hisobotida iqlim tengsizligining real oqibatlari ko‘rsatib berildi. Dunyoda harorat 1,5°C dan oshib ketmasligi uchun insoniyat qancha karbonat angidrid(CO2) chiqarishi mumkinligi bo‘yicha “limit” bor. Buni uglerod byudjeti deyiladi. Hisobotga ko‘ra, agar yer yuzidagi hamma odam eng boy 1 foiz odamlar kabi ko‘p CO2 chiqarganida butun insoniyat uchun ajratilgan o‘sha “limit” atigi uch oydan ham kam vaqt ichida tugab qolardi. Ya’ni, eng boy 1 foizning yashash darajasi butun dunyo uchun barqaror emas. Agar hamma shunday yashasa, iqlim maqsadi juda tez buziladi.

Shuningdek, 2019-yilda eng boy 1 foiz tomonidan chiqarilgan emissiyalar kelgusi asr davomida 1,3 million issiqlik bilan bog‘liq o‘limlarga sabab bo‘lishi mumkinligi, hosil yo‘qotishlari esa har yili 14,5 million insonni oziqlantirishga yetadigan mahsulot hajmiga teng ekani qayd etilgan. 2050-yilgacha iqtisodiy zarar 44 trillion AQSh dollariga yetishi mumkinligi baholangan.

Yana bir keskin fakt, 2024-yilda 308 nafar milliarderning investitsiya portfellari 586 million tonna CO2 ekvivalent emissiyaga teng bo‘lgan — bu 118 ta mamlakatning umumiy chiqindisidan ko‘proq.

Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, iqlim inqirozi statistik abstraksiya emas, balki ochlik, iqtisodiy yo‘qotish va inson hayoti bilan bevosita bog‘liq masaladir.

Hisobot qanday yechimlarni taklif qiladi?

World Inequality Lab hisobotida uch asosiy yo‘nalish ilgari suriladi: yangi qazib olinadigan yoqilg‘i investitsiyalarini to‘xtatish, aktivlarning uglerod tarkibiga soliq joriy etish va davlat boshchiligidagi yirik dekarbonizatsiya investitsiyalarini kengaytirish.

Bu yondashuv iqlim siyosatini shaxsiy odatlardan ko‘ra tizimli iqtisodiy tuzilmalarga qaratadi. Hisobotning markaziy g‘oyasi shuki: iqlim inqirozini hal qilish uchun mulk va kapital masalasini chetlab o‘tib bo‘lmaydi.

Masala — iqtisodiy kuch kimning qo‘lida ekani

2025-yilgi Iqlim tengsizligi hisoboti shuni aniq ko‘rsatadiki, iqlim o‘zgarishi hamma tomonidan teng darajada yaratilmayapti va uning og‘ir oqibatlari ham teng taqsimlanmayapti. Eng katta emissiyalar ko‘pincha eng katta boylik egalari bilan bog‘liq. Shunday ekan, muammo faqat plastik paket yoki shaxsiy avtomobil emas. Masala — iqtisodiy kuch kimning qo‘lida ekani va u qaysi yo‘nalishga ishlatilayotganida.

Iqlim inqirozi endi faqat ekologik muammo emas. U tengsizlik, adolat va global iqtisodiy tizim masalasiga aylangan.

Теги :
Jamiyat