$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻtgan yilda internet tarmog‘ini eng ko‘p uzib qo‘ygan mamlakat qaysi?

internet

İjtimoiy tarmoqlarni bloklash nafaqat inson huquqlarining poymol etilishiga olib keladi, balki iqtisodiyotga yaxshigina zarar keltiradi ham. Xoʻsh, oʻtgan yilda bunday cheklovlar qaysi mamlakatlarda koʻproq qoʻllanildi?

Internet tarmog‘ini eng ko‘p uzib qo‘ygan yoki bloklagan mamlakatlar

Statista manbasi 2023-yilda internet tarmog‘ini eng ko‘p uzib qo‘ygan yoki bloklagan mamlakatlar ro‘yxatini eʼlon qildi. Ushbu ro‘yxat yil davomida sodir bo‘lgan maqsadli tarmoq uzilishlari va ulardan zarar ko‘rgan oddiy aholi miqdorini mutanosib tarzda aks ettiradi.

Bloklashga sabab nima?

Statistikada keltirilishicha, internetni bloklash bilan bog‘liq holatlarning ko‘pchiligi, asosan, fuqaroviy tartibsizlik va hukumatga qarshi norozilik holatlari yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilgan. Hukumatlar maʼlumotlar oqimini uzib qo‘yish orqali norozi kayfiyatdagi fuqarolarni oshiqcha hissiyotga berilishdan qaytarishga uringan.

Eng yuqori oʻrinda Hindiston

Manbaga ko‘ra, 2023-yilda Hindistonda hukumat tomonidan internet o‘chirib qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlar oqibatida fuqarolar umumiy hisobda 470 milliard soatdan ortiq vaqt global tarmoqdan uzilgan. Internetni bloklash bo‘yicha Hindiston reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan. Uzilishlar asosan, Rajaston va Dehlida yuzaga kelgan fermerlar namoyishi davomida maqsadli amalga oshirilgan.

Myanma ikkinchi

Statistikada Myanma Hindistondan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. 2023-yilda bu mamlakatdagi internet uzilishlari umumiy hisobda 444,8 milliard soat davom etgan. Hukumat mamlakatning ayrim qismlarida emas, balki butun Myanmada internetni o‘chirish yo‘lidan borgan. Shu yo‘l bilan rasmiylar xalq g‘alayonlarining oldini olishga uringan.

Nisbatan past koʻrsatkichlar 

Shuningdek, o‘tgan yil davomida bloklanishlar Efiopiyada 444,3 milliard, Eronda 442,8 milliard , Rossiyada 152,9 milliard va Tanzaniyada 107,5 milliard soat davom etgan. 

Manbada qayt etilishicha, internet uzilishi oqibatlari bilan bog‘liq nisbatan past ko‘rsatkich Senegal va Ozarbayjonda kuzatilgan. 2023-yilda Senegalda 31,6 milliard va Ozarbayjonda 30,1 milliard soat internetsiz o‘tkazilgan.

Internet bloklanishi tufayli eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar 

Top10VPN xalqaro loyihasi hisobotiga ko‘ra, internetning ataylab o‘chirilishi va saytlarning bloklanishi tufayli Rossiya eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 2022-yil yakuniga ko‘ra ham Rossiya ushbu ro‘yxatda birinchi bo‘lgan edi.

2023-yilda internet tarmog‘ining o‘chirilishi va bloklanishidan jahon iqtisodiyotiga yetkazilgan jami zarar 9,01 milliard dollarga baholanmoqda. Rossiyadan keyin eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlar ichida Efiopiya (1,59 milliard dollar), Eron (920,3 million dollar), Myanma (859,4 million dollar) va Hindiston (585,4 mln. dollar) bor.

Oʻzbekiston reytingda yoʻq 

O‘zbekiston 2023-yilgi reytingda qayd etilmadi. 2022-yilgi reytingda esa 5-o‘rindan joy olib, moliyaviy zarar miqdori 219,7 mln dollarga teng bo‘lgan edi.

Maʼlumot uchun: Top10VPN 2019- yildan beri Jahon banki, Xalqaro elektr aloqa ittifoqi, Yevrostat ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar asosida internetning o‘chirilishi, sekinlashtirilishi va bloklanishi natijasida iqtisodiyotga yetkazilgan zararni hisoblab keladi.