$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Keyingi yilda 100 ming gektar yer 200 ming oilaga ijaraga beriladi

yer

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, 2025-yilda 100 ming gektar yer 200 ming oilaga ijaraga berilishi moljallanmoqda..

Aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun 46,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi

Ma’lum qilinishicha, 2021-2024-yillarda 260 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 863 mingdan ortiq fuqarolarga tanlov asosida bo‘lib berilgan. Bu orqali 2 milliondan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.

2025-yilda esa 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Bu ishlar uchun 46,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Qolaversa, 100 ming gektar yer dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etish uchun 200 ming kambag‘al oilaga ijaraga beriladi. 

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishda deputatlar o‘z okruglarida faol ishtirokchi va targ‘ibotchi bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligida eksport hajmi 10 milliard dollardan iborat bo‘lishi ta’minlanadi

Shuning bilan birga, qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, avvalo, meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratish orqali importni 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturlar ijrosini ta’minlashda deputatlik korpusi oldida turgan muhim vazifalarga e’tibor qaratildi. 

Deputatlarning takidlashlaricha, bu orqali qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, sohada eksport hajmi 10 milliard dollardan iborat bo‘lishi ta’minlanadi. 

Shuningdek, prezidentning kelgusi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun 5 trillion so‘m, kanallarni betonlash uchun 800 milliard so‘m yo‘naltirilishiga oid taklifi nihoyatda dolzarb ekani e’tirof etildi. 

Yig‘ilish so‘ngida qo‘mita oldida turgan vazifalar belgilab olindi.